Iyul 7, 2024 | Loyihalar
Tashkilotimiz tomonidan amalga oshirilayotgan www.ishplus.uz loyihasi doirasida 2021-yildan boshlab mahsus rekruting veb-portalimiz orqali ish topgan nogironligi bo‘lgan fuqarolarning mehnat sharoitlari monitoring qilib borilmoqda. Biroq ish bilan ta’minlanganlar taklif qilingan ishdan bosh tortib, turli sabablarga ko‘ra ishni tark etish holatlari uchrab turishi qayd etildi. Ushbu yangi loyiha shunday muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Tahlillarimizga ko‘ra, 01.01.2023 yildan 25.12.2023 yil oxirigacha loyiha doirasida 160 nafar turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar ish bilan ta’minlandi. Shundan 49 nafar ish izlovchi bilan rasmiy mehnat shartnomasi tuzilgan. 91 nafar ish izlovchi turli sabablarga ko‘ra o‘z ishini tashlab ketgan. Bunday muammolarning aksariyati nogironlarning o‘z mehnat huquqlarini bilmasligi, shuningdek, ushbu shaxslarning mehnatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan mentorlik dasturining yo‘qligi tufayli yuzaga keladi. Shu munosabat bilan, tashkilot ishga joylashayotganlarning kelajakdagi taqdiri va ish beruvchi tomonidan yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot to‘plash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishi kerak. Ish beruvchilar bilan turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularni mehnat huquqlari to‘g‘risida xabardor qilish masalalari bo‘yicha ish beruvchilar bilan ishlash zarur.
Loyiha haqida qisqa ma’lumot
Loyiha nomi: Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ixtisoslashtirilgan mentorlik dasturi orqali ochiq mehnat bozorida inklyuziv bandligini ta’minlash
Loyiha donori: AQSH Davlat Departamentining Demokratiya, Inson Huquqlari va Mehnat Byurosi (DRL) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Aholining ijtimoiy zaif qatlamalarining mehnat huquqlarini mustahkamlash va ish bilan ta’minlash hamda transformative iqtisodiy islohotlarni rag’batlantirish uchun fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirish” loyihasi
Loyiha umumiy budjeti: 142 650 795 so‘m
Loyiha davomiyligi: 7 oy (2024-yil 3-iyuldan 2025-yil 3-fevralgacha)
Loyihani tashkiliy-uslubiy jihatdan ta’minlab borish uchun milliy hamkor: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Loyihaning maqsadi
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga bandlik masalalari bo‘yicha huquqiy maslahatlar berish, bandlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yordam berish.
Loyihaning vazifalari
- Nogironlarning mehnat huquqlari bo‘yicha huquqiy maslahatlar berish mexanizmini ishlab chiqish;
- Ularning inklyuziv bandligini ta’minlashga qaratilgan ixtisoslashtirilgan mentorlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Ochiq mehnat bozorida nogironligi bo‘lgan shaxslar duch keladigan huquqiy va boshqa to‘siqlarni o‘rganish uchun yakuniy hisobot sifatida konstruktiv tadqiqot (tadqiqot hisoboti) orqali amalga oshirilayotgan loyihani monitoring qilish va baholash.
Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar:
- turli xil shakldagi nogironligi bo‘lgan kamida 125 nafar shaxsga mehnat masalalari bo‘yicha ikkilamchi chuqur huquqiy maslahatlar berish;
- inklyuziv mentorlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish, uning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va mehnatga tayyorligini oshirish, eshitishda nuqsoni bo‘lgan ish izlovchilarga ko‘proq e’tibor qaratish;
- turli xil shakldagi nogironligi bo‘lgan kamida 35 nafar shaxsni ishga joylashtirish bo‘yicha maslahatlar berish, eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga e’tiborni kuchaytirish;
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov (e-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva (e-mail: i.narziyeva@sharoitplus.uz)
Loyihaga quyidagi mutaxassislar jalb qilinadi:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari bo‘yicha huquqshunos-maslahatchi
- Inklyuziv mentorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha kadrlar bo‘yicha (HR) maslahatchisi
- O‘zbek imo ishora tili tarjimoni
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: sharoitplus@gmail.com
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizni homiylik yoki volontyor bo‘lish orqali qo‘llab-quvvatlang.
Surat: Alina Olimova
Matn: Dilmurod Yusupov
May 1, 2024 | Loyihalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida Toshkent shahrida turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash va ularni munosib ishga joylashtirishni davom ettiryapmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra 162,2 ming nafar davlat ro‘yxatiga olingan nogironligi bor shaxslar mehnat faoliyatining muayyan turlarini bajarish uchun layoqatga ega. Ammo, Davlat soliq qo‘mitasining jismoniy shaxslar daromad soliqlari bo‘yicha olingan ma’lumotlarga ko‘ra nogironligi bo‘lgan 162,2 ming fuqaroning STIR (INN) bilan solishtirilganda, ulardan atigi 21,1 ming nafarining (13%) ish bilan band ekanligi aytib o‘tildi.
2019 yilda BMTning O‘zbekistondagi vaziyatli tahlili shuni ko‘rsatdiki, mehnatga layoqatli yoshdagi (Mehnatga layoqatli yosh erkaklar uchun 16-59 yosh va ayollar uchun 16-54 yosh deb belgilangan) nogironligi bor shaxslar soni 346084 qishini tashkil qilib, ularning atigi 7,1% rasmiy ravishda ish bilan ta’minlangan. Nogironligi bor shaxslarning ish topish ehtimoli nogironligi bo‘lmagan shaxslarga qaraganda qariyb 4 baravar kamroq. Shu bilan birga, qishloq joylarda nogironlarning atigi 5,8% ish bilan ta’minlangan bo‘lib, nogironligi bor ayollarning ahvoli erkaklarnikiga qaraganda ancha yomonroq: ayollarning atigi 4,4% va erkaklarning 8,9% ish bilan ta’minlangan.
Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning atigi 2% ish bilan ta’minlangan. Ya’ni, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy himoya qilishning eng dolzarb va o‘z yechimini kutayotgan muammolardan biri bu ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va ochiq mehnat bozorida ishga joylashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Ushbu loyihani ishlab chiqish zarurati mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar ochiq mehnat bozorida turli xil to‘siqlarga uchrayotganligi tufayli paydo bo‘ldi. Afsuski, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash borasida qabul qilingan qonun va normativ hujjatlar amalda samarasiz bajarilyapti. Masalan, «xodimlarining soni yigirma kishidan ortiq bo‘lgan korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironlarni ishga joylashtirish uchun xodimlar sonining kamida uch foizi miqdorida ish joylarining eng kam sonini belgilaydi va zaxirada saqlaydi» . Ammo, amalda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3% kvota ishlamayapti va ko‘p korxonalar bundan bexabar.
Bundan tashqari, aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari amalda samarasiz amalga oshirilib, Soliq kodeksida aks ettirilgan nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida keng jamoatchilik bexabarligicha qolmoqda. Yana bir muhim sabablardan biri, nogironlar jamoat birlashmalari qoshidagi maxsus o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning barchasini munosib ish joylari bilan ta’minlayolmayapti. Bu loyihani amalga oshirgandan keyin bir tomondan nogironligi bo‘lgan shaxslar ochiq mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarini topishga ko‘maklashib, ikkinchi tomondan jamoatchilik e’tiborini bu muammoga qaratib uni yechish ko‘zda tutilgan.
Loyiha haqida qisqa ma’lumot
Loyiha nomi: «Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali inklyuziv bandligini ta’minlash»
Loyiha donori: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Loyiha umumiy budjeti: 478 800 000 (To‘rt yuz yetmish sakkiz million sakkiz yuz ming) so‘m
Loyiha davomiyligi: 12 oy (2024-yil 1-maydan 2025-yil 1maygacha)
Loyiha hamkorlari: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari
Loyihaning maqsadi
- ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali va uning mobil ilovasi orqali Toshkent shahrining ochiq mehnat bozorida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish.
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish joyida moslashib ketishiga ko‘maklashish.
- Ishga joylashgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatda mustaqil hayot kechirishlarini qo‘llab-quvvatlash.
Loyihaning asosiy vazifalari
- Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud boʻsh ish oʻrinlarini faol izlash va ularni oʻzbek va rus tillarida ishplus.uz veb-portaliga joylashtirish.
- Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar rezyumelarini sifatli tayyorlash va ular haqida ma’lumotlar bazasini shakillantirib borish. Veb-portalda, shuningdek, boshqa rekruting resurslarida ularga mos bo‘sh ish o‘rinlarini topish, xususiy va davlat sektorlaridagi potensial ish beruvchilar bilan aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish.
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish joyida moslashib ketishiga ko‘maklashish maqsadida ularning mehnat kuzatuvini samarali tashkil etish, monitoring qilish va baholash.
Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar:
- www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalida joylashtirilishi rejalashtirilgan mavjud vakansiyalar haqida ma’lumotar va shu yo‘nalishga qaratilgan tadbirlar ochiq mehnat bozorida ishga joylashish imkoniyatlari haqida tezkor maʼlumotlarni olishga xizmat qiladi. Xususiy va davlat sektoridagi ish beruvchilar bilan muntazam muloqotda bo‘lish ularning munosabatini o‘zgartirishga, ish izlovchi yoshlarning nogironligi bo‘yicha ish o‘rinlarini moslashtirishga xizmat qiladi. Buning natijasida ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan xodimlar mehnat huquqlaridan xabardor bo‘lishi, o‘zaro mehnat munosabatlari mustahkamlanishi va uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzilishi kutilmoqda.12 oy davomida erishilgan samaranning miqdori va sifat ko‘rsatkichlari hamda ta’siri quyidagicha:
- Toshkent shahrida kamida 1000 ta nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ochiq mehnat bozoridagi mavjud vakansiyalarni veb-portalga joylash;
- Toshkent shahrida kamida 1000 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga ochiq mehnat bozorida turli xil rekruting (ishga joylashish) xizmatlarini taqdim qilish;
- Toshkent shahrida kamida 300 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish;
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov (e-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva (e-mail: i.narziyeva@sharoitplus.uz)
Loyiha koordinatorlari:
Mirzo Ulug‘bek Ish Plus ofisi xodimlari Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Mirobod va Bektemir tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishadi:
- Shahodat Yo‘ldosheva — Ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Matluba Abdurahimova — Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Shaxnoza Abduvaliyeva — O‘zbek imo-ishora tili tarjimoni.
Olmazor Ish Plus ofisi xodimlari Olmazor, Shayxontohur, Yunusobod va Uchtepa tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishadi:
- Sarvar Hasanov — Ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Yulduz Nig‘monova — Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Go‘zal Raxmatullayeva — O‘zbek imo-ishora tili tarjimoni.
Yakkasaroy Ish Plus ofisi xodimlari Yakkasaroy, Chilonzor, Sergeli va Yangi Hayot tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishadi:
- Madina Po‘latova — Ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Abdurahmon Akramov — Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Jahongir Tillayev — O‘zbek imo-ishora tili tarjimoni.
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: sharoitplus@gmail.com
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizni homiylik yoki volontyor bo‘lish orqali qo‘llab-quvvatlang.
Apr 14, 2024 | Loyihalar
2023-yil noyabr oyida «SHAROIT PLYUS» vakillari Olmaotada bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyoda nogironligi bo‘lgan shaxslarga iqlim o‘zgarishining ta’sirini yumshatish» (ADCA) dasturi doirasida 4-kunlik treningda faol ishtirok etishgan edi. Tashkilotimiz olingan bilim va ko‘nikmalarni amalda qo‘llash maqsadida dastur doirasida e’lon qilingan grantlar tanlovida ishtirok etdi va o‘z loyihasi bilan g‘olib bo‘ldi.
Loyiha to‘g‘risida qisqa ma’lumot:
Loyiha nomi: «O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha salohiyatini oshirish»
Loyiha donori: AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilgan va Yevroosiyo jamg’armasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyoda nogironligi bo‘lgan shaxslarga iqlim o‘zgarishining ta’sirini yumshatish» (ADCA) dasturi
Loyiha umumiy budjeti: 20 434 AQSh dollari
Loyiha davomiyligi: 6 oy
Loyihani tashkiliy-uslubiy jihatdan ta’minlab borish uchun milliy hamkor: O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti
Loyihaning maqsadi:
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti uchun iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan tabiiy ofatlar paytida turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini samarali bartaraf etish bo‘yicha, mavjud muammolar va imkoniyatlar vaziyat tahlilini qilish orqali tavsiyalar ishlab chiqish. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti va boshqa favqulodda vaziyatlar xizmatlari xodimlarini loyiha doirasida hamkorlikda ishlab chiqilgan trening dasturi orqali malakasini oshirish.
Loyihaning vazifalari:
- Favqulodda vaziyatlar vazirligining amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarini iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarda nogironlarning ehtiyojlari (turli turdagi nogironliklarni hisobga olgan holda) bo‘yicha chuqur vaziyat tahlilini o‘tkazish;
- O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti bilan hamkorlikda iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga oladigan kompleks o‘quv modulini ishlab chiqish;
- Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi mutaxassislar uchun treninglar o‘tkazish;
- O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti, nogironlar jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari va boshqa manfaatdor shaxslar bilan hamkorlikda mavzuga oid milliy forum tashkil etish.
Loyihaning maqsadli auditoriyasi:
- turli shakldagi nogiroligi bo‘lgan shaxslar;
- nogironlar jamoat birlashmalari vakillari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari (NNTlar).
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Ulug‘bek Mamatxanov (e-mail: umamatkhanov@gmail.com)
Loyiha koordinatori: e’lon qilingan vakansiya orqali ishga qabul qilinadi
O‘zbek imo ishora tili tarjimoni: e’lon qilingan vakansiya orqali ishga qabul qilinadi
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva
Loyihaga nogironlik inklyuziyasi va Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining aholiga ta’siri va uni oldini olish bo‘yicha mutaxassislar jalb qilinadi.
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: sharoitplus@gmail.com
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizni homiylik yoki volontyor bo‘lish orqali qo‘llab-quvvatlang.
Fev 21, 2024 | Loyihalar
O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturida Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi g‘olib bo‘ldi.
Ushbu dasturda O‘zbekiston Respublikasi 11 viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 37 ta nodavlat notijorat tashkilotlar (NNTlar) murojaat qildi. Tanlov komissiyasi tomonidan arizalar har tomonlama ko‘rib chiqilgach, 2024-yilda loyiha takliflarini amalga oshirish uchun 9 nafar NNTlar tanlab olingan bo‘lib, tashkilotimiz ham g‘oliblar qatoridan joy oldi.
Kichik grantlar saralab olingan fuqarolik jamiyati tashkilotlariga qimmatli moliyaviy resurslarni taklif etib, ularga oʻz loyihalarini amalga oshirish va ijobiy ijtimoiy oʻzgarishlarga hissa qoʻshish imkoniyatini beradi. Ushbu tashkilotlar ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan aholining huquqlari va ehtiyojlarini himoya qilish va jamiyat rivojlanishini ragʻbatlantirishda muhim rol oʻynaydi. Grantlar xabardorlik kampaniyalari, seminarlar, inson huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va jamoalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy yordam ko‘rsatish kabi bir qator tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ushbu grantlarni taqdim etish orqali dastur O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshadi. Saralangan fuqarolik jamiyati tashkilotlari oʻz loyihalarini amalga oshirish, tegishli manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish va oʻzlarining diqqat markazida boʻlgan sohalarga mazmunli ta’sir koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Loyiha haqida qisqacha ma’lumot
Loyihaning nomi: «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ular uchun qulay formatlarda birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish»
Loyiha donori: O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi
Loyihaning umumiy budjeti: 122 008 000 soʻm
Loyihaning davomiyligi: 01.03.2024 dan 31.08.2024 gacha
Loyihaning milliy hamkorlari: Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) Yuridik klinikasi
Loyiha quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga (shu jumladan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshlarga) birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish;
- huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish (shu jumladan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshlar uchun);
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi to‘g‘risidagi axborotlarni keng tarqatishga qaratilgan bosma va elektron materiallar/nashrlarni tayyorlash va e’lon qilish.
Loyiha maqsad va vazifalarining qisqa tasnifi:
- Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi bilan ijtimoiy hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga maxsus www.huquqplus.uz huquqiy axborot veb-portalining Telegram-boti orqali yuridik yordam ko‘rsatish;
- aqliy va ruhiy nogironligi bo‘lgan, yetarli darajada savodxonlikka ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun elektron huquqiy materiallarni oson o‘qiladigan formatlarda (oson matn) tayyorlash va nashr etishga e’tibor qaratgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish;
- Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi bilan ijtimoiy hamkorlikda turli nogironligi bo‘lgan shaxslarning, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar birlashmalarining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan konferensiyalar o‘tkazish.
Loyiha arizasida ko‘zda tutilgan tadbirlar doirasida qamrab olinadigan maqsadli aholi guruhlari:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’tibor qaratgan holda turli shakldagi nogironligi mavjud bo‘lgan, jumladan, aqliy va ruhiy nogironlikka ega shaxslar;
- turli shakldagi nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari, aqliy va ruhiy nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- nogironlar jamoat birlashmalari vakillari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) hamda aholining o‘z huquqlarini himoya qilishga muhtoj bo‘lgan boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov (e-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)
Loyiha koordinatori: Zafarbek Ergashov (e-mail: z.ergashov@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: huquqplus.uz@gmail.com
Fev 4, 2024 | Loyihalar
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi Yevrosiyo jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar (SICA) Institutsional rivojlanish dasturida (IDP) ishtirok etish uchun tanlandi. Birinchi bosqichda tashkiliy salohiyatimiz baholandi va ikkinchi bosqichda tashkilotimiz xodimlari bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda dasturiy faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadida grant ajratildi.
Institutsional rivojlanish dasturi (Institutional Development Program (IDP)) ham tajribali, ham yosh nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan 10 oylik tashabbusdir. Uning maqsadi ishtirokchilarda moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va ijtimoiy zaif guruhlar ehtiyojlarini samarali ilgari surish ko‘nikmalarini rivojlantirishdir. Dastur NNTlarning tashkiliy salohiyatini baholash, NNT xodimlari uchun individual treninglar, mentorlik va tashkiliy rivojlanish loyihalari uchun grantlar ajratishni o‘z ichiga oladi.
2023-yil sentyabr va oktyabr oylarida SICA eksperti Lola Abdusalyamova tashkilot xodimlari, rahbariyati va maqsadli benefitsiarlari bilan suhbatlar orqali tashkilotimiz institutsional rivojlanish darajasini baholadilar. Tashkilotimizning kuchli va zaif tomonlari aniqlandi va yakuniy institutsional diagnostika hisobotida aks ettirildi. Keyin tashkilotimiz o‘zining kuchli tomonlarini mustahkamlash va zaif tomonlarini yaxshilash maqsadida mutaxassislar bilan rivojlanish rejasini ishlab chiqdi va loyihani ishlab chiqdi.

ALPHA tomonidan xodimlarimiz malakasini oshirish trening jarayonida
Loyihaning nomi: «Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi xodimlarining dasturiy faoliyatini, jamoaviy ruhini va malakasini oshirishni kuchaytirish»
Loyiha donori: AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar” (SICA) dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida
Loyihaning umumiy budjeti: 14,975.03 AQSh dollari
Loyihaning davomiyligi: 6 oy (2024-yil 26-yanvardan 26-iyulgacha)
Loyihaning milliy hamkorlari: O‘zbekiston Respublikasi Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari
Loyiha hamkorlari: ALPHA, Raoul Foundation xalqaro jamg’armasi (Shvetsiya)
Loyihaning maqsadi: 2024-yilning o‘rtalariga qadar strategik va operasion rejalashtirish, monitoring va baholashni takomillashtirish hamda nogironlar uchun inklyuziv bandlikning to‘liq hayotiy sikli bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun www.ishplus.uz loyiha salohiyatini oshirish orqali dasturiy faoliyatini kuchaytirish.

ALPHA treningi davomida guruhlar muhokamasi
Loyihaning vazifalari:
- Boshqaruv a’zolari va tashkilot xodimlarini faol jalb qilgan holda tashkilot missiyasini yangilash va strategik qarashni yaratish. Tashkilot boshqaruvi a’zolari va xodimlari strategik rejalashtirish, yumshoq ko‘nikmalar (soft skills) vaqt menejmenti, munozara holatlarini boshqarish, stress menejmenti, samarali muloqot, hissiy intellekt, samarali murabbiylik, loyihalarni boshqarish va rejalashtirish, monitoring, nazorat va loyiha yakuni, risklarni boshqarish, moslashuvchan boshqarish usullari kabi mavzularda malaka oshirish kurslari va treninglardan o‘tadilar;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan ijtimoiy hamkorlikda www.ishplus.uz loyihasining maqsadli guruhiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida xodimlarni kasbiy tayyorlash orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan inklyuziv bandlik xizmatini takomillashtirish;
- Ixtisoslashgan rekruting veb-portalimiz xizmatlaridan foydalangan holda nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, monitoring qilish va baholash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Ish Plus” loyihasining bek ofisida CRM-HR ma’lumotlar bazasini integratsiyalash.

ALPHA treningida strategik reja ishlab chiqish jarayoni
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Muxabbat Raximova (e-mail: m.rakhimova@sharoitplus.uz)
Loyiha koordinatori: Sofiya Akramova
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: m.rakhimova@sharoitplus.uz
Yan 22, 2024 | Loyihalar
Surat muallifi: ArlanPhoto
Oʻzbekistondagi ochiq mehnat bozorda nogironligi bo‘lgan yoshlarning qobiliyati, bilim va ko‘nikmalariga ish beruvchilar tomonidan ishonchsizlik hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Nogironligi bo‘lgan yoshlarga aksariyat hollarda past malakali, jismoniy mehnatni talab qiluvchi ishlarni taklif qilishadi. Ular uchun maxsus kasb-hunar kollejlarida esa hozirgi zamon talablariga mos keladigan kasblarga o‘qitish ommalashmagan.
Aksariyat nodavlat taʼlim muassasalarida nogironligi bo’lgan yoshlar uchun sharoitlar mavjud emasligi va u yerda taklif qilinayotgan zamonaviy kasb-hunar kurslari xarajatlarini qoplashga mablag‘ yetishmayotganligi sababli ko‘plab nogironligi boʻlgan yoshlar turli xil to‘siqlarga duch kelayotgani barchamizga ma’lum.
Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun kreativ industriya sohalarida kasb-hunar kurslarni tashkil etish loyihasi Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi moliyaviy koʻmagi asosida amalga oshirilishi ko’zda tutilgan.
Loyihaning maqsadi — nogironligi boʻlgan yoshlarning kreativ qobiliyatlarini rivojlantiradigan zamon bilan hamnafas kasblarga oʻqitish. Uch oy davom etadigan ijtimoiy media marketingi (SMM), fotografiya va videomontajni oʻrgatishga qaratilgan kurslarni ishlab chiqish va tashkil etishdan iborat.
Loyiha nomi: «Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun kreativ industriya yoʻnalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish»
Loyiha donori: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi
Loyihaning byudjeti: 393 473 074 so‘m
Loyiha muddati: 1 yil (2023-yil 28-sentyabrdan 2024-yil 31-dekabrgacha)
Loyiha hamkorlari: (ma’lumot toʻldirib boriladi)
Loyihaning maqsadini belgilaydigan beshta asosiy vazifa:
- Nogironligi bo‘lgan yoshlarga ularning ehtiyojlariga moslashtirilgan kasbiy taʼlim tajribasini taqdim etish – bugungi raqamli jamiyat uchun muhim sohalarda, xususan, ijtimoiy media marketingi (SMM), fotografiya va videolarni tahrirlash bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam berish. Olingan bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash uchun amaliyotlarni tashkil etish;
- Ochiq mehnat bozorida ishga joylashish imkoniyatlarini oshirish – ishtirokchilarga ishga joylashish imkoniyatlarini yaxshilaydigan amaliy ko‘nikmalarni berish. Ijtimoiy media marketingi, fotosuratlar va videolarni tahrirlashga eʼtibor qaratish orqali ularga ijodiy sanoat bozoriga mos xizmatlar taqdim etish va shu orqali ularning mehnat bozoriga kirish hamda o‘z imidjlarini oshirish imkoniyatlarini taqdim etish;
- Raqamli inklyuziyani targ‘ib qilish – ushbu tashabbus raqamli inklyuziyaning himoya platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun maxsus kurslar ishlab chiqish orqali raqamli jamiyatda ham taʼlim va professional muhitga qo‘shilish muhimligini kurs tinglovchilariga yetkazish;
- Ijodiy ifodani rivojlantirish – loyiha ishtirokchilarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirishga qaratilgan. Fotosurat va videoni tahrirlash kurslari orqali nogironligi bo‘lgan yoshlarda muvaffaqiyat va o‘ziga ishonch hissini uyg‘otgan holda o‘zlarini ijodiy qobiliyatlarini namoyot eta olishlari uchun platforma taqdim etish;
- Mentorlik va qo‘llab-quvvatlash – loyihada ko‘nikmalar o‘zlashtirishdan tashqari, ishtirokchilar tajriba almashishlari, doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishlari mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovchi hamjamiyatni yaratish ko‘zda tutilgan. Jamoaviy rivojlanishga yo‘naltirilgan ushbu jihat uch oylik dasturdan tashqari doimiy qo‘llab-quvvatlashni taʼminlash, doimiy o‘sish uchun kuchli aloqalarni o‘rnatish va resurslarni yaratishga qaratilgan.
Ushbu loyiha maqsadi ko’p qirrali bo‘lib, belgilangan uch oylik muddatda ko‘nikmalarni rivojlantirish, ishga joylashish, raqamli inklyuzivlikni rag’batlantirish va inklyuziv kreativ jamiyatni shakllantirishni o‘z ichiga oladi.
Kurslarda ishtirok etish MUTLAQO BEPUL, ishtirokchilar TANLOV asosida qabul qilinadi.
*Ushbu loyihaga qabul tez orada boshlanadi! Loyiha haqidagi barcha yangiliklarni rasmiy ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali kuzatib borishingiz mumkin.
Loyiha koordinatori: Mohistara Muhammadyunusova (E-mail: m.muhammadyunusova@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva
Kurslar kuratorlari va ularning yordamchilari: (vakansiyalar e’lon qilinadi)
Imo ishora tili tarjimoni: (vakansiya e’lon qilinadi)
Loyiha bo‘yicha savol va takliflaringizni sharoitplus@gmail.com elektron manziliga yuboring.
Agar siz ushbu loyihani amalga oshirishga hissa qo‘shmoqchi bo‘lsangiz Click, Payme yoki Payze onlayn to‘lov tizimlari yoki ko‘ngilli (volontyor) bo‘lish orqali bizni qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/