Oʻzbekiston Milliy Universiteti ijtimoiy ish yoʻnalishi talabalari SHAROIT PLYUS faoliyati bilan tanishdi

Oʻzbekiston Milliy Universiteti ijtimoiy ish yoʻnalishi talabalari SHAROIT PLYUS faoliyati bilan tanishdi

25 aprel, Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti «Ijtimoiy ish» yo‘nalishida tahsil olayotgan 20 dan ortiq 3-bosqich talabalari Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi ofisiga tashrif buyurdi va tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

«SHAROIT PLYUS» NJB rahbari Muhabbat Raximova tashkilot maqsad va vazifalari va amalga oshirayotgan loyihalari haqida taqdimot qildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar va ularning oila a’zolari bilan qanday ishlash kerakligi, ishlash jarayonida nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida talabalar bilan oʻzaro suhbat boʻlib oʻtdi.

Muhabbat Raximova OʻzMU ijtimoiy ish talabalari bilan

«SHAROIT PLYUS» da ilk amaliyot oʻtayotgan «Ijtimoiy ish» yoʻnalishidagi 4-bosqich talabasi Sofiya Akramova nogironligi boʻlgan bolalarning onalari bilan ijtimoiy ishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida oʻz tajribasi bilan boʻlishdi. Hozirda Sofiya «Nogironligi boʻlgan farzandi bor ota-onalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi koordinatori lavozimida faoliyat yuritib kelyapti.

OʻzMU ijtimoiy ish talabalari «SHAROIT PLYUS» ofisida

Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 6-sentyabr Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti bilan tashkilotimiz oʻrtasida 2021-2026 yillarga moʻljallangan oʻzaro hamkorlik toʻg’risida shartnoma imzolangan edi. Ushbu hamkorlikning maqsadlaridan biri «SHAROIT PLYUS» NJB «bazasida talabalar malakaviy amaliyotni oʻtkazishni tashkil etish.

«Ijtimoiy ish» yoʻnalishida tahsil olayotgan va nogironligi boʻlgan shaxslar va ularning oila a’zolari bilan ishlashga qiziqqan talabalarni tashkilotimizda amaliyot oʻtashga taklif etamiz. Iltimos, sharoitplus@gmail.com manzilimizga mavzu satrida “Amaliyot” ni ko‘rsatgan holda yuboring yoki tashkilotimiz rahbari Raximova Muhabbat Axrarovna bilan bog’laning. Tel: +998 (99) 817-24-64.

Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi Britaniya Kengashi uchun nogironlik tushunchasi boʻyicha trening

Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi Britaniya Kengashi uchun nogironlik tushunchasi boʻyicha trening

24 mart va 1 aprel kunlari SHAROIT PLYUS tashkilotining malakali trenerlari Dilmurod Yusupov va Ulug‘bek Mamatxonov Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi va Qozogʻistondagi vakolatxonasi xodimlari uchun onlayn trening o‘tkazdilar. Interaktiv trening turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish madaniyatiga oid nozik masalalarni muhokama qilish uchun xavfsiz platforma bo‘lib xizmat qildi.

Treningning maqsadi BMTning Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konventsiyasiga muvofiq nogironlikning ijtimoiy/inson huquqlari modeli nuqtai nazaridan nogironlikning umumiy kontseptsiyasini Oʻzbekiston va Qozog’istondagi Britaniya Kengashi xodimlariga tushuntirish, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar bilan toʻg’ri atama va muloqot madaniyatini oʻrgatish boʻldi. Ikki mamlakatdan Britaniya Kengashining qirqdan ortiq xodimi Zoom platformasida tashkil etilgan onlayn treningda ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalida Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ingliz tilidan imtihonlar o‘tkazish uchun turli xil nogironligi boʻlgan shaxslarga mos keladigan bir nechta inklyuziv vakansiyalarni e’lon qilgan edi: “IAM operatori (shaxsni tasdiqlovchi hodim)” va “Supervayzer yordamchisi”. Bir qancha nogironligi boʻlgan yoshlar mehnat shartnomasi tuzib, ayni paytda malaka oshirishdan o‘tayotganidan eshitib xursand boʻldik.

Bizning treningimiz Britaniya Kengashi xodimlariga ushbu nogironligi bo‘lgan xodimlar bilan ishlashga tayyorgarlik ko‘rishda oldini olish kerak bo‘lgan salbiy stereotiplar va noto‘g‘ri qarashlar haqida xabardorligini oshirishga yordam berdi. Treningni baholash bo‘yicha anonim so‘rovnomada ishtirokchilar trening ularga nogironlik tushunchasini yaxshiroq tushunishga va o‘ziga ishonchni oshirishga yordam berganini ta’kidladilar:

«Inklyuziv jamiyatni rivojlantirish uchun ko‘proq nima qilishimiz mumkinligi haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘ldim»
«Juda yaxshi taqdim etilgan material, amaliy, mustahkamlangan mavjud bilimlar»
“Mening nogironlik muammosi va talqini haqidagi tushuncham yaxshilandi. Men o‘zimni yanada ishonchli his qilyapman»
“Juda ma’rifiy va ilhomlantiruvchi trening ekan. Bu mavzu haqida ijobiy ohangda muhokama qilish yoqimli edi. Menda juda ko‘p foydali bilimlarga ega bo‘ldim»

Diqqat! Agar siz ham oʻz tashkilotingizni inklyuziv qilishni istasangiz, SHAROIT PLYUS trening koordinatori Ulugʻbek Mamatxonov bilan +998 (90) 113-25-52 (Telegram: @U_Mamatkhanov) orqali bogʻlaning yoki sharoitplus@gmail.com elektron manzilimizga yozing va xat mavzusida «Trening uchun ariza» deb ko‘rsating.

Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyasi muqobil hisobotini tayyorlash boʻyicha trening

Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyasi muqobil hisobotini tayyorlash boʻyicha trening

Tashkilotimiz xodimlari 12-13 aprel kunlari boʻlib oʻtgan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va BMTning Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha muqobil hisobot yozish mavzusidagi treningda ishtirok etishdi.

Maqolani tinglang (01:59)

 

Ikki kunlik trening BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi (IHBOKB), Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz va Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Treningda Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasining inklyuziv mehnatni targ’ib qiluvchi www.ishplus.uz loyihasi xodimlari Ulug’bek Mamatxanov, Aziz Abdullayev va Muzaffar Poʻlatovlar ishtirok etishdi.

“www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi xodimlari

Trening davomida BMTning Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyasining umumiy tushunchalari, prinsiplari va konsepsiyalari haqida Qirg’izistonda joylashgan Markaziy Osiyo boʻyicha BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi (IHBOKB) mutaxassislari Erkin Isakulov va Yuliya Votslava batafsil ma’lumot berishdi.

Markaziy Osiyo boʻyicha BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi (IHBOKB) mutaxassisi Erkin Isakulov

2023-yil Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyaning shartlari va vazifalarini bajarishi yuzasidan BMTning nogironlar huquqlari qoʻmitasiga hisobot kiritishi lozim. Bu hisobotni nafaqat Oʻzbekiston hukumati balki fuqarolik jamiyati institutlari shu jumladan nogironlar jamoat birlashmalari ham oʻz muqobil hisobotlarini yuborishlari mumkin.

Ulug’bek Mamatxanov Brayl yozuvidagi trening dasturi bilan tanishmoqda

Treningni tashkil qilishda Oʻzbekistonda nogironlik masalalari bilan shug’ullanuvchi yetakchi tashkilotlar vakillarining BMT Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi Konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha muqobil hisobotni tayyorlash koʻnikmalariga ega boʻlishi asosiy maqsad sifatida koʻrildi.

Keyingi yil Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi ham BMT Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi Konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha muqobil hisobotni yozishga oʻz hissasini qoʻshadi deb umid qilamiz.

Nogironligi boʻlgan bolalar va ularning ota-onalari bilan dam olish maskanlariga sayohat

Nogironligi boʻlgan bolalar va ularning ota-onalari bilan dam olish maskanlariga sayohat

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi «Nogironligi boʻlgan farzandi bor ota-onalarning huquq va imkoniyatlarini kengashtirish» loyihasi ishtirokchilarini farzandlari bilan birgalikda poytaxtimizda joylashgan «Anhor Lokomotiv» va «Magic City» dam olish maskanlariga sayohatlar tashkil qildi.

10 va 12-aprel kunlari nogironligi boʻlgan bolalar va ularning ota-onalari bilan birgalikda poytaxtimizda joylashgan «Anhor Lokomotiv» va «Magic City» dam olish maskaniga sayohat qildik.

«Anhor Lokomotiv» attraksionlar bog’iga kirishda

«Magic City» da yaqinda ochilgan Akvariumga sayohat tashkil qildik. Sokin muhitda turli xil baliqlar va dengiz mavjudodlarini tomosha qilish bolalar va onalarga xotirjamlik, taskinlik va zavq keltirdi.

Nogirionligi boʻlgan bolalar va ularning ota-onalari «Magic City» dam olish maskanida

«Rosa zoʻr akvarium ekan, mazza qilib dam oldik baliqlarini ko’rib madaniy xordiq chiqardik. Qizim ham rosa xursand boʻldi. Onalar hatto bolalardan koʻra koʻproq zavq olishdi, uydagi muhitni oʻzgartirib, madaniy dam olishdi. Hammamiz mazza qilib dam olib keldik!», – dedi onalardan biri.

Ushbu sayohatlarni tashkil qilishda yaqindan beg‘araz amaliy yordam berganligi uchun «Anhor Lokomotiv» va «Magic City» Akvarium ma’muriyatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz!

“SHAROIT PLYUS” NJB eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxatida 42-chi o‘rinni egalladi

“SHAROIT PLYUS” NJB eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxatida 42-chi o‘rinni egalladi

“SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi 2021-yil bo‘yicha «Eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari top – 50» ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) 2022-yil 31-yanvar e’lon qilgan bayonotidan ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil nodavlat notijorat tashkilotlari (NNTlar) faoliyatining «Ochiqlik indeksi»ni shakllantirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan NNTlar faoliyatining shaffoflik darajasini baholash metodikasi ishlab chiqilgan edi.  Mazkur metodika asosida 100 dan ortiq respublika NNTlari tomonidan 2021 yildagi faoliyati yuzasidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zNNTMA tomonidan baholash ishlari amalga oshirildi.

Ochiqlik (shaffoflik) standarti nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘z vazifa va maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonda oshkoralikni taʼminlashga xizmat qilib, faoliyatning ochiqligi, qonuniyligi, korrupsiyadan holiligi, hisobdorligi, shuningdek, ish uslubi va boshqaruvning ishonchliligi hamda samaradorligini taʼminlashga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.

Ilk bor amalga oshirilgan baholash natijalariga ko‘ra 2021 yil yakuni bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida eʼlon qilingan «Ochiqlik indeksi»da ishtirok etgan NNTlar ro‘yxatida «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi 42-chi o‘rinni egalladi. Ushbu natijaga ko‘ra tashkilotimiz nogironlar jamoat birlashmalari orasida O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatidan keyin 2-chi o‘rinni egalladi. Tashabbuskor nogironlar jamoat birlashmalari orasida eng yaxshi natijani qo‘lga kiritdik desa ham mubolag’a bo‘lmaydi.

Ochiqlik va shaffoflik bo‘yicha erishgan yutug’imiz bilan barcha birlashmamiz a’zolarini tabriklaymiz va 2022-yil erishilgan ko‘rsatkichni yanada yaxshilashga harakat qilamiz!

«SHAROIT PLYUS» NJB yillik hisobot yig’ilishini o‘tkazdi

«SHAROIT PLYUS» NJB yillik hisobot yig’ilishini o‘tkazdi

“SHAROIT PLYUS” NJB 2021-yil 1-dekabr amalga oshirayotgan loyihalari bo‘yicha yillik hisobot yig’lishini o‘tkazdi. «Grand Mir» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda birlashmamizning 2021 yil davomida olib borilgan faoliyati va loyihalari haqida to‘liq ma’lumot va hisobot berildi hamda kelgusi rejalar haqida fikrlar almashinildi va takliflar bildirildi.

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi 2016-yil 29-dekabrda davlat ro‘yxatiga olingan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar va jamiyat uchun turli xil tadbirlar, loyihalar va treninglar o‘tkazib kelmoqda. Tashkilotimizning joriy yillik hisobot yig’ilishida O‘zbekistonda BMTning ijtimoiy himoyani kuchaytirish qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishplus loyihasi alohida ta’kidlandi.

www.ishplus.uz portali maslahatchisi Yodgor Radjametov loyiha taqdimoti jarayonida

www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish bilan ta’minlash va ish topishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, ish izlovchiga ko‘nikmalari, ish qobiliyati, ish tajribasidan kelib chiqqan holda ayni vaqtda mavjud vakant ish o‘rinlarini taklif etadi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, UNICEF, Xalqaro mehnat tashkiloti va BMT Taraqqiyot Dasturi amalga oshirayotgan BMTning O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani yaxshilash bo‘yicha Qo‘shma Dasturi kichik granti va O‘zbekistonda YXHTning loyihalari koordinatori  ko‘magi asosida amalga oshirilyapti. 2021-yil 23-noyabrda ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda ilk bor “Inklyuziv biznes forum» tashkil etilgani ham ta’kidlab o‘tildi.

2021-yil 23-sentyabr tashkil etilgan Birinchi Inklyuziv biznes forumdan jamoaviy surat

Shuningdek, tashkilotimiz uch oy davomida “Toshkent shahrida nogironligi bolgan farzandlari bor ota-onalarning jamoaviy videodan foydalangan holda huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” bo‘yicha tadbirlar olib borgan. Jumladan, “O‘zimizni anglash”, “Qo‘rquvni yengish va ruhni poklash” kabi psixologik treninglar va “Farzandlarni qobiliyatlarini qanday to‘g’ri yo‘naltirish”, “O‘z muammolarini  ommaning oldida  erkin gapirish” kabi ijtimoiy treninglar tashkil etilgan. Tadbirda “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo’lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” doirasida olib borilgan «Sharoit+» audio podkast loyihasi va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan maxsus intervyular va ochiq suhbatlar haqida gapirildi.

Joriy yilning 16-18 sentyabr tashkil etilgan «Media+» kursidan lavha

Tadbirda joriy yilning sentyabr oyida tajribali spikerlar jamoasi bilan birgalikda jurnalistika va blogging boʻyicha nogironligi bor insonlar uchun «Media+» kursini tashkil etganligi va kursining asosiy maqsadi ishtirokchilarga axborot bilan qanday ishlash va OAV da faoliyat olib borish boʻyicha asosiy bilimlarni qulay tilda taqdim etish ekanligi takidlandi. Tadbirda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savol bilan murojaat qilib, mutaxassislardan javob oldilar. Yig’ilish soʻngida esa tashrif buyurganlar uchun tashkillarshitilgan maxsus konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Konsert dasturidan lavha

Fursatdan foydalanib 2021-yilda birlashmamiz bilan yaqindan hamkorlik qilgan barcha mahalliy va xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, volontyorlar va O‘zbekistonda barcha uchun to‘siqlardan holi va qulay sharoitlar yaratishga befarq bo‘lmagan «SHAROIT PLYUS» NJB faoliyatini qo‘llab-quvvatlaganlarga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. «Grand Mir» mehmonxonasiga doimiy tadbirlarimizni o‘tkazishga amaliy va beg’araz yordam berib turganlari uchun tashakkur bildiramiz.

Birlashmamiz faoliyatiga o’z xissangizni qo’shmoqchi boʻlsangiz Click/Payme orqali homiylik qilishingiz mumkin: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/