Yaponiyada nogironligi bo‘lgan yosh yetakchilar uchun 10-oylik trening dasturiga qabul boshlandi

Yaponiyada nogironligi bo‘lgan yosh yetakchilar uchun 10-oylik trening dasturiga qabul boshlandi

Yaponiyaning Duskin AINOWA Foundation tomonidan moliyalashtirilgan va Yaponiya nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish jamiyati (Japan Society for Rehabilitation for Persons with Disabilities, JSRPD) Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlarida yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 24-Duskin Yetakchilik Trening Dasturiga (24th Duskin Leadership Training) arizalarni qabul qilishni boshladi.

Ushbu dastur Osiyo va Tinch okeani davlatlarida istiqomat qiluvchi, o‘z jamoalarida yetakchi bo‘lish va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ishlash istagi va salohiyatiga ega bo‘lgan nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan. Ushbu dastur nogironligi bo‘lgan bunday yoshlarga Yaponiyada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy himoya siyosati va xizmatlari bilan tanishish va shu orqali ularning kelajakdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu trening dasturi birinchi marta 1999-yilda Duskin AINOWA jamg‘armasi tomonidan Osiyo va Tinch okeani mintaqasi nogironlar o‘n yilligini nishonlash loyihasi sifatida (1993-2002) boshlangan. O‘tgan yigirma to‘rt yil ichida butun Osiyo va Tinch okeanidan 144 kishi dasturni yakunlagan.

Dasturda taxminan 10 nafar nomzod ishtirok etishi rejalashtirilgan. Dastur 2024-yil sentyabrdan 2025-yil iyungacha 10 oy davomida bo‘lib o‘tadi, barcha harajatlar to‘liq qoplanadi va stipendiya beriladi. Dastur ingliz yoki yapon tilida olib boriladi. Dastur 3 bosqichga bo‘lingan reja bo‘yicha olib boriladi: yapon tilini o‘rganish, guruhli treninglar va individual treninglar. Batafsil ma’lumotni ingliz va yapon tillarida ushbu havola orqali olishingiz mumkin: https://www.normanet.ne.jp/~duskin/english/apply/index.html 

Trening dasturining asosiy jihatlari:

  1. Taxminan 10 oylik o‘quv dasturi uch qismdan iborat bo‘ladi – yapon (imo-ishora) tilini o‘rganish, guruh treningi va individual trening.
  2. Trening ishtirokchisi o‘zining qiziqishlari va kelajakdagi maqsadlaridan kelib chiqqan holda o‘zining shaxsiy o‘quv dasturini tuzadi. Yakuniy o‘quv rejasi JSRPD o‘quv koordinatorlari va tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda tuzilishi mumkin.
  3. Asosan, barcha treninglar yapon (imo-ishora) tilida olib boriladi.
  4. Dastlabki uch oy intensiv yapon (imo-ishora) tili darslariga bag‘ishlanadi. Yetarli til bilimi stajyorga Yaponiyadagi odamlar bilan muloqot qilish va fikr almashish imkonini beradi. Shuningdek, tinglovchilar o‘z taqdimotlarini yapon (imo-ishora) tilida qilishlari shart.
  5. Trening ishtirokchisi kuzatuv va amaliy tajriba orqali foydalanish imkoniyati va ijtimoiy xizmatlarning joriy holati va nogironlar/uning harakati haqida bilib oladi.
  6. Nogironlik bo‘yicha konferentsiyalar va seminarlarda qatnashish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
  7. Trening ishtirokchisi Yangi yil bayramlarini yapon oilasi bilan o‘tkazadi.
  8. Stajyor turli mamlakatlardagi nogironligi bo‘lgan rahbarlar va faollar bilan uchrashib, tegishli sohalarda xalqaro hamkorlik bo‘yicha so‘nggi maʼlumotlarni oladi.
  9. Trening keng ko‘lamli amaliy mavzularni o‘z ichiga oladi, jumladan, loyiha takliflari va hisobotlarni yozish va taqdimotlarni qanday o‘tkazish.
  10. Trening ishtirokchisi haftalik hisobotlarni va yakuniy hisobotni taqdim etishi kerak.

Nomzod quyidagi talablarga mos bo‘lishi kerak:

Ushbu dasturga ariza berish uchun sizdan hech qanday ta’lim yoki oldingi ish tajribasi talab qilinmaydi. Biroq, siz quyidagi talablarga mos bo‘lishingiz kerak:

  • Nomzod Osiyo-Tinch okeani hududidagi davlat fuqarosi bo‘lishi kerak (O‘zbekiston kiradi).
  • Nomzod 2025-yil 25-sentyabr holatiga 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lishi lozim.
  • Nomzod yapon (yoki yapon imo-ishora tilida) yoki ingliz tilida (yoki xalqaro imo-ishora tili/ASL) muloqot qila olish
  • Nomzod oz vatanida bo‘lajak yetakchi bolish salohiyatiga ega bo‘lishi va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashi lozim.
  • Nomzod 10 oy Yaponiyada yashay olishi va yapon madaniyatiga moslasha olishi kerak.
  • Trening tugaguniga qadar butun o‘quv davri davomida vataningizga vaqtincha qaytishga ruxsat berilmasligini tushunishi kerak.
  • kundalik faoliyatingizni yordamisiz bajara olish;
  • ota-onasi, yoshi katta birodar yoki qarindosh bo‘lgan kishi kafillikka ega bo‘lishi va
  • dasturda ishtirok etish uchun barcha risklarni o‘z zimmasiga olishga rozilik bildirishi kerak.

Dasturga qabul jarayoni:

Hujjatlar 2023-yil 25-sentyabrga qadar gabul gilinadi.

  1. Dasturga beriladigan ariza 8 bet va 28 ta bo‘limdan iborat. Ariza yapon yoki ingliz tilida toldiriladi. Barcha bo‘limlar toldirilishi shart.
  2. Arizada shaxsiy maʼlumotlar, volontyorlik faoliyati, nomzodga yordam beruvchi/masʼul shaxs manzillari va hokazo maʼlumotlar yozilishi kerak.
  3. Saralash dastlab hujjatlarni ko‘rib chiqish, keyin esa yapon/ingliz tilida suhbatdan o‘tkazish natijalari asosida bo‘ladi.
  4. Hujjat topshirish jarayonida talab qilinadigan barcha hujjatlar duskin_training@dinf.ne.jp elektron pochta orqali yoki pochta orqali Secretariat for the Duskin Leadership Training in Japan c/o JSRPD 1-22-1 Toyama, Shinjuku-ku, Tokyo 162-0052 JAPAN manziliga jo‘natiladi.
  5. Ariza bo‘yicha barcha maʼlumotlar: shu yerda.

Taxminiy hujjatlar tarkibi:

  1. Ariza (PDF nusxasi – bu yerda, Word nusxasi – bu yerda)
  2. Pasport nusxasi.
  3. Ingliz va/yoki yapon tili sertifikati. Kursda qatnashish uchun ingliz tilida erkin gaplasha olish talab qilinadi.
  4. Maʼlumotga egalik hagida hujjat.
  5. Bog‘lanish uchun maʼlumotlar.
  6. Masʼul/yordamchi/hamroh shaxs haqida maʼlumot.
  7. Qo‘shimcha hujjatlar talab gilinishi mumkin. Hujjatlar tarkibi tashkilotchilar tomonidan hujjat topshirish jarayonida maʼlum qilinadi. Dastur hagida to‘liq maʼlumot: shu yerda berilgan.

Nomzodlar ijtimoiy faolligi, motivatsiyasi, til bilishi, kelajakdagi rejalari kabilarga asosan saralanadilar.

Ma’lumot uchun:

Secretariat for the Duskin Leadership Training in Japan

c/o Japanese Society for Rehabilitation of Persons with Disabilities (JSRPD)

1-22-1 Toyama, Shinjuku-ku, Tokyo 162-0052, Japan

Telefon: +81-3-5273-0633

Email: duskin_training@dinf.ne.jp

“SHAROIT PLYUS” yangi xodim va volontyorlari uchun seminar-trening o‘tkazdi

“SHAROIT PLYUS” yangi xodim va volontyorlari uchun seminar-trening o‘tkazdi

2023-yil 2-avgust kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi yangi uchta xodimi va olti nafar volontyorlari uchun “Nogironlikni anglash va ijtimoiy model” mavzusida Groundzero “Kitob olami” kovorking markazi binosida seminar-trening o‘tkazdi. Asosiy trener sifatida birlashma raisi Muhabbat Rahimova va yordamchi trener Sofiya Akramova bo‘lishdi.

Trening o‘tkazilishidan asosiy maqsad tashkilotimizning barcha yangi xodimlari va volontyorlarini nogironlik va inklyuziya masalalari hamda nogironlikning tibbiy va ijtimoiy model haqida bilim-ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi. Treningni 1-qismi tanishuv qismi bo‘lib, trening ishtirokchilariga “Nogironlik” haqida o‘z tushunchalari haqida bo‘lishdilar. Ishtirokchilarning javoblari quyidagicha bo‘ldi:

Nogironlik bu – yo‘q va yaratilmagan imkoniyatlarni izlab topishga intilish.

Nogironlik bu – to‘siqlar emas. Sharoitlar bo‘lsa, hech narsaga alohida ehtiyoj sezilmaydi.

Nogironlik bu – kurashish va bu kurashda g‘alaba qozonish.

Trenerlar Muhabbat Rahimova va Sofiya Akramova

Trening interaktiv tarzda savol-javoblarga boy bo‘ldi. Nogironligi bor bo‘lgan do‘stlaringiz bormi? deya savol berilganda ishtirokchilarni javoblari qiziqarli baʼzi ishtirokchilarni umuman nogironligi bo‘lgan do‘sti yo‘q. Baʼzilar nogironligi bo‘lgan do‘stlari haqida quvonib so‘zlab berishdi. Trening davomida 2021-yil Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilinganiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tibbiy model…

  • Muammo sizda,
  • Sizning nogironligingizni davolash kerak,
  • Siz hayotingiz haqida qaror chiqara olmaysiz,
  • Sizga qarab turish uchun mutaxassislar kerak,
  • Siz hech qachon nogironligi bo‘lmagan insonlar singari teng bo‘la olmaysiz kabi bir qancha so‘zlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Ijtimoiy model esa…

  • Nogironlik bu individual muammo emas,
  • Biz teng shartlar asosida bellasha olmaymiz, chunki to‘siqlar juda ko‘p,
  • Biz “JAMIYAT” (Davlat boshqaruvi va uning agentliklari orqali) bu to‘siqlarni yo‘qotish bo‘yicha masʼul ekanligini tan olishimiz kerak,
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha boshqa fuqarolar kabi to‘laqonli tenglik uchun bir xil huqqiga egalar.

Xodimlar va volontyorlar mana shunday treninglar ko‘proq va davomli o‘tkazilsa albatta foydali va manfaatli bo‘lishini aytib o‘tishdi.

Toshkent “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati hamda aʼzolari nomidan GroundZero «Kitob Olami» kovorking markazi rahbariyati va xodimlariga minnatdorchilik bildirib keyingi ishlarida ulkan omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Siz ham birlashmamiz aʼzosi bo‘lishni istasangiz ushbu onlayn anketani havola orqali to‘ldiring: https://sharoitplus.uz/xayriya qilish/#membership-form. Aʼzo bo‘lish haqida savollaringiz bo‘lsa, Jamoatchilik bilan ishlash koordinatori: Sofiya Akramova bilan bog‘laning: +998 (99) 833-83-14

“SHAROIT PLYUS” Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari uchun trening o‘tkazdi

“SHAROIT PLYUS” Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari uchun trening o‘tkazdi

2023-yil 26-iyul kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari uchun “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi inklyuziyasi” mavzusida trening o‘tkazdi.

Trening o‘tkazilishidan asosiy maqsad Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlarini nogironlik va inklyuziya masalalari haqida bilim-ko‘nikmalarini oshirish bo‘ldi. Ushbu trening 20 dan ortiq xodimlarni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, mavzu doirasida «Nogironlik nima?» «Nogironlik qayerda?» va nogironlikning tibbiy modelidan chiqib, ijtimoiy modelni qo‘llash bo‘yicha interaktiv mashqlar o‘tkazildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jamiyatdagi bor muammo va to‘siqlar, munosabatlar va doimiy duch keladigan stereotiplar haqida so‘z yuritilib, savol-javoblar ham bo‘lib o‘tdi.

Muhabbat Rahimova trening olib borish jarayonida

Trening so‘ngida, “Biz jamiyatimizni inklyuziv qilishimiz uchun qanday ishlarni amalga oshirishimiz mumkin?” mavzusida harakatlar rejasi yaʼni Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini olib borish davomida qanday mavzularga eʼtibor qaratishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatda barcha qatori teng va to‘laqonli ishtirok etishlari uchun rejalar tuzildi.

Trening ishtirokchilari

Trening ishtirokchilari mana shunday treninglar ko‘proq tashkil etilsa albatta foydali bo‘lishini takidlashdi. Nogironlik va inklyuziya masalalari bo‘yicha olgan bilim-ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llashlari haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi. Eslatib o‘tamiz Prezident huzuridagi O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2023-yil 1-iyun tashkil qilingan edi.

Agentlikning asosiy maqsadlaridan biri fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirish, shu bilan birga, aholiga kompleks yondashuvga asoslangan professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy etishdan iborat. Agentlik faoliyati haqida batafsil uning ijtimoiy tarmoqlari orqali bilib olishingiz mumkin.

Diqqat! Agar siz ham oʻz tashkilotingizni inklyuziv qilishni istasangiz, sharoitplus@gmail.com elektron manzilimizga yozing va xat mavzusida «Trening uchun ariza» deb ko‘rsating.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “SHERIK MASLAHATI” №2 nomli trening tashkil qilindi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “SHERIK MASLAHATI” №2 nomli trening tashkil qilindi

2023-yil 25-iyul Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi o‘z a’zolari uchun “SHERIK – MASLAHATI” nomli trening o‘tkazdi. Treningni tashkilotimiz rahbari Muhabbat Rahimova olib bordilar.

Trening avvalida spiker Muhabbat Axrarovna “SHERIK-MASLAHATI” ning maqsad va vazifalari haqida va 1-qismida bo‘lib o‘tgan voqealar haqida ishtirokchilarga qisqacha tushuncha berdilar. “SHERIK-MASLAHATI” nomli treningni o‘tkazishdan asosiy maqsad: “SHERIK-MASLAHATI” orqali biz nogironligi bo‘lgan shaxslar turli hissiyotlaridan o‘zlarini xolos etish orqali o‘z-o‘ziga tayanish hissini qayta tiklaymiz. Shundan so‘ng, ishonch asosida biz boshqa insonlar bilan munosabatlarni qayta o‘rnatamiz. Biz o‘z hayotimizni mazmunli qilish va jamiyatdagi tushkunliklarga olib keladigan omillarni o‘zgartirishda namuna bo‘lish orqali o‘z-o‘ziga ishongan insonlar bo‘lamiz.

Trening ishtirokchilari

Barcha ishtirokchilar maqsadni tushunib olishgach, o‘yin shaklida ishtirokchilar o‘zlari nimaga qodir ekanliklari va qanday ishlarni o‘zlari hech kimni yordamisiz uddalay olishlari haqida fikr almashishdi. So‘ng tanishuv qismi boshlandi. Tanishuv qismi interaktiv tarzda o‘yin orqali ishtirokchilar yaqindan tanishib oldilar.

Trener Muhabbat Rahimova

Trening davomida ishtirokchilar erkin suhbatlashib, bir-birlarini baholashdi. Avval yaxshi xarakterlarini so‘ng o‘zgartirishi kerak bo‘lgan xarakterlar haqida o‘yin orqali suhbat o‘tkazildi.Bu mashq orqali ishtirokchilar yaxshi va o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan tomonlarini tahlil qilish inson uchun naqadar foydali mashq ekanligini anglab yetishdi.

Yuqoridagi mashqlardan so‘ng ishtirokchilarga berilgan bilim-ko‘nikmalardan kelib chiqib, trening sppikeri ishtirokchilarni juft-juft bo‘lib, vaqtni teng taqsimlagan holda o‘zlarini qiziqtirgan mavzuda “SHERIK-MASLAHATI” sessiyasini talablarga rioya qilgan holda o‘zaro suhbat o‘tkazishni vazifa qilib berdilar.

Trening biz kutgandan-da aʼlo natijani berdi va ishtirokchilar tomonidan mana shunday manfaatli va foydali treninglar davomli bo‘lishini taklifini kiritishdi. Ishtirokchilar boshqa viloyatlarda ham mana shunday treninglar tashkil qilish taklifini berishdi. Ushbu trening shahrimizdagi nufuzli mehmonxonalardan biri “GRAND MIR” mehmonxonasida o‘tkazildi.

Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati va aʼzolari nomidan “GRAND MIR” mehmonxonasi maʼmuriyatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib, kelgusi ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Siz ham birlashmamiz aʼzosi bo‘lishni istasangiz ushbu onlayn anketani havola orqali to‘ldiring: https://sharoitplus.uz/xayriya qilish/#membership-form

Aʼzo bo‘lish haqida savollaringiz bo‘lsa, Jamoatchilik bilan ishlash koordinatori Sofiya Akramova bilan bog‘laning: +998 (99) 833-83-14

“SHAROIT PLYUS” aʼzolari O‘zbek milliy akademik drama teatriga tashrif buyurishdi

“SHAROIT PLYUS” aʼzolari O‘zbek milliy akademik drama teatriga tashrif buyurishdi

Joriy yilning 1-iyul kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi aʼzolari O‘zbek milliy akademik drama teatriga tashrif buyurishdi. 30 dan ortiq birlashma aʼzolari madaniy xordiq va fikr almashishlarini taʼminlashga qaratildi.

Birlashma aʼzolari katta qiziqish bilan Bertold Brext asari asosida tayyorlangan “Shaddod ona” spektakl namoyishini tomosha qilishdi. Bosh rolni O‘zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova ijro etgan ushbu spektaklda Shaddod ona va uning bolalari taqdiri misolida urushning eng jirkanch tomoni – insoniyatga qarshi qaratilgan xususiyati ochib beriladi.

“Shaddod ona va uning bolalari” pyesasi epik teatrning eng yuksak cho‘qqisidir. U Shvetsiyada 1939-yili yozilgan (o‘sha yili nemis-fashist qo‘shinlari Polshaga hujum qilgan). Muallif: Brext bo‘sag‘asida turgan urush sharpasi haqida ogohlantirib, qachonlardir bo‘lib o‘tgan 30 yillik urush to‘g‘risida hikoya qiladi.

“Shaddod ona”ning uch farzandi bor edi, uchalasini ham urush o‘z domiga tortdi. Achinarli tomoni shundaki, ularning o‘limida onaning o‘zi ham aybdor, chunki u urushdan keladigan oltinga, boylikka hirs qo‘ygan edi. U o‘z ehtiyojlarini boshqalar manfaatidan ustun qo‘yadi. Shu sababli uning fojiali taqdiri ham insonlarda xayrxohlik uyg‘otmaydi. U umrining so‘ngi daqiqalarigacha xudbinlik botqog‘idan chiqa olmaydi. Urush onani farzandlaridan judo etib, ulkan tovon to‘lashga majbur qiladi.

Spektakl ikki soat davom etdi. Tomoshabinlarni qarsaklariga arzigulik bu spektakl haqiqiy madaniy xordiq olishlari uchun imkoniyat yaratildi.

Toshkent “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati hamda aʼzolari nomidan O‘zbek milliy akademik drama teatr rahbariyati va xodimlariga minnatdorchilik bildirib keyingi ishlarida ulkan omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Siz ham birlashmamiz aʼzosi bo‘lishni istasangiz ushbu onlayn anketani havola orqali to‘ldiring: https://sharoitplus.uz/xayriya qilish/#membership-form

Aʼzo bo‘lish haqida savollaringiz bo‘lsa, Jamoatchilik bilan ishlash koordinatori: Sofiya Akramova bilan bog‘laning: +998 (99) 833-83-14

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “SHERIK MASLAHATI” nomli trening tashkil qilindi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “SHERIK MASLAHATI” nomli trening tashkil qilindi

2023-yil 19-iyun Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi “SHERIK – MASLAHATI” mavzusida trening tashkil qildi.

Trening avvalida Birlashma raisi, spiker Muhabbat Axrarovna “SHERIK-MASLAHATI” ning maqsad va vazifalari haqida tushuncha berdilar. “SHERIK-MASLAHATI” nomli treningni o‘tkazishdan asosiy maqsad: “SHERIK-MASLAHATI” orqali biz “Nogironligi bo‘lgan shaxs” lar turli ijtimoiy tushkunlik hissiyotlaridan o‘zlarini xolos etish orqali o‘z-o‘ziga tayanish hissini qayta tiklaymiz. Shundan so‘ng, ishonch asosida biz boshqa insonlar bilan munosabatlarni qayta o‘rnatamiz. Biz o‘z hayotimizni mazmunli qilish va jamiyatdagi tushkunliklarga olib keladigan omillarni o‘zgartirishda namuna bo‘lish orqali o‘z-o‘ziga ishongan insonlar bo‘lamiz.

Barcha ishtirokchilar maqsadni tushunib olishgach, tanishuv qismi boshlandi. Tanishuv qismi interaktiv tarzda o‘yin orqali ishtirokchilar yaqindan tanishib oldilar. Trening davomida ishtirokchilar o‘zlaridagi yaxshi va yomon xislatlari orqali o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlash borasida 1-10 ballik sistemada o‘zlariga baho berib chiqishdi. Yaʼni o‘zlaridagi (plus-minus) tomonlari haqida aytib bir-birlari bilan o‘rtoqlashdilar. Kuzatuvlarimiz natijasida ko‘pchilik trening ishtirokchilar o‘zlaridagi minus tomonlarini ko‘ra olishar ekan. Bu mashq orqali ishtirokchilar plus-minus tomonlarini tahlil qilish inson uchun naqadar foydali mashq ekanligini anglab yetishdi. Yuqorida o‘tkazilgan mashqlardan so‘ng trening ishtirokchilari shuni anglab yetishdiki,

Insonlar o‘rtasida bir-biriga ishonch, ishonch va yana ishonch bo‘lishi kerak. Biz bir-birimizga ishonib fikr almasha olishimiz kerak deb o‘ylayman. Inson o‘z-o‘zini sevmas ekan, hech kim uni sevmaydi va yaxshi baho bermaydi deydi – Termiz shahridan tashrif buyurgan nogironligi bo‘lgan ishtirokchi: Oybek Achilov.

Yuqoridagi mashqlardan so‘ng ishtirokchilarga berilgan bilim-ko‘nikmalardan kelib chiqib, trening sppikeri ishtirokchilarni juft-juft bo‘lib, vaqtni teng taqsimlagan holda o‘zlarini qiziqtirgan mavzuda “SHERIK-MASLAHATI” sessiyasini talablarga rioya qilgan holda o‘zaro suhbat o‘tkazishni vazifa qilib berdilar. Trening biz kutgandan-da aʼlo natijani berdi va ishtirokchilar tomonidan mana shunday manfaatli va foydali treninglar davomli bo‘lishini taklifini kiritishdi. Ishtirokchi boshqa viloyatlarda ham mana shunday treninglar tashkil qilish taklifini berishdi. Ushbu trening shahrimizdagi nufuzli mehmonxonalardan biri “GRAND MIR” mehmonxonasida o‘tkazildi.

“SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati va aʼzolari nomidan “GRAND MIR” mehmonxonasi maʼmuriyatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib, kelgusi ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Siz ham birlashmamiz aʼzosi bo‘lishni istasangiz ushbu onlayn anketani havola orqali to‘ldiring:

https://sharoitplus.uz/xayriya qilish/#membership-form

Aʼzo bo‘lish haqida savollaringiz bo‘lsa, Jamoatchilik bilan ishlash koordinatori: Sofiya Akramova bilan bog‘laning: +998 (99) 833-83-14