Dek 19, 2022 | Yangiliklar
Buyurtmachi: Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi
Vazifalar:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish uchun www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalini texnik takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash. Ushbu havola orqali zarur vazifalar haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin (rus tilida).
- www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali mobil ilovasini Android, iOS tizimlari uchun ishlab chiqish.
Tenderda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan IT-kompaniyalar qatnashishi mumkin. Ijrochilar taqdim etishi lozim bo‘lgan barcha zaruriy material va hujjatlar ro‘yxati quyida keltirilgan va ular sharoitplus@gmail.com elektron manzili orqali qabul qilinadi.
Hujjatlar to‘plamiga quyidagilar kiradi:
- Tashkilotning ro‘yxatdan o‘tganligi haqida guvohnoma va rekvizitlar;
- Ishchilarning malaka toifasi va avval amalga oshirilgan loyihalar haqida ma’lumotnoma;
- Tijoriy taklif.
Hujjatlarni qabul qilishning oxirgi muddati: 2022-yil 9-yanvar
Manzil: O‘zbekiston, 100000, Toshkent, Mirzo-Ulug’bek tumani, Yahyo G’ulomov ko‘chasi, 38-uy (Mirzo-Ulug’bek tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi binosi ichida). Mo‘ljal: «Bibigon» kafesi, Buyuk Britaniya elchixonasi
Bog‘lanish uchun telefonlar: +998 (90) 115-65-67
E-mail: sharoitplus@gmail.com
Dek 6, 2022 | Yangiliklar
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkilotimiz amalga oshirib kelayotgan “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” tanlovida g‘olib deb topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-57-son qaroriga muvofiq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” Respublika tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda ishtirok etgan loyihalarda quyidagilar ko‘zda tutilishi lozim edi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni uchun inklyuziv hayot tarzini yaratishga qaratilgan innovatsion g‘oya, yechim va tugallanganligi.
“Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” tanloviga kelib tushgan loyihalarni ko‘rib chiqish va baholash komissiyasi tomonidan baholandi. Tanlov natijalariga ko‘ra Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi xodimi Mamatxanov Ulug‘bek Abdujabborovichning “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi g‘olib deb topildi.
Eslatib o‘tamiz, Ulug’bek Mamatxanov amalga oshirilayotgan loyiha doirasida «Sharoit+» audio podkastlari muharriri sifatida tashkilotimiz Telegram kanalida nogironlik masalalariga oid turli xil mavzularda ochiq suhbatlar tashkillashtirib kelyapti. Ushbu podkastlar bilan vebsaytimizda batafsil tanishing va tinglang.

Ulug’bek Mamatxanov so‘zga chiqdi
Joriy yilning 5-dekabr kuni Xalqaro nogironlar kunida tashkillangan tanlov g’oliblarini taqdirlash marosimida Ulug’bek Mamatxanov so‘zga chiqdi:
«Bu yutuq тogironlik masalalari bo‘yicha harakat qilayotgan barcha faollarning yutug’i deb hisoblayman. Barcha faollarni shu natija bilan tabriklayman. Menga bu loyihani amalga oshirishda yordam berayotgan hamkasblarimga samimiy minnatdorchilik bildiraman”.
Uning ta’kidlashicha, bu kabi tanlov O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan emas, aynan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi qoshida tashkil etilgani yurtimizda nogironlikka nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy model sifatida qarashning birinchi qadamlaridan ekanligini bildiradi.

Tanlov g’olibi va boshqa loyiha mualliflari vazirlikning qimmatbaho sovg‘alariga ega bo‘lishdi
Ulug’bek Mamatxanov bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida (30 million so‘m) bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Hamkasbimizni bunday yutuqlari bilan tabriklaymiz va loyihani yanada rivojlantirishini tilab qolamiz.
Yangilik manbasi: “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” rеspublika tanlovi natijalari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi, 2022-yil, 6-dekabr.
Loyihamiz haqida batafsil: “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish”.
Dek 3, 2022 | Yangiliklar
Xabaringiz bor 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni, shu munosabat bilan Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi, Yunusobod Kengashi deputati Shavkat Sayfullayev va bir guruh homiylar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2-dekabr «O‘zbegim» restoranida tadbir tashkil qildi.

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova, Sоfiya Akramova, Yunusobod Kengashi deputati Shavkat Sayfullayev va tadbirga hamkorlik qilgan tashkilotchilar
Tadbirni Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova ochib berib, nogironligi bo‘lgan insonlarni kun munosabati bilan qutladi hamda o‘z huquqlarini bilishlari kerakligini, doimo oldinga qarab harakat qilish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari Muhabbat Raimova tadbirni tashkillashtirishda o‘z hissasini qo‘shgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

«SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova tadbirni ochib berish jarayonidan lavha
Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan insonlarni kun munosabati bilan tabriklash uchun Ilhom Farmonov, Alisher Fayz, Firdavs, Mirjamol, va shu kabi boshqa yurtimizning ko‘zga ko’ringan san’atkorlari tashrif buyurishdi. Tadbir hamkorlaridan biri bo’lgan «Kremika» qandolatchilik sexi tomodidan mehmonlarga sovg‘alar ulashildi.

Tadbir hamkorlaridan biri bo’lgan «Кремика» qandolatchilik tsexi tomodigan mehmonlarga ulashilgan sovg‘alar
Tadbir so‘ngida tashkilotimiz faoliyatida yil davomida faollik ko‘rsatgan xodimlar: Dilmurod Yusupov, Go‘zal Rahmatullayeva, Yulduz Nigmatova, Zilola Toshpo‘latova, Aziz Abdullayev shuningdek tadbirni tashkil qilishda yaqindan yordam ko‘rsatgan Shavkat Sayfullayev, Ulug’bek Holmatov, «O‘zbegim» restorani tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Faol xodimlar uchun tayyorlangan tashakkurnomalar

Tadbir so‘ngida tashkilotimiz faoliyatida yil davomida faollik ko‘rsatgan xodimlar: Dilmurod Yusupov, Go‘zal Rahmatullayeva, Yulduz Nigmatova, Zilola Toshpo‘latova, Aziz Abdullayevning taqdirlanish marosimidan lavha
Noy 25, 2022 | Yangiliklar
22-noyabr Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasining umumiy faoliyat va amalga oshirilayotgan loyihalari haqida taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli «SHAROIT PLYUS» NJB va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan Oʻzbekiston tomonidan 2021-yilda ratifikatsiya qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) «Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida»gi konvensiyasini amalga oshirishda hukumatga yordam berish maqsadida hamkorlik qilib kelayotganligini ta’kidladi.
Jahon banki xodimlari bilan uchrashuv jarayonida ikki tomonlama hamkorlik masalalari, mamlakatdagi nogironligi boʻlgan shaxslarning bugungi ahvoli, shuningdek, ularning farovonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan keyingi chora-tadbirlarni muhokama qildik.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi Muhabbat Raximova tashkilot faoliyati haqida taqdimot qilish jarayonida
Birlashma raisi Muhabbat Raximova tashkilotimiz tarixi, bizning missiyamiz, maqsad va vazifalarimiz va shuningdek shu paytgacha amalga oshirilgan loyihalar haqida batafsil so‘zlab berdi. 2016-yildan buyon nogironligi boʻlgan insonlar va ularning oilalarining huquqlarini himoya qilish, ularning har tomonlama rivojlanishi va jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

«SHAROIT PLYUS» NJB missiyasi «Barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlari uchun to‘siqsiz va inklyuziv jamiyat yaratish»
Tashkilot hozirgi kunda nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslarni, balki nogironligi bo‘lmagan shaxslarni ham birlashtiradi. 2022-yil holatiga ko‘ra a’zolarining umumiy soni 101 kishini (ulardan 41 erkaklar va 60 ayollar) tashkil etdi. Umumiy 12 xodim tashkilotimizda faoliyat olib boryapti. Shuningdek, faoliyatimiz davomida 10 nafar volontyorlar muntazam ravishda beminnat xizmatlarini ko‘rsatishdi.
«SHAROIT PLYUS»ning eng dolzarb loyihalaridan biri «www.ishplus.uz rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish» loyihasi haqida Dilmurod Yusupov batafsil taqdimot qildi.

www.ishplus.uz loyihasi rahbari Dilmurod Yusupov loyiha taqdimot jarayonida
Yana bir boshqa loyihamiz «Media+» nogironligi bo‘lgan shaxslarga jurnalistika va blog yuritish kursi haqida loyiha rahbari Maftuna Usmanova taqdimot qildi. Maftunaning ta’kidlashicha jurnalistika bu O‘zbekistondagi jamiyat ongini nogironlikning ijtimoiy modeliga o‘tishida muhim instrumentlardan biri hisoblanadi. Ammo mahalliy OAVlar nogironlik va inklyuziya masalalarini yoritishda ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda.

Maftuna Usmanova Media+ kursi loyihasi taqdimoti jarayonida
Media+ kursining maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jurnalistika, blogerlik va PR haqidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali o‘zlarining muammolarini yoritish.

Jahon banki va «SHAROIT PLYUS» ramzlari tushirilgan tort
Uchrashuvning eng zo’r yakuni Jahon banki xodimlari tomonidan tayyorlagan tort bilan choy ziyofati bo’ldi!

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli www.ishplus.uz loyihasi koordinatori Aziz Abdullayev bilan tort kesish marosimi jarayonida
Okt 27, 2022 | Yangiliklar
25-oktyabr Jahon banki guruhining nogironlik masalalari bo‘yicha global maslahatchisi Sharlotta Makkleyn Nhlapo «SHAROIT PLYUS» NJB amalga oshirayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida ishplus.uz ofisiga tashrif buyurdi va tashkilot xodimlari bilan muzokaralar olib bordi.
Sharlotta Makkleyn Nhlapo xonimning tashrifidan maqsad Jahon bankining Oʻzbekiston hukumatiga BMTning «Nogironlar huquqlari toʻg’risida»gi Konvensiyani amalga oshirishda texnik koʻmagini amalga oshirishda ishtirok etishdan iborat boʻlib, u nogironlar jamoat birlashmalari vakillari bilan muntazam maslahatlashuvlarni oʻz ichiga oladi.

O‘ng tarafdan Jahon bankining nogironlik masalalari bo‘yicha global maslahatchisi Sharlotta Makkleyn Nhlapo
Sharlotta xonim Jahon banki guruhining nogironlar boʻyicha global maslahatchisi sifatida Jahon bankining siyosati, dasturlari va loyihalari nogironligi boʻlgan shaxslarni hisobga olishini ta’minlash uchun tashkilot boʻylab operativ guruhlar bilan ishlashga va ularni qoʻllab-quvvatlashga e’tibor qaratadi.

Oʻzbekistondagi Jahon banki vakolatxonasining Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha mutaxassisi Gulrano Tlepova
Oʻzbekistondagi Jahon banki vakolatxonasining vakili Gulrano Tlepova delegatsiyaning quyidagi maqsadlari haqida batafsil tushuncha berdi:
- Oʻzbekiston Respublikasining nogironlik masalalariga tegishli milliy qonunchiligini oʻrganib «Nogironlar huquqlari toʻg’risida»gi Konvensiya qoidalariga muvofiqligini aniqlash;
- Iqlim oʻzgarishining nogironligi boʻlgan shaxslarga ta’sirini oʻrganish maqsadida tadqiqotlar olib borish;
- Toshkent shahri nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirilganligini aniqlash maqsadida sharoitlar monitoringini oʻtkazish;
- «Nogironlar huquqlari toʻg’risida»gi Konvensiyaga a’zo davlatlarining BMT Komissiyasiga ma’lumotlarni toʻplash va muntazam mamlakat hisobotlarini tayyorlashda tajribalarini oʻrganish orqali Oʻzbekistonda Konventsiya monitoringi tizimini ishlab chiqish.

Jahon banki guruhining Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha mutaxassisi Deepti Samant Raja
Jahon bankining delegatsiyasining a’zosi Deepti Samant Raja hozirda tayyorlanayotgan O‘zbekistonning raqamli inklyuziyasi loyihasi haqida ma’lumot batafsil ma’lumot berib nogironligi bo‘lgan shaxslarni O‘zbekistonning rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyotiga qo‘shishga ko‘maklashish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirishi kerakligi haqida «SHAROIT PLYUS» xodimlaridan tavsiyalar oldi.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi Muxabbat Raximova
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova tashkilotning faoliyati va amalga oshirayotgan loyihalar haqida batafsil so‘zlab berdi va O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan muammolar va to‘siqlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Asosiy muammolardan shaharning jamoat infratuzilmasi va umuman atrof-muhit nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hisob olmaganligi va ular uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmaganligi, jamiyatimizda shakllangan turli stereotiplar va nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga nisbatan munosabat misollari keltirildi.
«SHAROIT PLYUS» faoliyati xayriya yondashuvidan yiroq bo‘lib biz asosan ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishida ishlaymiz. Kundalik faoliyatimiz va loyihalarimizda nogironlikning tibbiy yoki xayriya modeli emas balki ijtimoiy modelga asoslanib ish yuritamiz», dedi tashkilot rahbari Muhabbat Raximova.

«SHAROIT PLYUS» NJB Kengashi a’zosi Ulug’bek Mamatxanov
Yig’ilish davomida «www.ishplus.uz rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish» loyihasi haqida loyiha rahbari Dilmurod Yusupov hozirgi kunga qadar erishilgan yutuqlar va muammolar haqida batafsil gapirib berdi. O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sifatli ta’lim va munosib bandligini ta’minlash dolzarb muammo ekanligi ta’kidlandi va mehmonlar bilan oʻzaro savol javoblar orqali fikr-mulohazalar almashildi.

Jahon banki delegatsiya a’zolari «SHAROIT PLYUS» NJB jamoasi bilan
Okt 19, 2022 | Yangiliklar
18-oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining munosib mehnat va ijtimoiy adolat boʻyicha ixtisoslashgan agentligi Xalqaro mehnat tashkilotining bandlik boʻyicha katta mutaxassisi Kazutoshi Chatani «SHAROIT PLYUS» NJB amalga oshirayotgan «www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash» loyihasi ofisiga tashrif buyurdi.
Mirzo Ulug’bek tumani Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi ichida joylashgan www.ishplus.uz ofisida boʻlib oʻtgan yig’ilishda Oʻzbekistonda umuman nogironligi boʻlgan shaxslarni inklyuziyasi, xususan, ularni oʻqitish va munosib ish bilan ta’minlash muammolari atroflicha muhokama qilindi.
Mamlakatimizda inklyuziv iqtisodiy rivojlanish va nogironligi boʻlgan shaxslarninng iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun qanday sa’y-harakatlar va tashabbuslar zarurligi haqida Xalqaro mehnat tashkilotining mutaxassislari va www.ishplus.uz loyihasi xodimlari oʻzaro fikr-mulohazalar bilan almashishdi.

O’ng tarafda XMTning bandlik boʻyicha katta mutaxassisi Kazutoshi Chatani va XMTning Bandlikka ko‘maklashish masalalari bo‘yicha koordinator Anastasiya Dubova
www.ishplus.uz loyihasi asoschisi va rahbari Dilmurod Yusupov loyihasi faoliyati va maqsadi, uni 2021-yil yanvar oyidan boshlab amalga oshirish jarayonida aniqlangan muammolar va ularni yechish uchun amaliy takliflar haqida taqdimot qildi. Shu kungacha loyiha doirasida erishilgan natijalar haqida bir nechta indikatorlar ham taqdim etildi:
- www.ishplus.uz veb-portalida 897 nafar rfoydalanuvchi roʻyxatdan oʻtdi (799 nafar ish izlovchi va 87 nafar ish beruvchi);
- Nogironligi bolgan shaxslar uchun 531 ta boʻsh ish oʻrinlari (vakansiyalar) e’lon qilindi;
- Turli xil nogironligi boʻlgan ish izlovchilarning 597 ta rezyumelari chop etildi;
- Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 40 ta kasbiy tayyorgarlik kurslari haqida batafsil ma’lumot chop etildi;
- 411 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga inklyuziv bandlikka koʻmaklashish xizmatlari ko‘rsatildi;
- 2021-yil yanvar oyidan buyon 100 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar uzoq muddatli ish bilan ta’minlandi.

Dilmurod Yusupov taqdimot qilish jarayonida
XMTning bandlik boʻyicha katta mutaxassisi Kazutoshi Chatani www.ishplus.uz pilot loyihasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirilayotganligini alohida e’tirof etib O‘zbekiston hukumati bunday noyob hamkorlikni xalqaro hamjamiyatga namoyish etib faxrlanishi lozim ekanligini ta’kidladi. Chatani janoblari butun mamlakat bo‘ylab www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali tomonidan ko‘rsatilayotgan inklyuziv bandlik xizmatlarini kengaytirish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Vazirlikning Band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish boshqarmasi mutaxassisi Farida Begbutayeva yig’ilishda ishtirok etib www.ishplus.uz loyihasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Vazirlik bu sohada nogironligi bo’lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash bilan shug’ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtmalar berish tanloviga topshirilgan arizalar ko‘rib chiqlayotganligini ma’lum qildi.

Taqdimot jarayonida
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash uchun 3 foizlik kvotani amalga oshirish mexanizmini tizimli tahlil qilish va ochiq mehnat bozorida muayyan kasblarga boʻlgan talabni hisobga olgan holda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun koʻproq kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yig’ilish yakunida www.ishplus.uz loyihasi orqali muvaffaqiyatli ishga kirgan nogironligi bo‘lgan shaxslar haqida tashkilot tomonidan tayyorlagan qisqacha video roliklar namoyishi bo‘lib o‘tdi.