Nogironligi bo‘lgan qizlar va ayollarni gender zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi qo‘llanma taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Nogironligi bo‘lgan qizlar va ayollarni gender zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi qo‘llanma taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2026-yil 24-fevral kuni nogironligi bo‘lgan qizlar va ayollar uchun «Zo‘ravonlik nima? Undan o‘zingni qanday himoya qilishing mumkin?» deb nomlangan qo‘llanma taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga qulaylik yaratish maqsadida Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etish imkoniyati ham taqdim etildi. Uchrashuv O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) vakillari Dilora G‘aniyeva – Gender masalalari va ijtimoiy me’yorlarni o‘zgartirish bo‘yicha milliy dastur mutaxassisi va Shavkat Yarmuxamedov – Nogironligi bo‘lgan shaxslar inklyuziyasi bo‘yicha mutaxassis kirish so‘zlari bilan ochib berildi.

Tadbir doirasida UNFPA eksperti Dildor Amirkulova «Zo‘ravonlik jabrlanuvchilari uchun inklyuziv xizmatlar» mavzusida taqdimot qildi. Taqdimotda turli xil nogironligi bor jabrlanuvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘p qirrali bo‘lishi va bevosita ayollarning o‘ziga xos ehtiyojlariga yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, jamiyatdagi kamsitishlar natijasida zo‘ravonlik holatlarining yashirin qolishi («ko‘rinmasligi») va ayollarning «ovozsizligi» eng jiddiy muammolardan biri sifatida ta’kidlandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi platformasi orqali 1500 nafar ijtimoiy xodimlar uchun maxsus onlayn kurslar joriy etildi.

Zo‘ravonlik holatlarini aniqlashda mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalari va gender masalalariga sezgirligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Taqdim etiladigan yordam va xizmatlar paketi har bir insonning nogironlik turidan kelib chiqqan holda, uning maxsus ehtiyojlari asosida shakllantirilishi zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirning ikkinchi qismida nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar uchun «Zo‘ravonlik nima va undan qanday himoyalanish mumkin?» nomli qo‘llanmaning dastlabki taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu qo‘llanma nogironlik inklyuziyasi bo‘yicha mutaxassis va NJB «SHAROIT PLYUS» Loyihalar rahbari Dilmurod Yusupov tomonidan ishlab chiqilgan.

Mazkur qoʻllanmani tayyorlashdan koʻzlangan asosiy maqsad — nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga ularning huquqlari, zoʻravonlikning turli shakllari hamda mavjud himoya mexanizmlari haqida tushunarli va qulay formatlarda ma’lumot taqdim etishdir. Shuningdek, qoʻllanma orqali zoʻravonlikdan jabrlangan ayollar va qizlar uchun amal qilayotgan davlat tizimi va murojaat qilish yoʻllari haqida xabardorlikni oshirish koʻzda tutilgan.

Qoʻllanmaning oʻziga xos jihati shundaki, u keng qamrovli va inklyuziv formatlarda — bosma va elektron shaklda, shuningdek audio, video hamda «Oson matn» formatlarda taqdim etiladi. Bu esa uni turli ehtiyojlarga ega foydalanuvchilar uchun yanada qulay qiladi. Qoʻllanmaning qulay formatlari «PRAXIS PLUS» ijtimoiy korxonasi mutaxassislari Alina Olimova (grafik dizayner), Nafisa Xusnitdinova (illyustrator) va Zarina Latipova (matn tahrirchisi) tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Davra suhbati so‘nggida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in muhokama bo‘lib o‘tdi. Tadbirda nogironligi boʻlgan shaxslar tashkilotlari vakillari, mutaxassislar, nogironligi boʻlgan xotin-qizlar hamda ularning ota-onalari faol ishtirok etdilar. Bildirilgan taklif va tavsiyalar qoʻllanmaning yakuniy tahririni ishlab chiqishda albatta inobatga olinadi.

Mazkur tashabbus UNFPA tomonidan Buyuk Britaniya Hukumatining koʻmagida amalga oshirilmoqda.

Foto: Alina Olimova

Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Joriy yilning 10-dekabr kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ushbu sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh faollar va tashkilotlar orasida NJB «SHAROIT PLYUS» ham taqdirlandi.

Biz uchun quvonarlisi, Toshkent shahar “SHAROIT PLUS” nogironlar jamoat birlashmamiz inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlardagi samarali faoliyati uchun yuksak mukofot — “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

Mukofotni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Saidov Akmal Xolmatovich tantanali ravishda topshirdi. Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi, EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etib, inson huquqlari yo‘lidagi hamkorlikni e’tirof etdilar.

Ushbu yuksak e’tirof “SHAROIT PLYUS” jamoasi uchun nafaqat faxr, balki kelajakdagi faoliyatimiz uchun yanada kuchliroq motivatsiya manbai bo‘ldi. Biz ushbu mukofotni tashkilotimizning har bir a’zosi, ko‘ngillilari va hamkorlarining mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilamiz. Bu ko‘krak nishoni bizga bildirilgan ishonch ramzi bo‘lib, zimamizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.

“SHAROIT PLYUS” NJB o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlaridan og‘ishmaydi. Biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ular uchun jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish va inklyuziv muhitni rivojlantirish borasidagi ishlarimizni yanada shijoat bilan davom ettiramiz. Bunday maqsad va vazifalarimizni amalga oshirish uchun HuquqPlus.uz — Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus huquqiy axborot veb-portalimizni rivojlantiramiz.

Bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha hamkorlarimizga va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ma’lumot uchun: “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2020-yil 22-iyundagi PF-6012-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi 685-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga asosan, har yili inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish hamda sohani rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va tashkilotlar hamda xalqaro tashkilot vakillari taqdirlanadi.

Foto: «SHAROIT PLYUS» NJB va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati

Davlat va huquq instituti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga bag‘ishlangan ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Davlat va huquq instituti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga bag‘ishlangan ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazildi

2025-yil 3-noyabr kuni “Sharoit Plyus” NJB bosh ofisida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining xalqaro va milliy-huquqiy asoslarining qiyosiy tahlili” mavzusida ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Tadbir “O‘zbekiston Milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tadqiq etish va himoya qilish markazini yaratish” tashabbusining bir qismi sifatida tashkil etildi.

Ma’ruza mashg‘ulotlarini Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori Shuxrat Raxmonov olib bordi. Gibrid formatida o‘tgan ushbu tadbirda “Sharoit Plyus” tashkiloti xodimlari, faol a’zolari hamda HuquqPlus.uz loyihasi va Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi volontyorlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajriba, O‘zbekiston qonunchiligidagi yangiliklar va ularning amaliyotga tatbiqi masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi hamda kelgusida ushbu yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. “Sharoit Plyus” NNT tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga va jamiyatda inklyuzivlikni rivojlantirishga xizmat qildi.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda “Sharoit Plyus” NNT o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilayotgani ta’kidlab o‘tildi. Tomonlar ushbu memorandum asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘nalishida hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, 3-dekabr — Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni munosabati bilan mazkur yo‘nalishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Amerika savdo palatasi a’zolari uchun inklyuziv mehnat amaliyotlari mavzusida master-klass o‘tkazildi

Amerika savdo palatasi a’zolari uchun inklyuziv mehnat amaliyotlari mavzusida master-klass o‘tkazildi

Bugun 3-oktyabr 2025-yil Amerika savdo palatasi HR va Korporativ ijtimoiy mas’uliyat qo‘mitalari, Beeline Uzbekistan kompaniyasi «SHAROIT PLYUS» NJB bilan hamkorlikda «Nogironligi bor shaxslar inklyuziv bandligini ta’minlash va ular uchun ish joylarini moslashtirish» mavzusida master-klass o‘tkazildi.

Tadbirda «SHAROIT PLYUS» NJB Loyihalar rahbari Dilmurod Yusupov, PhD, Kengash a’zosi Ulug‘bek Mamatxanov va ijtimoiy korxonamiz «PRAXIS PLUS» MChJ ijrochi direktori Aziz Abdullayev nogironligi bor shaxslarning mehnat qobiliyati haqidagi stereotiplarni yo‘q qilish, ish joylarini moslashtirish bo‘yicha amaliy yechimlar va O‘zbekistonda inklyuziv biznesning yorqin misollari haqida taqdimot qilishdi.

Aziz Abdullayev master-klass jarayonida

Tadbirda taxminan 30ga yaqin kompaniyalarning kadrlar bo‘limlari rahbarlari va HR sohasi mutaxassislari ishtirok etishdi. Ishtirokchilar “nogironlik” tushunchasini ijtimoiy model nuqtayi nazaridan anglab – to‘siqlar nogironlar bor ish izlovchilar emas, balki jamiyatimizdagi munosabat va atrof-muhit bilan bog‘liq ekanligini tushunishga harakat qildilar.

Biznes soha vakillari

Ish beruvchilar orasida keng tarqalgan stereotiplar sifatida nogironlikni mehnatga layoqatsizlikka tenglashtirish, ular faqat «kasal» sifatida ko‘rish, ortiqcha achinish yoki faqat xayriya qilishga asoslangan yondashuv va ochiq mehnat bozorida ongli yoki ongsiz diskriminatsiya kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.

Amerika savdo palatasi Korporativ ijtimoiy mas’uliyat qo‘mitasi rahbari Nodira Courjeau

Inklyuziv ish bilan ta’minlash va nogironligi bor insonlar uchun ish joylarini moslashtirish biznes uchun yangi imkoniyatlarni ochadi: iqtidorli kadrlarni topishga, barqaror jamoalarni shakllantirishga va xilma-xillik, tenglik va inklyuziya madaniyatini rivojlantirishga yordam beradi.

Ulug‘bek Mamatxanov mikrofon qarshisida

BMT Taraqqiyot dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bor xodimlarning 73%iga maxsus shart-sharoitlar kerak emas, ular kamroq kasallik varaqasi olishadi va kompaniyada uzoqroq qolishadi. Ularning tajribasi va qarashi jamoalarni kuchli va xilma-xil qiladi.

Nodira Courjeau va Beeline Uzbekistan HR-direktori Sofiya Gaynutdinova

Ushbu mazmunli tadbirni tashkil etgan Amerika savdo palatasi HR va Korporativ ijtimoiy mas’uliyat qo‘mitalari hamda Beeline Uzbekistan kompaniyasiga va ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Foto: Olga Kerimova, Beeline Uzbekistan

O‘zbek imo-ishora tili (O‘IIT) onlayn lug‘ati uchun veb-sayt va mobil ilovani ishlab chiqish bo‘yicha tender natijalari

O‘zbek imo-ishora tili (O‘IIT) onlayn lug‘ati uchun veb-sayt va mobil ilovani ishlab chiqish bo‘yicha tender natijalari

The Stirling Foundation tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasini yaratish orqali rivojlantirish» loyihasi doirasida tender g‘olibi FAMILY EDUCATIONAL SERVICES FOUNDATION (FESF) deb topildi.

Toshkent shahar                                                                                               2025-yil 1-avgust

  1. Tender buyurtmachisi va tashkilotchisi: Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi (nodavlat notijorat tashkiloti)
  2. Quyidagi potentsial yetkazib beruvchilar narx takliflarini taqdim etdilar:

 

Yo’qPotentsial etkazib beruvchining nomiNarx, so’m/AQSh dollarida
1.Go-Web.uz135 000 000 so’m
2.YaTT OBIDJONOV ZAFARJON ODILJON O‘G‘LI6 000-8 000 AQSh dollari
3.Fido Studio5 000 AQSh dollari
4.«RISHTAN COMPUTER SCIENCES ARTIFICIAL INTELLIGENCE» MCHJ19 000 AQSh dollari
5.SOFTIT210 000 000 so’m
6.ERGASHEV JASURBEK20 000 AQSh dollari
7.ООО «Weltlink»315 000 000 so’m
8.«CREATIVE PARK» MCHJ250 800 000 so’m
9.НЕГОСУДАРСТВЕННОЕ ОБРАЗОВАТЕЛЬНОЕ УЧРЕЖДЕНИЕ «SHKOLA 21»11 700 AQSh dollari
10.«MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI

TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI»

24 900 AQSh dollari
11.FAMILY EDUCATIONAL SERVICES

FOUNDATION (FESF)

8 000 AQSh dollari

 

QAROR:

Narx takliflarini baholash va qiyoslash natijalari asosida, quyidagilar to’g’risida qaror qabul qilindi:

  1. Quyidagi potentsial yetkazib beruvchini FAMILY EDUCATIONAL SERVICES FOUNDATION (FESF) jami 8 000 AQSh dollari miqdorida xizmatlar harid qilish so’rovining g’olibi sifatida tan olish. Quyidagi asoslarga ko’ra xizmat ko’rsatuvchi provayder sifatida tanlandi:
  • Taklif etilgan kompleks xizmatlar narxi uchun maqbul narx taklif etilgan. Bunda Fido Studio taklif qilgan 5 000 AQSh dollari miqdoridagi taklifi qabul qilinmaganligi sababi ushbu xizmat ko‘rsatuvchida avval imo-ishora tillari lug‘ati va nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziyasi sohasidagi shunga o‘xshash platformalarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq yetarlicha tajriba mavjud emasligi deb topildi. YaTT OBIDJONOV ZAFARJON ODILJON O‘G‘LI taklif qilgan narx 6 000-8 000 AQSh dollari esa FAMILY EDUCATIONAL SERVICES FOUNDATION (FESF) taklif qilgan narx bilan qiyoslaganda, YaTT OBIDJONOV ZAFARJON ODILJON O‘G‘LI bu sohada kamroq yillik tajribaga ega bo‘lganligi sababli qabul qilinmadi.
  • Tashkilot shunga o‘xshash xizmatlarni amalga oshirish bo‘yicha katta tajribaga va zarur moddiy-texnik bazaga ega FAMILY EDUCATIONAL SERVICES FOUNDATION (FESF) 2011-yildan boshlab Pokiston imo-ishora tilining (PSL) birinchi raqamli lug’atini yaratishda ilg‘or tajirbaga ega[1]. Platformaning veb-sayti va mobil ilovasi kar va zaif eshituvchi shaxslarning o‘qishi, muloqoti va muvaffaqiyatga erishish usullarini o‘zgartiradigan milliy va tobora global resursga aylandi. FESF mutaxassislari nafaqat dasturiy balki nazariy va metodolik jihatdan ham loyihani amalga oshirishda yetarlicha tarjiba, bilim va ko‘nikmaga ega deb topildi.
  1. Savdo taklifida va boshqa hujjatlarda ko‘rsatilgan narxlar bo‘yicha narx takliflarini so‘rab xarid g‘olibi bilan shartnoma tuzish. Shartnomada loyihani amalga oshirish muddati ko‘rsatilishi kerak: texnik vazifalarga muvofiq 11 hafta (2,5 oy).

Tijoriy takliflarni so‘rash yo‘li bilan xarid komissiyasi a’zolari:

Narziyeva I.A. – Bosh hisobchi

Axlidinov M. – O‘zbek imo-ishora tili eksperti

Yusupov D.D. – Loyiha rahbari

 Raximova M.M. – Tashkilot Raisi

[1] Veb-sayt: www.psl.org.pk – Pokiston imo-ishora tili (PSL), urdu va ingliz tillarida 7500 dan ortiq so’zlar.

O‘zbek imo-ishora tili (O‘IIT) onlayn lug‘ati uchun veb-sayt va mobil ilovani ishlab chiqish bo‘yicha tender natijalari

O‘zbek imo-ishora tili (O‘IIT) onlayn lug‘ati uchun veb-sayt va mobil ilovani ishlab chiqish bo‘yicha tender

The Stirling Foundation tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasini yaratish orqali rivojlantirish» loyihasi doirasida tender e’lon qilamiz.

Buyurtmachi:

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi (nodavlat notijorat tashkiloti)

Vazifalar:

  • O‘zbek imo-ishora tili (O‘IIT) onlayn lug‘ati uchun veb-sayt va mobil ilovasini ishlab chiqish.
  • Batafsil texnik vazifani olish uchun sharoitplus@gmail.com elektron manziliga “O‘IIT onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasini ishlab chiqish bo‘yicha texnik vazifa” mavzusi bilan xat yuboring.

Tanlovda quyidagilar ishtirok etishi mumkin:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan IT-kompaniyalar yoki mustaqil (o‘zini o‘zi band qilgan) dasturchilar.

Ijrochilar topshirishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘plami quyidagilardan iborat:

  1. Kompaniya ro‘yxatdan o‘tganligini yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini tasdiqlovchi hujjat va bank rekvizitlari;
  2. Mutaxassislarning malaka guvohnomalari (rezyume), shuningdek ilgari ishlab chiqilgan veb-saytlar, mobil ilovalar va boshqa IT-loyihalar haqidagi ma’lumotlar;
  3. Ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha narx ko‘rsatilgan tijorat taklifi.

Arizalarni topshirishning so‘nggi muddati:

2025-yil 23-iyun, soat 17:00 ga qadar.

Loyiha bo‘yicha savollar yoki takliflar yuzasidan quyidagi manzilga murojaat qilishingiz mumkin:
Dilmurod Yusupov — loyiha rahbari: d.yusupov@sharoitplus.uz va Telegram: +998 (90) 115-65-67 (faqat Telegram orqali)

Loyiha haqida batafsil ma’lumot olish uchun quyidagi havolaga bosing.