Yan 17, 2021 | Yangiliklar
2021-yil 13-yanvar kuni Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi tasarrufidagi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon kutubxonasida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» munosabati bilan «Imkoniyati cheklangan yoshlar: muammo va yechimlar» mavzusida Toshkent shahar Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari bilan ochiq muloqotda NJB Sharoit+ raisi Muxabbat Raximova ishtirok etdilar.
Mazkur ochiq muloqotda Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari: F.X. Karimova, B.N. Sagatov, A.R. Shermurodov va Sh.T. Siddiqova ishtirok etdilar. Shuningdek Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raxbari M. Rahimova hamda Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati murabbiy va o‘quvchilari faol ishtirok etib o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ochiq muloqot jarayonida. Foto: https://bilim.natlib.uz/bbs/content/1_226593
Imkoniyati cheklangan bolalar ta’limida yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Ko‘pchilikka sezilmaydigan, ammo minglab vatandoshlarimiz uchun dolzarbligicha qolayotgan mavzu yuzasidan qator deputatlar fikrlari bilan qiziqdik. Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputati F.X. Karimova o‘z ma’ruzasida Monomarkaz «Ishga marhamat» band bo‘lmagan aholini jumladan imkoniyati cheklangan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tashkilot haqida batafsil ma’lumot berdi.
F.X. Karimova ta’kidlashicha Monomarkaz faoliyatining asosiy vazifasi respublikaning barcha hududlarida ishsiz aholining, shuningdek imkoniyati cheklangan fuqarolarni bandligini ta’minlashdir. Turli yo‘nalishlarda kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil etish, ishsiz aholini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uyushgan mehnat migratsiyasi va chet elga vaqtincha ishlashga ketayotgan fuqarolarning dastlabki moslashuvida yordam berishdir.
Monomarkazning afzalligi – ta’limning yuqori sifati, kasb o‘zlashtirish uchun yaxshi sharoitlar bilan birga mavzu va mutaxassisliklarni mukammal o‘zlashtirishga yordam beradi.
Muloqot davomida 102-sonli maktab-internati o‘quvchilari bir qator savollar berib kelajakda qanday kasb egalari bo‘lishidan qat’iy nazar tashkilotning ijtimoiy ko‘magidan foydalanish yo‘llarini o‘zlashtirib oldilar. Uchrashuv davomida Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari B.N. Sagatov, A.R. Shermurodov o‘quvchilar bilan faol suhbat olib borib kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarida istalgan vaqtda murojaat qilishlarini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Ochiq muloqot jarayonida. Foto: https://bilim.natlib.uz/bbs/content/1_226593
Sh.T Siddiqova imkoniyati cheklangan yoshlarda ruhiy kechinmalarini o‘rganib, hayotga bo‘lgan zavqini oshirish maqsadida Olmazor tumanida joylashgan barcha internatlarda psixologik treninglar o‘tkazish rejalashtirganliklarini aytib o‘tdi. Tadbir so‘nggida Olmazor tumani AKM fondidagi ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan «Qalbim bilan ko‘ra olaman» deb nomlangan Brayl’ yozuvida kitoblar (Relef xarfli) ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Yan 12, 2021 | Yangiliklar
2021-yil 12-yanvar Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan davra suhbatida ishtirok etishdi. Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Muxitdinov Erkin Madorbekovich, O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Abdurahmonov ishtirok etib mamkalatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi keng muhokama qilindi va 2021-yilga reja qilingan ishlar haqida kelishib olindi.

O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Abdurahmonov
Muhokamada Sharoit+ amalga oshirayotgan “Maxsus rekruting veb-portali orqali imkoniyati cheklangan insonlarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi rahbari Dilmurod Yusupov va loyiha koordinatori Anisa Shamsutdinova faol ishtirok etishdi. Natijada vazirlik bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida, shuningdek, nogironligi bo‘yicha hech qanday kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishdagi teng sharoitlar yaratish va ularni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirishga kelishib olindi.

Muhokama jarayonida
Vazirlikning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra respublikamizda 629,3 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 162,2 ming nafari mehnat faoliyatining muayyan turlarini bajarish uchun layoqatli deb topilgan. Bu ko‘rsatkich jami nogironlarning 25%ni tashkil etadi. Shu jumladan, 7,2 ming nafari 1-guruh, 105,3 ming nafari 2-guruh, 49,7 ming nafari 3-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Mehnatga layoqatli bo‘lgan shaxslarni kasbi bo‘yicha tahlil qilganimizda 5,6 ming nafari o‘qituvchi, 2,7 ming nafari xamshira, 62,1 ming nafari ishchi hamda 60,8 mingdan ortig‘i boshqa kasb egalari bo‘lsa, 31 ming nafarini kasb malakasi yo‘qligi aniqlandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat bozorida turli ko‘rinishdagi to‘siqlar va kamsitishlarga duch kelishmoqda. COVID-19 pandemiyasi va qattiq karantin choralari ularning mehnat huquqlarini boshqalar bilan teng amalga oshirishga qanday ta’sir qildi? Bu haqida batafsil «Inklyuziv mehnat: pandemiya qanday o‘zgartirishlar kiritdi?» maqolasida o‘qishingiz mumkin.
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz Click yoki Payme orqali loyihamizga homiylik qiling: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/
Dek 21, 2020 | Yangiliklar
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi 2016-yil 29-dekabrida davlat ro’yxatidan o’tgan nodavlat notijorat tashkilot (NNT). Bizning tashkilotimiz faqatgina nogironligi bor insonlarni emas, balki O’zbekistonda hamma uchun to’siqlardan holi va inklyuziv jamiyatni yaratishda ularga yordam berishni istagan barchani birlashtiramiz. Jamoamiz bilan hamkorlika 12 oylik loyihani amalga oshirish uchun Loyiha koordinatorini izlayapmiz.
Vazifalar:
- maxsus rekruting veb-portalida nogironligi bo’lgan ariza beruvchilarning rezyumesi ma’lumotlar bazasi asosida nogironligi bo’lgan malakali xodimni tanlash uchun O’zbekistonda potentsial ish beruvchilar (yirik xususiy kompaniyalar va davlat idoralari) bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatish va hamkorlikni muvofiqlashtirish.
- xususiy va davlat sektori vakillarini nogironlarni ularning potentsial fazilatlaridan kelib chiqqan holda va O’zbekistondagi nogironlarni ish bilan ta’minlashning muvaffaqiyatli namunalari asosida ishga yollashga ishontirish va rag’batlantirish (o’rnak modellarini targ’ib qilish).
- maxsus rekruting veb-portalida nogironlar uchun ochiq bo’sh ish o’rinlari to’g’risidagi ma’lumotlarni yuklash va potentsial ish beruvchilarning talabi va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda nogironligi bo’lgan ish izlovchilarni saralash.
- potentsial ish beruvchilarga nogironlarni ish bilan ta’minlashning afzalliklari to’g’risida O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq (ish beruvchilarning nogironlarni ish bilan ta’minlashning afzalliklari va preferensiyalari to’g’risida xabardorligini oshirish, nogironlar uchun 3% mehnat kvotasi, kompaniyaning imidjini oshirish va uning korporativ ijtimoiy ma’suliyatini oshirish) va va boshqalar.
- potentsial ish beruvchilar va nogironligi bo’lgan ish izlovchilar uchun nogironlik va nogironligi bo’lgan insonlarni ish bilan ta’minlashni tartibga soluvchi qonunchilik va huquqiy-normativ hujjatlar bo’yicha seminarlar / treninglar o’tkazish
- turli xil nogironligi bo’lgan ish izlovchilarga onlayn va telefon orqali amaliy yordam ko’rsatish (portalda rezyumeni to’g’ri to’ldirishda ko’maklashish)
Ish tartibi: moslashuvchan ish jadvali
Ish joyi: online va offlayn
Ish davomiyligi: 12 oy (2021-yil yanvardan 2022-yil yanvargacha)
Talablar:
- minimal ta’lim talablari: to’liq o’rta ma’lumot yoki kollej darajasida kasb-hunar ta’limi yoki tugallangan oliy ma’lumot
- O’zbekistonda nogironlarning mehnat huquqlarini himoya qilish bo’yicha mehnat qonunchiligini qo’llash sohasida minimal ish tajribasi
- tilni bilish talablari: o’zbek va rus tillarini mukammal bilish, ingliz tilini majburiy emas ammo kerakli darajada bilish katta plyus hisoblanadi
- Ushbu vakansiyaga nogironligi bo’lgan shaxsni qabul qilish tavsiya etiladi, u allaqachon O’zbekistonda mehnat qilish bilan bog’liq muammolarga duch kelgan va yo’lidagi barcha to’siqlardan muvaffaqiyatli o’tish tajribasiga ega nogironligi bo’lgan shaxs ushbu lavozimga kuchli nomzod bo’ladi. Shuningdek, biz ushbu vakansiyaga nogironligi bo’lmagan shaxslardan ham arizalarni qabul qilishga ochiqmiz.
To’lov shartlari: Oyiga 2 500 000 so’m to’lov shartnoma yoki shtat jadvaliga binoan 100% naqd pulsiz to’lov shaklida loyiha koordinatorning shaxsiy hisob raqamiga o’tkaziladi. To’lov har oy oxirida NJB Sharoit+ raisi tomonidan tasdiqlangan bir oy davomida bajarilgan ishlar to’g’risidagi hisobotga muvofiq bajarilgan ishlarning dalillari bo’yicha amalga oshiriladi.
To’liq rezyume va motivatsiya xatlaringizni elektron manzilimizga: sharoitplus@gmail.com 2021-yil 4-yanvarga qadar yuboring. Motivatsiya xatida uchta savolga javob bering:
- Nega aynan siz ushbu vakansiyaga loyiq nomzodsiz?
- Nogironligi bo’lgan insonlarni mehnat qilish sohasida qanday tajribaga egasiz?
- Nogironligi bo’lgan insonlarni munosib ish o’rinlari bilan ta’minlash uchun nima qilish kerak?
Dek 12, 2020 | Yangiliklar
COVID-19 pandemiyasi ko’zi ojiz bolalar ta’limidagi qanday muammolarni ko’rsatib qo’ydi va ularni yechimni topish uchun nimalarni qilish kerak? Sharoit+ podkastining navbatdagi soni shu haqida.
Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, respublikamizda 86 ta jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar uchun ixtisoslashgan maktab va maktab-internatlar mavjud. Ularda jami 21 363 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. COVID-19 pandemiyasi va O’zbekistonda qo’llanilgan qattiq karantin choralari maktablarni yopib barcha darslarni televizor yoki Internet orqali onlayn tarzda tashkil etishga majbur qildi. Bunday keskin choralar ko’zi ojiz bolalar ta’limiga qanday ta’sir o’tkazdi?
Ko’zi ojizlar ta’limi sohasida to’planib qolgan masalalarni muhokama qilish uchun Sharoit+ podkastining 3-soniga O’zbekiston ko’zi ojizlar jamiyati Qashqadaryo viloyati bo’limi raisi, psixolog va pedagog Po’latov Xaqnazar aka, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi G’iyosov Mirali hamda doimiy mehmonimiz Sasseks Universiteti doktoranti Dilmurod Yusupovni taklif qildik. Moderator: Ulug’bek Mamatxonov.
Google Podcast ilovasida Sharoit+ podkastiga obuna bo’ling.
Ushbu podkast turli xil nogironligi bo’lgan bolalar va ularning ota-onalari, yoshlar hamda kattalar ovozi bo’lishiga ishonamiz va umid qilamiz!
Dek 8, 2020 | Yangiliklar
“SHAROIT PLYUS” NJB O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi bilan hamkorlikda Davlat amaliy san’at muzeyi xodimlari uchun seminar trening o’tkazdi.
4 dekabr Sharoit+ tashkiloti rahbari Muxabbat Raximova Davlat amaliy san’at muzeyi xodimlari uchun Sharot cheklanganlik tenglik treningini o’tkazdilar. Seminar-treningda muzeyning asosiy xodimlari va rahbari qatnashishdi. Tadbrida nafaqat Davlat amaliy san’at muzeyi xodimlari balki Zoom orqali boshqa madaniyat sohasi vakillari ham ishtirok etishdi.

Davlat amaliy sa’nat muzeyidagi seminar-trening jarayonida
Ushbu trening oraqli O’zbekiston muzeylari va madaniyat muassasalarini inklyuziv qilish va bunday joylarda jismoniy imkoniyati cheklangan insonalrga qanday munosabat qilish va ularga qanday oqilona qulayliklar yaratish kerakligini interaktiv mashqlar orqali tushuntirish vazifasi qo’yilgan. Treningdan so’ng muzey vakillari bilan ochiq davra suhbati ham bo’lib o’tdi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi «SHAROIT PLYUS» NJB bilan ijtimoiy hamkorlikda kelajakda bunday trening-seminarlarni kengaytirish orqali boshqa madaniyat muassasalarida ham o’tkazishni kelishib olishdi.
«Bizlar bu trening orqali bunday fikrlash doiramiz va tushunchamiz kengayadi deb o’ylamagan edik. Faqat imkoniyati cheklangan insonlar haqida ma’lumot olamiz deb o’ylagan edik. Lekin kutkanimizdan ortiq natija oldik. Demak biz yanada ham o’rganishimiz va dunyo qarashimizni kengaytirishimiz kerak ekan…» degan fikrlarni trening ishtirokchilari bildirishdi.

Seminar-trening qo’llanmalari
Eslatib o’tamiz o’tgan yili Sharoit+ Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi sakkizta madaniyat muassasasida sinov tariqasida sharoitlar monitoringini o‘tkazishdi. Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar madaniy hayotda ishtirok etishda teng huquqlimi? Madaniyat muassasalarida ular uchun qanday sharoitlar yaratish kerak? Shu savollarga javob topish uchun sharoitlar monitoringi orqali izlanishlar olib borildi. Batafsil Gazeta.uzda chop etilgan «Sharoiti yo‘q madaniyat» maqolasida o’qing va monitoring jarayonida olingan video lavhalarni ham tomosha qiling:
Agar siz ham tashkilotingizni inklyuziv qilmoqchi bo’lsangiz biz bilan bog’laning. Sharoit cheklganglik tenglik treningi haqida batafsil ma’lumot: https://sharoitplus.uz/det-uz/
Telefon: +998 99 8172464
Dek 5, 2020 | Yangiliklar
Sharoit+ podkastining navbatdagi soni 3-dekabr Xalqaro nogironlar kuni haqida. Bu kun qanday nishonlanishi kerak? Nogironligi bo’lgan shaxslarni bu bayram bilan tabriklash mumkinmi?
Har yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti 3-dekabr Xalqaro nogironlar kunini dunyo miqyosida nishonlashga chorlaydi va ushbu kun mavzusini tanlaydi. 2020-yil mavzusi «Nogironligi bo’lgan shaxslarning ehtiyojlarini inobatga oladigan, COVID-19 pandemiyasidan so’ng inklyuziv va barqaror dunyo sari» deb tanlangan.
BMTning ta’kidlashicha nogironligi bo’lgan shaxslarni jamiyatga jalb qilish inson huquqlarini ta’minlash, barqaror rivojlanishga erishish va tinchlik va xavfsizlikni o’rnatish uchun juda muhimdir. Shuningdek, nogironlik masalalari 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibining asosiy maqsadlaridan biridir. Nogironlarni huquqlarini himoya qilish nafaqat adolat masalasi, balki umumiy kelajakka sarmoya hamdir.
Bu yil COVID-19 inqirozi dunyodagi tengsizlik va nogironligi bo’lgan insonlarni chetlatishga olib keldi. Bu esa nogironlarigi bo’lgan insonlarni jamiyatga qo’shishni bizning eng katta vazifamiz ekanligini ta’kidladi. Dunyoda bir milliardga yaqin nogironligi bo’lgan odamlar yashaydi va ular pandemiyadan eng ko’p zarar ko’rgan jamiyatimizdagi eng otrda qoldirilgan guruhlardan biri.
Oddiy sharoitlarda ham nogironligi bo’lgan insonlarni sog’liqni saqlash, ta’lim olish, ishga joylashish va jamoatimizda ishtirok etishlari uchun kam imkoniyatga ega. O’zbekistonda nogironligi bo’lgan insonlar chetda qolmasligi uchun kompleks chora-tadbirlar zarur. Bizning davlatimizda madaniyat va urf-odatlarimizdan kelib chiqqan holda 3-dekabr qanday nishonlanadi? Bu bayrammi o’zi?
Shu savollarni muhokama qilish uchun Sharoit+ podkastining 2-soniga O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining Ta’lim va inklyuziya boshqarmasi boshlig‘i Madina Badalova, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazining psixologi va «Mo’jizalar vaqti» («Vremya chudes») volontyorlik harakati asoschisi Shirin Abidova hamda doimiy mehmonimiz Sasseks Universiteti doktoranti Dilmurod Yusupovni taklif qildik . Suhbatimiz juda ham qiziqarli va samimiy bo’ldi. Moderator: Ulug’bek Mamatxonov.
Yuqoridagi podkastni tinglang yoki Google Podcast ilovasida Sharoit+ podkastiga obuna bo’ling.
Ushbu podkast turli xil nogironligi bo’lgan bolalar va ularning ota-onalari, yoshlar hamda kattalar ovozi bo’lishiga ishonamiz va umiq qilamiz!
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz Click yoki Payme orqali loyihamizni qoʻllab quvvatlashingiz mumkin. Homiylik boʻyicha barcha qoʻshimcha maʼlumotlarni https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/ sahifamizdan olishingiz mumkin.