Apr 12, 2023 | Yangiliklar
Joriy yilning 27-aprel kuni Toshkent shahridagi Panarams mehmonxonasida gibrid formatdagi Ikkinchi “Inklyuziv biznes-forum” bo‘lib o‘tadi. Tadbirda ishtirok etish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziv mehnat masalalariga befarq bo‘lmagan mahalliy biznes va ijtimoiy soha vakillari hamda ommaviy axborot vositalari taklif etiladi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ijtimoiy buyurtmasi asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi doirasida o‘tkaziladi.
«Men O‘zbekiston Milliy universitetida “Ijtimoiy ish” yo‘nalishining ikkinchi kurs talabasiman. Yoshim 20 da. Shu paytgacha ko‘plab ijtimoiy loyihalarda ishtirok etganman va www.ishplus.uz veb-portali orqali hozirgi ish lavozimimga ega bo‘lganman. Ayni damda men “IMKON WATER” kompaniyasida operator lavozimida faoliyat olib bormoqdaman», — deydi nogironligi bo‘lgan ish izlovchi Madina Po‘latova.
Forum 4 yirik mavzudagi sessiya muhokamalarini o‘z ichiga oladi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasiga hamda xalqaro tashkilotlarga ishga kiritish: amaliy tajriba va muvaffaqiyatli hikoyalar;
- O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish: subsidiya va imtiyozlar
- nogironligi bŭlgan shaxslarni ishga joĭlashtirishda ish beruvchilar oldida qandaĭ majburiyatlar bor?
- mamlakatimizda inklyuziv biznes amaliyotlarini rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar va to‘siqlar mavjud?
«Barcha xodimlarning ehtiyojlarini inobatga oluvchi, ularning ijtimoiy kelib chiqishi va jismoniy holatidan qat’iy nazar, barcha qatori o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon etish imkonini beruvchi inklyuziv ish joylarini yaratish bizneslar uchun raqobatbardosh bo‘lishga va muvaffaqiyatga erishishga yordam beradi», — deydi forum ambassadori “CARE CSR” konsalting kompaniyasi asoschisi va direktori Malika Sharipova.
Forumda o‘z nutqi bilan O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari, Toshkent shahar “ShAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova, Britaniya Kengashi, UNICEF, Jahon banki hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, shuningdek, yirik, o‘rta va kichik mahalliy kompaniyalarning rahbarlari va kadrlar bo‘limi mutaxassislari ishtirok etadi.
Ishtirok etish bepul — offlayn ishtirok uchun joylar soni cheklangan bo‘lib oldindan ro‘yxatdan o‘tishni tavsiya etamiz. Siz onlayn tarzda Zoom ilovasi orqali ham ishtirok etishingiz mumkin. Jonli efirni tashkilotimizning YouTube kanalida yoki forum.ishplus.uz saytida ham tomosha qilish imkoniyatingiz bo‘ladi.
O‘tkazilish sanasi: 27-aprel 2023-yil
Tadbir boshlanish vaqti: 10:00 (Ro‘yxatga olish 9:30 da boshlanadi)
Manzil: “Panarams” mehmonxonasi
Qo‘shimcha ma’lumotlarni info@ishplus.uz elektron manziliga yozish yoki + 998 (90) 818−07−08 telefon raqami orqali olish mumkin
Apr 6, 2023 | Yangiliklar
2023-yil 27-mart kuni “HYATT REGENCY” mehmonxonasida «Yandex Go» kompaniyasi Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi.
Yandex Go safarlarni onlayn buyurtma qilish xizmati nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar shahar bo‘ylab bemalol harakatlanishiga yordam beradigan loyihalar haqida xabar berdi. O‘zbekiston Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi vakillari ishtirokida O‘zbekistonda qulay muhitni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbatida kompaniya o‘z rejalari va dolzarb tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdi.
Yaqin kelajakda Yandex Taxi ilovasi nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun moslashtirishni rejalashtirmoqda. Yandex Go haydovchilar va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlar, ekspertlar – Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va “SHAROIT PLYUS” tashkiloti vakillari bilan birgalikda maxsus imkoniyatlar ekrani va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqadi. Bu foydalanuvchilarga haydovchini oldindan, ya’ni safarga chiqishdan oldin nogironlar aravachasida bo‘lishlari yoki mashinani topish va unga o‘tirish uchun yordam kerakligi haqida ogohlantirish imkonini beradi.

Shuningdek, haydovchilar yo‘lovchi bilan qay tarzda muloqot qilish ma’qulligini darhol bilib olishlari mumkin: ovozli yoki chat orqali. Bularning barchasi buyurtma berishda tushunmovchiliklar xavfini kamaytirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun sayohat sifati va qulayligini oshirishga yordam beradi.
«Yandex Go»ning MDH davlatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Kirill Svintsov tadbirni boshlab berib ishtirokchilarga yangi loyihalar haqida tushuntirish berdi va kompaniya maqsadlarini aytib o‘tdi:
«Biz shahar bo‘ylab erkin va qulay harakatlanish hamma uchun teng bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz. Biz muntazam ravishda xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlik qilamiz va ularning vasiyligidagi shaxslarga kasalxonalar, do‘konlar va boshqa ishlar bilan bepul yetib olishlariga yordam beramiz. Ilovalarni moslashtirish bo‘yicha yangi tashabbus biznes, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik nogironlar uchun hayot sifati va shahar imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyatini qanday yaxshilashi mumkinligiga yorqin misoldir», — dedi Kirill Svintsov.
Yandex Taxi-ning MDH mamlakatlari bo‘yicha rivojlanish bo‘yicha direktori, shuningdek, 2022 yil oktyabr oyidan beri kompaniya nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziv bandligini ta’minlash loyihasi doirasida maxsus rekruting veb-portali ishplus.uz xodimlari, ko‘ngillilar va ish izlovchilar uchun 1000 dan ortiq bepul safarlarni taqdim etgani bilan o‘rtoqlashdi. Loyiha “SHAROIT PLYUS” tashkiloti tomonidan Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Buning natijasida loyiha koordinatorlarining yo‘l xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, turli shakldagi nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar suhbatga borishda transport masalasini hal qilishga erishdi.
Kirill Svintsov so‘zini yakunlab Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova va xodimlariga minnatdorchilik bildirib uzoq muddatli hamkorlik sertifikatini topshirdi.

“Hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi turli shakldagi nogironligi bo‘lgan fuqarolar shahar bo‘ylab harakatlanishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu sababli, ko‘plab nogironligi bo‘lgan shaxslar Yandex Taxi xizmatlaridan foydalanadi. Ammo moliyaviy holati tufayli ular har kuni taksi xizmatidan foydalana olmaydi. 2022-yil oktyabr oyidan boshlab Yandex Go tashkilotimiz bilan yaqindan hamkorlik qilib, bizga safarlar uchun promokodlarini taqdim etib kelmoqda. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslarning munosib bandligini ta’minlash bo‘yicha ishplus.uz loyihasi xodimlarimiz ishini samarali tashkil etishga xizmat qildi. Natijada 2022-yil oktyabr oyidan boshlab www.ishplus.uz loyihasi doirasida 80 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar munosib ish bilan ta’minlandi. Tashkilotimiz nomidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan imkoniyat va qulay sharoitlar uchun Yandex Go kompaniyasiga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman”, — dedi “SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muhabbat Rahimova.

www.ishplus.uz veb-portali orqali musiqa maktabiga ishga muvaffaqiyatli kirib hozirgi kunda musiqa fanidan dars berayotganliklari haqida ko’rish bo’yicha I guruh nogironligi bo’lgan Aziz Volf nutq so‘zlab loyiha rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib so‘zga yakun yasadilar. Boshqa www.ishplus.uz veb-portali foydalanuvchisi Madina Po‘latova “IMKON WATER” kompaniyasida operator lavozimida faoliyat olib borayotgani haqida so‘zlab berdi.

“SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muhabbat Rahimova so‘z yakunida Yandex Go MDH mamlakatlari bo‘yicha rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svintsovga minnatdorchilik bildirib, tashkilot nomidan tashakkurnoma bilan taqdirladilar.
“Biz “SHAROIT PLYUS” tashkiloti bilan birgalikda qo‘llab-quvvatlagan Yandex Go tashabbusi – O‘zbekistonda nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlovchi inklyuziv jamiyat yaratish yo‘lidagi yana bir muhim qo‘shma qadamdir. Biz biznesning jamiyatimiz ijtimoiy hayotidagi ishtirokini qo‘llaymiz va kompaniya qo‘shayotgan hissani yuqori baholaymiz”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Inoqov.
Mar 12, 2023 | Yangiliklar
2023-yil 7-mart kuni Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda «Inklyuzivlik bo‘yicha muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish» mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda jurnalistlar, blogerlar, jurnalistika bo‘yicha taʼlim olayotgan talabalar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslar va ular kundalik hayotiga duch kelayotgan jamiyatimizdagi munosabat va shart-sharoitlar bilan bog‘liq to‘siqlarni OAVlarida yoritish, inklyuziv reportaj va maqolalar tayyorlash uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldilar.

O‘zbekistondagi Jahon banki vakolatxonasi direktori Marko Mantovanelli
Tadbir so’ngida, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli mamlakatimizda nogironligi bo’lgan shaxslarni inklyuziyasini tog’ri targ’ib qilish uchun ommaviy axborot vositalari va bloggerlarning o’rni muhim ekanligini ta’kidladi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktor Akramjon Fozilov ishtirokchilarni qutladi.

Jahon bankining nogironlar inklyuziyasi bo‘yicha mutaxassisi Anna Martin “Foydalansa bo‘ladigan va inklyuziv kommunikasiya: Kirish va global nuqtayi nazar” mavzusida taqdimot qildi.

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova «Nogironlikning tibbiy va ijtimoiy modeli» mavzusida tadqimot qildilar

O‘zbekiston 24 telekanali muxbiri nogironligi bo‘lgan shaxslarning OAVda to‘g‘ri yoritish bo‘yicha amaliy bilimi va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar

«SHAROIT PLYUS» NJB trenerlari Dilmurod Yusupov va Ulug’bek Mamatxanov «Inklyuziv kommunikatsiyalarda terminologiya bo’yicha tavsiyalar» mavzusida tadqimot qilishdi
Trening jarayonida NJB “SHAROIT PLYUS” mutaxassislari tomonidan tayyorlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish madaniyati: terminologiya va odob-axloq” amaliy qo‘llanma ham taqdim etildi. Ushbu qo‘llanmani OAV hamda jamiyatimizning barcha vakillari doimiy ish faoliyatlarida foydalanishlari mumkin.

Karlar jamiyati faoli, www.uzsd.uz blogi muallifi Mamur Axlidinov «Jimliy dunyosidagi odamlar:ular qanday yaxshaydi» mavzusida tadqimot qildilar

Seminar-trening davomida nogironlik inklyuziyasiga oid turli xil ijtimoiy roliklar ham namoyish etildi va ishtirokchilar bilan birgalikda tahlil qilindi
Tadbirda NJB “SHAROIT PLYUS” aʼzolari tomonidan tayyorlangan “Taksi” deb nomlangan qisqa-metrajli film namoyish etildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti doktoranti Ozod Qurbonov jurnalistlar, blogerlar va talablar tomonidan olingan bilimlar asosida amaliy mashqlar o‘tkazdilar

Trening ishtirokchilari

Seminar-trening savol-javob, bahs-munozaraga juda boy bo‘ldi
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan ko‘rsatilayotgan texnik yordam haqida ham ma’lumot berildi.
Suratlar manbasi: Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Pavel Stepanov
Matn mualliflari: Dilmurod Yusupov va Madina Po‘latova
Fev 7, 2023 | Yangiliklar
1-noyabr 2022-yil Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant loyihasini amalga oshirilganlgi bo‘yicha taqdimot marosimi o‘tkazdi.
Tadbir “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan va zaxiraga olingan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish” loyihasi doirasida tashkillashtirildi va amalga oshirligan ishlarni taqdimot qildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir YouTube orqali jonli efirda namoyish etildi. Yozib olgan videoni quyida tomosha qilishingiz mumkin.
Tadbir boshida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova barcha ishtirokchilarni qutladi. Loyihaning asosiy milliy hamkori O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Temur Mahmudov so‘zga chiqib nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3% mehnat kvotasi jamoatchilik nazoratini tashkil etish muhim ekanligini ta’kidlab vazirlik bu borada amalga oshirayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muhabbat Rahimova va Temur Mahmudov
Loyihaning mazmuni, amalga oshirish shakli va mexanizmlari haqida loyiha rahbari Aziz Abdullayev taqdimot qildi. “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan va zahiraga olingan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha tashkil etilgan jamoatchilik nazorati natijalari” haqida loyiha maslahatchisi Dilmurod Yusupov tanishtirdi.

Ulug’bek Mamatxanov tadbirni olib bordi
Loyiha doirasida ish beruvchilarga va ish izlovchilarga inklyuziv ish o‘rinlarini yaratish uchun amaliy qo‘llanmaning ishlab chiqilishi va uning bugungi kundagi ahamiyati haqida Loyiha maslahatchisi Ulug’bek Mamatxanov gapirib berdi. Ushbu amaliy qo‘llanmalar inklyuziv mehnat sohasida tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan holda ishlab chiqildi.
Quyidagi havolalar orqali siz ishlab chiqilgan qo‘llanmalarni yuklab olishingiz mumkin:
Ushbu amaliy qo‘llanmalarni audio varianti ham ishlab chiqildi va ularni Telegram kanalimizda tinglashingiz mumkin (ish izlovchilar uchun va ish beruvchilar uchun).

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari
Tadbir yakunida ishtirokchilar loyiha natijalarini muhokama qilishdi va nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziv bandligini ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bilan almashishdi.

«SHAROIT PLYUS» NJB faol a’zosi Madina Po’latova

Mamur Ahlidinov

Tadbir ishtirokchilari bilan jamoaviy surat
Yan 16, 2023 | Yangiliklar
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «www.ishplus.uz rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish» loyihasi doirasida tender g‘olibi YaTT «SAPAEV R.T.» (Go-Web.uz) deb topildi.
Toshkent shahar 2023-yil 16-yanvar
1. Buyurtmachi va tender tashkilotchisi: Toshkent shahar “SHAROIT PLUS” nogironlar jamoat birlashmasi (nodavlat notijorat tashkiloti). Tender 2022-yil 19-dekabr tashkilot vebsaytida e’lon qilingan.
2. Quyidagi potentsial yetkazib beruvchilar tijoriy takliflarni taqdim etdilar:
| № | Potentsial yetkazib beruvchining nomi | Taklif etilgan narx, so‘mda |
| 1. | ООО «NOBLETECH» | 260 000 000 |
| 2. | ООО «SOFTIT» | 60 000 000 |
| 3. | ООО «NAPA AUTOMOTIVE» | 160 000 000 |
| 4. | ООО «ITECH INDUSTRY» | 54 000 000 |
| 5. | ИП «САПАЕВ Р.Т.» (Go-Web.uz) | 47 800 000 |
| 6. | СП ООО «GEO2 IUT GLOBAL» | 100 000 000 |
“DATASITE TECHNOLOGY” MChJning tijoriy taklifi faqat www.ishplus.uz veb-saytini takomillashtirish uchun 25 000 000 so‘m miqdorida, mobil ilovani ishlab chiqish bo‘yicha taklif taqdim etilmasdan narx taklifi berilganligi sababli rad etildi.
QAROR
Tijoriy takliflarni baholash va taqqoslash natijalariga ko‘ra qaror qabul qilindi:
- Keyingi potentsial yetkazib beruvchi YaTT “SAPAEV R.T.” (Go-Web.uz) umumiy qiymati 47 800 000 so‘m (1-ilova) dan tijoriy takliflarni so‘rash usuli orqali xaridlar g‘olibi deb topilsin. Quyidagi sabablarga ko‘ra xizmat ko‘rsatuvchi provayder sifatida tanlangan:
• Taklif etilayotgan kompleks xizmatlar narxi uchun eng past narx taklif qilindi.
• Tashkilot shu kabi xizmatlarni amalga oshirishda tegishli tajribaga va zarur moddiy-texnik bazaga ega.
2. 1-ilovada ko‘rsatilgan narxlarda tijoriy takliflarni so‘rash yo‘li bilan xaridlar g‘olibi bilan shartnoma tuzilsin. Shartnomada loyihani amalga oshirish muddati: 60 kalendar kun deb belgilansin.
Tijoriy tajliflarni so‘rash yo‘li bilan xaridlar komissiyasi a’zolari:
I. Narzieva – bosh hisobchi
D.Yusupov – loyiha rahbari
M. Rahimova – tashkilot raisi
Bayonnomaning tasdiqlangan nusxasini (rus tilida) ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.
Yan 5, 2023 | Yangiliklar
2022-yil 24-dekabr kuni poytaxtimizning «Grand Mir» mehmonxonasida Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasining navbatdan tashqari Umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Birlashmamizning ko‘pchilik aʼzolari 2022-yildagi tashkiliy va moliyaviy faoliyati va amalga oshirilgan loyihalar haqida batafsil maʼlumot olishdi hamda 2023 yil uchun yangi rejalarni muhokama qilishdi.
Yig‘ilish boshida Birlashma raisi Muhabbat Raximova aʼzolarni 2022 yilgi tashkiliy va moliyaviy hisobot bilan batafsil tanishtirdi. 2022 yil holatiga ko‘ra birlashma aʼzolarining umumiy soni 105 kishiga yetgan – 83.8% nogironligi bo‘lgan shaxslar va 16.2% nogironlik holati bo‘lmagan shaxslar.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi Muhabbat Raximova
Birlashma raisi taqdimotidan so‘ng, tashkilot xodimlari 2022-yilda amalga oshirilgan loyihalar natijalari haqida batafsil taqdimot qilishdi. «www.ishplus.uz rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish (davomiy loyiha)» koordinatori Aziz Abdullayev loyiha haqida taqdimot qildi va erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

www.ishplus.uz loyihasi koordinantori Aziz Abdullayev va imo ishora tili tarjimoni Go‘zal Rahmatullayeva
2022-yil sentyabr oyidan boshlab shu kunga qadar 49 nafar nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar www.ishplus.uz loyihasi orqali ishga joylashdilar. Loyiha doirasida ishplus.uz veb-portalini takomillashtirish va ishplus mobil ilovasini yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Hozirgi kunda tender e’lon qilingan. Yana bir loyihamiz «Nogironligi boʻlgan farzandi bor ota-onalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» koordinatori Sofiya Akramova onalar bilan erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Loyihada ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalardan biri loyiha ularga qanday yordam berganligi haqida gapirib berdi
«Toshkent shahrida innovatsion media-loyihalarni amalga oshirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi menejeri Dilmurod Yusupov 2022-yilga erishilgan yutuqlar haqida taqdimot qildi. Loyiha doirasida shu kunga qadar “Sharoit+” audio–podkastlarning 16-soni chop etildi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini targ‘ib qilish uchun ijtimoiy roliklar va video intervyular tashkil qilindi.

«SHAROIT PLYUS» NJB faol a’zosi Dinara Jumakulova savol berdi
Umumiy yig‘ilish so‘ngida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasini yuridik maqomini respublika darajasiga chiqarish va ushbu ishlarni samarali tashkil etish uchun birlashma a’zolaridan komissiya tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. Ko‘plab a’zolar tashkilotning respublika darajasidagi faoliyatiga katta ehtiyoj sezilayotganligi, ayniqsa viloyatlardagi nogironligi bo‘lgan ish izvlochilar www.ishplus.uz loyihasi xizmatlarini ham hududlarda yo‘lga qo‘yish takliflarini berib kelayotganligi ta’kidlandi.

«SHAROIT PLYUS» NJB yangi a’zosi Mirsaid Muxtorov
Respublika darajasida tashkilotni qaytda ro‘yxatdan o‘tkazish komissiyasi a’zolari sifatida: Muhabbat Raximova, Sofiya Akramova, Malika Inakova, Mirsaid Muxtorov, Ulug’bek Mamatxanov, Dilmurod Yusupov va Dilfuza Abdullayevalar etib tayinlandi. Komissiya zimmasiga tashkilotning respublika maqomidagi Ustavini ishlab chiqish va Adliya vazirligiga tegishli hujjatlarni tayyorlash vazifalari yuklatildi.

«SHAROIT PLYUS» NJB a’zosi huquqshunos va gender masalalari bo‘yicha mutaxassis Malika Inakova
Umumiy yig’ilish yakunida tashkilotning Kengashi tarkibini qayta ko‘rib chiqish masalasi taklif etildi. Tashkilot faoliyati kengayib borayotgan sari Kengashning beshta a’zolari faoliytini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yana ikkta yangi a’zoni saylash jarayonlari tashkil etildi. Natijada, Malika Inakova va Vasilya Qodirova nomzodlari ko‘pchilik a’zolarning ovozlari bilan Kengashing ikkita yangi a’zosi sifatida saylandilar.

Yig’ilish yakunida tashkilotning a’zolik guvohnomalari topshirildi. Suratda a’zolik guvohmonalarini olgan Ortiq Karimov va Murod Urunov
Eslatib o‘tamiz, birlashmamiz a’zosi bo‘lishni istaganlar veb-saytimizda joylashtirilgan onlayn arizani to‘ldirishlari kerak. Yillik a’zolik badali 90 000 so‘m miqdorida har yilning birinchi choragida to‘lanishi kerak.
Ushbu yig’ilishni tashkillashtirishda amaliy yordam bergan «Grand Mir» mehmonxonasi ma’muriyatiga barcha a’zolarimiz nomidan samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.