May 29, 2025 | Yangiliklar
2025-yil 28-may kuni tashkilotimiz tomonidan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan bepul kompyuter kursining ilk darsi muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazildi.
Kurs ishtirokchilari ilk darsda kompyuter qurilmalari, operatsion tizimlar va gapiruvchi dasturlar bilan tanishdilar. Dastlabki mashg‘ulotlar tinglovchilarning texnologik savodxonligini oshirish, ularni mustaqil ishlashga tayyorlashga qaratildi. Darslar gibrid shaklda (offlayn va onlayn tarzda) to‘qqiz nafar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilarga o‘tilmoqda.

Kompyuter kursi ko‘ngilli o‘qituvchisi Farrux Jumanazarov avval Toshkent shahar «Ishga Marhamat» monomarkazi bilan biz yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida “Kompyuter operatorlik” kursida dars bergan.
Darslar Yunusobod tumanidagi zamonaviy texnika bilan jihozlangan kovorking markazimiz ichidagi kompyuter xonamizda o‘tkazilmoqda. Ushbu xonamiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan nogironligi bo‘lgan yoshlarni kreativ sohalarda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha doirasida texnik jihozlangan edi.

Dars jarayonidan lavha
Kurs 3 oy davom etadi va ishtirokchilar kompyuter ichki va tashqi qurilmalari, operatsion tizimlar, kompyuter grafikasi, gapiruvchi dasturni (NVDA) kompyuterga o‘rnatish va sozlash, MS office dasturlar paketi bilan ishlash, Adobe Reader, Abby fine reader, Bookworm hamda Openbook dasturlaridan foydalanish, shuningdek, my.gov.uz Yagona davlat xizmatlari portalida foydalanishni o‘rganishadi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: +998 (99) 559-23-70 (Farrux Jumanazarov, o‘qituvchi), +998 (97) 132-88-33 (Kamola Davlatova, o‘qituvchi assistenti)
Manzil: Yunusobod tumani, Xiyobon ko‘chasi, 22-uy.
Lokatsiya: Yandex xaritada ochish
Matn: Dilmurod Yusupov
Suratlar: Sofiya Akramova
May 27, 2025 | Yangiliklar
2025-yil 26–27-may kunlari Yunusobod tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi ekspertlari tomonidan Yunusobod tumanining ijtimoiy xodimlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-treningning maqsadi – ijtimoiy xodimlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlarining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, shuningdek, ushbu toifadagi fuqarolar bilan samarali hamkorlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.

“SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muhabbat Raximova treningning asosiy fasilitatori bo‘ldi
Trening davomida quyidagi asosiy jihatlar ko‘rib chiqildi:
- Nogironlik tushunchasi: inson huquqlari va ijtimoiy inklyuziya nuqtai nazaridan nogironlikning zamonaviy talqini.
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning asosiy ehtiyojlari guruhi: jismoniy, emotsional, ijtimoiy, ta’lim va kasbiy ehtiyojlar.
- Nogironligi bo‘lgan odamlar duch keladigan to‘siqlar: arxitektura, axborot, psixologik va institutsional to‘siqlar.
- Etik muloqot va o‘zaro ta’sir tamoyillari: hurmatli munosabat, maxfiylikka rioya qilish, xavfsiz va qulay muhit yaratish.
- Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar: ehtiyojlarni aniqlash, individual yondashuv, ijtimoiy hamkorlik va sheriklik va boshqalar.

Nogironligi bo‘lgan insonlarning inklyuziyasi bo‘yicha “SHAROIT PLYUS” eksperti Zarina Uzakova trening o‘tkazmoqda
Seminar-trening yakunida “SHAROIT PLYUS” trenerlari ishtirokchilar bilan nogironligi bo‘lgan bolalar bilan ishlovchi maxsus markazlar va faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) ro‘yxatini bo‘lishdi, shuningdek, bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Agar siz ham o‘z tashkilotingizni inklyuziv qilishni istasangiz, bizning ijtimoiy korxonamiz MChJ “PRAXIS PLUS”ga info@praxis.uz elektron pochta manziliga yozing va xat mavzusida “Treningga ariza” deb ko‘rsating. Sizning ehtiyojlaringizga qarab, mutaxassislarimiz sizning inklyuziv rivojlanishingiz uchun maxsus o‘quv dasturini ishlab chiqishadi hamda xodimlaringizning ushbu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishda yordam berishadi.
Matn muallifi: Zarina Uzakova
Muharrir: Dilmurod Yusupov
May 7, 2025 | Yangiliklar
2025-yil 2-may kuni Toshkent shahrida inklyuziv jamiyat sari muhim qadamlardan biri bo‘lgan — Uchinchi Inklyuziv Biznes-Forum bo‘lib o‘tdi. Forum O‘zbekiston mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, nogironligi bor shaxslarning iqtisodiy faolligini oshirish va xususiy sektorni inklyuziv yondashuvlarga rag‘batlantirishga qaratildi.
Tadbir “Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni maxsus rekryuting veb-portal — www.ishplus.uz orqali ish bilan ta’minlash” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyihaga The Stirling Foundation moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi. Tashkilotchilar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi, Toshkent shahar nogironlar jamoat birlashmasi “SHAROIT PLYUS”, BMT Taraqqiyot Dasturi, Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti va boshqa milliy hamda xalqaro hamkorlar bo‘ldi.

Bandlik orqali inklyuziya va umumiy qadriyatlarni ilgari surish panel sessiyasida Shvetsiyalik hamkorlarimiz Raoul Foundation va WiljaGruppen o‘z tajribalari bilan almashishdi
“‘Sharoit Plus’ nomi – bu imkoniyat va umidning timsoli. Biz insonlarga shunchaki ‘sharoit’ yaratib berishdan ko‘ra, ularning orzulariga yetishishiga ishonch berishni, ular bilan birga yurishni maqsad qilganmiz. Har bir ishga joylashgan inson ortida bir oila, bir jamiyat, bir umid turibdi. Biz bunga faqat statistik ko‘rsatkich sifatida emas, balki insoniy taqdir sifatida qaraymiz. Bu forum orqali bildikki, agar har birimiz ozgina e’tibor va tushunishni namoyon qilsak, har qanday devorni ko‘prikka aylantirishimiz mumkin. Endi esa bu harakatni to‘xtatish emas, balki butun respublika bo‘ylab yanada kengaytirish va chuqurlashtirish vaqti keldi.” – deydi Toshkent shahri nogironlar jamoat birlashmasi “SHAROIT PLYUS” rahbari Muhabbat Raximova

Aziz Abdullayev, «PRAXIS PLUS» MCHJ ijtimoiy korxonamiz direktori vazifasini bajaruvchisi inklyuziv korporativ madaniyat: hammaga mos ish muhitini qanday yaratish kerakligi haqida taqdimot qildi
100 dan ortiq ishtirokchi — xususiy kompaniyalar, davlat muassasalari, xalqaro tashkilotlar va NNT vakillari — forumda ishtirok etdi. Tadbir gibrid shaklda o‘tkazildi, Zoom va YouTube platformalari orqali jonli efirda yoritildi. Sinxron tarjima rus, ingliz va o‘zbek ishora tillarida taqdim etildi, bu esa uni yanada keng auditoriyaga ochdi.
Forumning asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoriga to‘laqonli jalb etish uchun biznes vakillari qarashlarini o‘zgartirish, mavjud davlat imtiyozlari haqida xususiy sektorga yetarli axborot berish va jamiyatda inklyuziv mehnatga doir ijobiy qarashni shakllantirish edi. Shuningdek, ishtirokchilarga real hayotdagi muvaffaqiyatli keyslar, ish beruvchilarning amaliy tajribalari va inklyuziv yondashuvlardan foyda ko‘rgan korxonalar taqdim etildi.

O‘zbekiston mehnat bozorida inklyuziv bandlikni ta’minlash uchun faol siyosat panel sessiyasida
Forum doirasida quyidagi besh asosiy yo‘nalish bo‘yicha panel sessiyalar tashkil etildi:
- Ish joylarida inklyuziya: ovqatlanish, chakana savdo, bank va xizmat ko‘rsatish sohalarida nogironligi bor xodimlar bilan ishlash tajribalari;
- Korporativ madaniyat va inklyuziv liderlik: rahbariyat va HR bo‘limlarining o‘zgaruvchan ehtiyojlarga moslashuvi;
- Davlat siyosati va rag‘batlar: inklyuziv ish beruvchilar uchun mavjud subsidiyalar, soliq imtiyozlari va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari;
- Xalqaro tajriba: Shvetsiyadagi ijtimoiy korxonalar tajribasi asosida inklyuziv yondashuvlar;
- Inklyuziv mehnat bozorining istiqbollari: 2027-yilgacha mo‘ljallangan strategik chora-tadbirlar.

Nogironligi bo‘lgan insonlarni ishga joylashtirishda ish beruvchilarga beriladigan subsidiyalar va imtiyozlar haqida Jahongir Baxromov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi bosh mutaxassisi taqdimot qildilar
Spikerlar safida Safia Cafe & Bakery, EVOS, Tashkent City Mall, Kapitalbank, Yandex Go, ALPHA, PRAXIS PLUS, CARE CSR kabi yirik kompaniyalar vakillari, ta’lim tashkilotlari, davlat idoralari va Shvetsiyalik ekspertlar ishtirok etdi.

«Sharoit Plyus» a’zosi Ahmaral Mamanova savol beryaptilar
Muhokamalar davomida quyidagilar alohida e’tiborga olindi:
- Nogironligi bor yoshlarga kasbiy tayyorgarlik berish tizimini kuchaytirish zarurati;
Inklyuziv muhit yaratishda jamiyatdagi stereotiplar va stigma bilan kurashishning dolzarbligi;
- Nogironligi bor ayollarning bandligini oshirish bo‘yicha maxsus strategiyalar ishlab chiqish zarurati;
- Inklyuziv ish joylarini aniqlash, baholash va targ‘ib qilish uchun monitoring tizimini yaratish taklifi.

Forum ishtirokchisi savol beryaptilar.
Forum yakunida 2027-yilgacha bo‘lgan davr uchun inklyuziv mehnat bozorini rivojlantirishga doir aniq tavsiyalar va amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan tahliliy hujjat ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu hujjat xususiy sektor, davlat idoralari va fuqarolik jamiyatining yanada samarali hamkorligi uchun yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Forumda ishtirok etish imkoningiz bo‘lmagan bo‘lsa, unda YouTube kanalimizda yozib olingan jonli efirni tomosha qiling.
Batafsil ma’lumot forum veb-saytida: https://forum.ishplus.uz/
Suratlar muallifi: Mariya Malinovskaya
Matn muallifi: Durdona Shavkatova
Tahrir: Dilmurod Yusupov
Apr 13, 2025 | Yangiliklar
Mazkur forum inklyuziv mehnatga jalb qilish amaliyotini ilgari surish va korporativ ijtimoiy mas’uliyatni oshirish maqsadida biznes, davlat tashkilotlari, xalqaro hamda jamoat tashkilotlari vakillarini birlashtiradi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoridan chetlatish nafaqat ijtimoiy, balki jiddiy iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, nogironlar bandligining yetarli darajada ta’minlanmagani kambag‘al va o‘rta daromadli mamlakatlarga YAIMning 7% gacha yo‘qotishga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, biznes nogironligi bo‘lgan shaxslarni inkor etib, o‘z jamoasini xilma-xillik orqali kuchaytirish, kreativlik va innovatsionlik darajasini oshirish hamda bozordagi obro‘sini mustahkamlash imkoniyatini boy beradi.
2025 yil 2 may kuni Toshkent shahrida “SHAROIT PLYUS” nodavlat notijorat tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi hamkorligida Uchinchi Inklyuziv biznes-forumi bo‘lib o‘tadi. Forum gibrid formatda — oflayn va Zoom hamda YouTube orqali onlayn tarzda o‘tkaziladi.
Forum — bu biznes, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan. Bu — o‘z kompaniyasida inklyuziya tamoyillarini muvaffaqiyatli joriy etgan ish beruvchilarni tinglash uchun noyob imkoniyat. Forumda haqiqiy keyslar, instrumentlar va davlat qo‘llab-quvvatlash choralar muhokama qilinadi.
Forumning asosiy mavzulari:
- Biznesda inklyuziya amaliyoti: ommaviy ovqatlanish, savdo, bank sektori va raqamli xizmatlar sohasidagi muvaffaqiyatli keyslar taqdimoti
- Inklyuziv ish beruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash: subsidiyalar, kvotalar, soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar
- Inklyuziv yetakchilik: korporativ madaniyatni rivojlantirish, xodimlarni o‘qitish va fikrlash tarzini o‘zgartirish
- IshPlus.uz maxsus rekruting platformasi taqdimoti, u orqali Toshkent shahrida 500 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxs munosib ish bilan ta’minlangan
- Inklyuziv bizneslar uchun mukofotlar: “Yilning eng inklyuziv ish beruvchilari” sovrinini topshirish
Forum ishtirokchilari va hamkorlari qatorida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Ish beruvchilar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi va xalqaro tashkilotlar — Raoul Foundation va WiljaGruppen ham bor. Ular Shvetsiyadagi inklyuziv mehnat modellari bilan o‘rtoqlashadilar.
Forum kimlar uchun ochiq:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga jalb qilishga qiziqqan yirik, o‘rta va kichik biznes vakillari
- Nogironligi bor yoshlar va ijtimoiy zaif guruhlar bilan ishlovchi jamoat tashkilotlari
- Mehnat bozorida inklyuziya mavzusini yoritishni istovchi OAV va blogerlar
Ishtirok etish bepul, oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi. Oflayn ishtirokchilar uchun joylar soni cheklangan. Batafsil ma’lumot forum veb-saytida: https://forum.ishplus.uz
Fev 3, 2025 | Yangiliklar
2016-yilda tashkil etilgan “SHAROIT PLYUS” nodavlat notijorat tashkiloti barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlari uchun to‘siqsiz va inklyuziv jamiyat yaratish harakatida faoliyati yuritib kelmoqda. «SHAROIT PLYUS» inklyuziv jamoasi nogironligi bo‘lgan va nogironligi bo‘lmagan faol shaxslardan iborat.
Ish vazifalari:
- Audiokitoblar uchun matnlarni ravon va ifodali tarzda o‘qish;
- Nutq ravonligi, talaffuz va ohangga e’tibor berish;
- Matn mazmuniga mos ovoz va intonatsiyani tanlash;
- Loyihaga muvofiq, belgilangan muddatlarda yozuvlarni amalga oshirish;
- Yozib olingan audiofayllarni sifat nazoratidan o‘tkazish va kerak bo‘lsa, qayta yozish;
- Texnik jamoa bilan hamkorlikda ovoz sifatini yaxshilash;
Talablar:
- Ovoz sohasida kamida bir yillik tajriba yoxud shunga xos ishlar namunasi;
- Toshkent shahridagi studiyaga (yoki shaxsiy studiyaga ega bo‘lish talab etiladi) belgilangan vaqtda kelib o‘qib berish va ishga mas’uliyat bilan yondashish;
- Montaj va ekspert nazoratidan keyin kamchiligi bor deb topilgan jumlalarni qayta o‘qib berish;
Ish sharoitlari:
- Saralash bosqichidan o‘tgan nomzodlar bilan rasmiy fuqarolik-huquqiy shartnomasi imzolanadi;
- Sohadagi raqobatdosh ish haqi taklif qilinadi;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarga kitob o‘qishda qulaylik yaratish uchun jamiyatga hissa qo‘shish imkoniyati.
- Shuningdek, sohada tajribasi yo‘q, ammo iqtidorli va ko‘ngillilarni ham chorlab qolamiz. Saboqlarni o‘zlashtirib, audio kitoblar borasida mahorat ko‘rsatsalar ularga ham pullik shartnoma taklif qilamiz.
Qanday qilib vakansiyaga ariza topshirish kerak?
Yan 21, 2025 | Yangiliklar
Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” NJB xodimlari uchun “Gender tengligi, gender zo‘ravonlikka nisbatan inklyuziv xizmatlar” turkum treninglarning o‘tkazildi. Treninglarni Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi treneri Venera Ermetova olib bordilar.
2024-yil 21-dekabr va 2025-yil 18-yanvar kunlari tashkilotimiz bosh ofisida “Gender tengligi va gender zo‘ravonlikka nisbatan inklyuziv xizmatlar” turkum treninglar tashkil etildi. Ushbu treninglar davomida «SHAROIT PLYUS»ning turli xil ijtimoiy loyihalari xodimlari, a‘zolari hamda ko‘ngillilari gender tengligi, gender zo‘ravonlik va uning sabablari, ijtimoiy-madaniy me’yorlar, gender stereotiplar va nogironlik haqida qizg‘in muhokamalar orqali bilimlarini kuchaytirishdi.

Trening ishtirokchilari
Treningni o‘tkazishdan asosiy maqsad: nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga nisbatan gender zo‘ravonlik holatlariga javoban ijtimoiy-psxologik va huquqiy xizmatlar taqdim etish asoslari bo‘yicha mutaxassislarning salohiyatini oshirish bo‘ldi.
Trening vazifalari:
- Xotin-qizlarga nisbatan gender zo‘ravonlik sabablarini taxlil qilish.
- Hukmronlik va kuchlar nisbati haqida ma’lumot berish.
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar (erkaklar va xotin-qizlar)ga nisbatan shafqatsiz munosabat sabablarini muhokama qilish.
- Interseksionallik yondashuvi bilan tanishtirish.

Trening jarayonida
Trening interaktiv metodlar bilan olib borilib, baxs-munozaralarga, qarama-qarshi fikrlarga hamda amaliy keyslarga boy bo‘ldi. Mavzular yuzasidan ishtirokchilar o‘z nogironlik holatlaridan kelib chiqib, duch kelgan muammolari va ularning yechimlari bilan bo‘lishdilar. Malakali trener Venera Ermetova nafaqat ishtirokchilarga bilim berganligi balki, ulardan ko‘plab hayotiy keyslar o‘rganganliklarini aytib, kelgusida ishtirokchilar orasidan yaxshi trenerlar chiqishiga ishonch bildirdi.
Trening so‘nggida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muhabbat Axrarovna treningda ishtirok etgan barchaga samimiy minnatdorchilik bildirib, tashkilotimiz nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotini yanada qulaylashtirishda hamda ularga yetarlicha sharoitlar yaratilishida yaqindan yordam berishini va jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosib bog‘lam bo‘lishini ta‘kidladi.
Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi malakali treneri Venera Ermetovaga o‘z vaqtlarini ajratib turkum treninglarni bosh ofisimizga kelib beg‘araz o‘tib berganlari uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Matn: Madina Po‘latova
Tahrir: Dilmurod Yusupov