Amerika Kengashlarining Toshkent shahridagi vakolatxonasida trening

26 iyul kuni Amerika Kengashlarining Toshkent shahridagi vakolatxonasida FLEX va USG bitiruvchilari ishtirokida mini-trening bo’lib o’tdi. Unda Toshkent shahridagi «Sharoit Plyus» nogironlar jamoat birlashmasi asoschisi va raisi, tengdosh maslahatchisi, mustaqil yashash va nogironlik bo’yicha trener Muhabbat Rahimova va Buyuk Britaniyaning Sasseks Universiteti Rivojlanish tadqiqotlari institutining ilmiy hodimi, O’zbekistonda nogironlik huquqlari va ularning ijtimoiy moslashuvi targ’ibotchisi Dilmurod Yusupovlar ma’ruza qilib qatnashchilar bilan birgalikda kichik trening mashg’ulotlarini olib borishdi.

  

Trening O’zbekiston nogironlarining ijtimoiy moslashuvi va jamiyatdagi o’rniga bag’ishlandi. Tadbirda bitiruvchilar tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuv haqida ko’proq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo’lishdi. Ular har bir yondashuvning kamchiliklari va yutuqlarini bilib oldilar. Mini-trening nogironlar hayotiga chuqurroq kirib borish, ularning ehtiyojlari, xohish-istaklari va hayotga bo’lgan munosabatlarini anglash imkonini berdi.

Rasmiy taqdimot va savol-javoblarga boy faol mashg’ulotlardan so’ng bitiruvchilar mavzuni guruh munozaralarida yengil tamaddi qilib davom ettirishdi.