Sen 23, 2024 | Yangiliklar
2024-yil 20-sentyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida, inklyuziya masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir gibrid formatda tashkil etilib, unda 100 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar IT sohasidagi yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Tadbirni ochib berish uchun Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Sobirova Kamola Shavkatovna o‘z nutqida nogironligi bo‘lgan shaxslarni hayotida raqamli texnologiyalarni o‘rni beqiyosligi va raqamli texnologiyalar vazirligida ham nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashishlarida infratuzilmalar bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar o‘rganilib hal qilinayotganligini aytib o‘tdilar.

Raqamli texnologiyalar vazir maslahatchisi Sobirova Kamola Shavkatovna
Tadbirning asosiy maqsadi: Nogironligi bo‘lgan shaxslarni IT sohasidagi imkoniyatlari, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirish hamda ularning ijtimoiy integratsiyasini yaxshilashdan iborat.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori maslahatchisi Dilfuzabegim Ro‘zmetova inklyuzivlik yaratish uchun tomonlarning hamkorlikdagi tadbirlarini hududlarda ham amalga oshirish zarurligini ta‘kidladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori maslahatchisi Dilfuzabegim Ro‘zmetova
Tashkilotimizning xodimi Mirali G’iyosov “Kitob Plus” loyihasi haqida so‘z yuritar ekan, u avval inklyuziya nima ekanligini tushuntirib berdi va kitobplus.uz loyihasining imkoniyatlari hamda platformadan foydalanish haqida tushuncha berdi. Eslatib o‘tamiz, “Kitob Plus” – bu koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun audiokitoblar onlayn kutubxonasi.

“Ish Plus” loyihasi ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator Abdurahmon Akramov nutqida ishplus.uz loyihasi haqida batafsil ma‘lumot berib, www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portal vazifalari va ko‘rsatkichlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, ishplus.uz rekruting veb-portali raqamli texnologiyalar vazirligidagi munosib ish o‘rinlariga malakali kadrlarni yetkazib berishda hamkorlikka tayyor ekanligini ma‘lum qildi va tadbirga tashrif buyurgan ish izlovchilarning savollariga ochiqlik bilan javob berdi.

Tadbir so‘nggida tashkil etilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun IT sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinatorlar www.ishplus.uz veb-portalida ish beruvchilardan olingan munosib vakansiyalarni joylab, nogironligi bo‘lgan kadrlarni yo‘naltirishga kelishib olishdi.
Matn: Madina Po‘latova
Sen 18, 2024 | Yangiliklar
2024-yil 13-sentyabr kuni AQSh Prezidentining xalqaro nogironlik siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara O‘zbekistonga qilgan safari davomida davlat idoralari rasmiylari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvlardan birida tashkilotimiz raisi Muxabbat Raximova va «PRAXIS PLUS» MChJ ijtimoiy korxonasi direktor vazifasini vaqtinchalik bajaruvchisi Aziz Abdullayev ishtirok etishdi.
AQSh Prezidentining xalqaro nogironlik siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara Oʻzbekistonda inklyuziv taʼlim va raqamli iqtisodiyot bilan bogʻliq boʻlgan nogironlik inklyuziyasini kengaytirish boʻyicha hukumat vakillari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muxabbat Raximova tashkilotimiz umumiy faoliyati va amalga oshirayotgan ijtimoiy loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuvda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik janoblari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi vakolatxonasi inklyuziv ta’lim bo‘yicha mutaxassisi Dr. Joel Runnels, bloger Aqida xonim, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.
Shuningdek, Sara Minkara O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bilan uchrashib, jamiyatning nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan munosabatni o‘zgartirish muhimligi haqida gapirdi.
Surat: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi
Matn: U.S. Bureau of Democracy, Human Rights, and Labor
Sen 14, 2024 | Yangiliklar
“ISHONCH VA HAYOT” respublika nodavlat notijorat tashkiloti (RNNT) mutaxassislari tashkilotimiz bilan hamkorlikda xodimlarimiz uchun bir qator o‘quv sessiyalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Treninglar xodimlarning, ayniqsa, “ISH PLUS” loyihasida ishlayotgan va Toshkent shahridagi OIV bilan yashayotgan shaxslar bilan bevosita muloqotda bo‘layotgan xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan edi.
“ISHONCH VA HAYOT” RNNT missiyasi – bu OIV bilan yashovchi shaxslar (OBYaSh), xavfli guruhlarga mansub shaxslar (XGMSh) va ularning yakinlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, birlashtirish, xayot sifatini va qadr-qimmatini yaxshilash, stigma va diskriminasiyaga qarshi kurash olib borish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida OIV/OITS epidemiyasi rivojlanishini oldini olish.
Tashkilotning asosiy maqsadi OIV/OITS kasalliklari bilan yashovchi shaxslarga har tomonlama yordam berish va ularni qullab-quvvatlash, bunday kasalliklar bilan yashovchi shaxslarda ruhiy-emotsional keskinlikni kamaytirish, ushbu kasallik bilan yashovchi shaxslarning kamsitilish va stigmatizatsiya qilinishiga qarshi kurash, ularga nisbatan bagʼrikenglikni shakllantirish.
2024-yil 1-fevral holatiga ko‘ra O‘zbekistonda rasman OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslar 49 326 kishini tashkil qilgan – ulardan 45% ayollar va 55% erkaklarni va 7 298 18 yoshgacha bo’lgan bolalar tashkil etadi.
2024-yil 23, 27 va 30 avgust kunlari “ISHONCH VA HAYOT” RNNT Toshkent shahar bo‘limi boshlig‘i va o‘quv dasturi koordinatori Davron Tashmatov tashkilotning boshqa xodimlari bilan birgalikda bosh ofisimizda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Trening mavzulari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
- OIV/OITS haqida umumiy va batafsil ma’lumot;
- OIV bilan yashovchi shaxslar hayotida stigma va kamsitishlarga qarshi kurash;
- OIV bilan yashovchi shaxslar ehtiyojlari, ularga xizmatlar ko‘rsatish standartlari va maxfiylik qonunlari.

Davron Tashmatov tashkilotimiz xodimlari uchun treninglar olib bordilar
Ushbu mashg‘ulotlar ko‘rsatilayotgan xizmatlarimiz sifatini va OIV bilan yashovchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlashni yaxshilashga yordam beradi, xodimlarning xabardorligini va ularning OIV bilan yashayotgan mijozlar huquqlarini himoya qilish qobiliyatini oshiradi. Treninglar, ayniqsa, OIV bilan yashaydigan odamlar bilan bevosita muloqot qilishni va ularga inklyuziv bandlik xizmatlarini ko‘rsatishni boshlagan ISH PLUS loyihasi koordinatorlari uchun foydali bo‘ldi. Joriy yildan boshlab OIV bilan yashovchi shaxslar ISH PLUS loyihasining xizmat ko‘rsatuvchi foydalanuvchilar toifasiga kiritildi. Shu munosabat bilan bizning koordinatorlarimizni ushbu toifadagi odamlar uchun kamsitishsiz va stigmasiz sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘rgatish zarurati mavjud.
Natijada xodimlarimiz O‘zbekistonda OIV bilan yashayotgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish standartlari bilan atroflicha tanishdilar, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli, milliy qonunchilik va yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari bilan tanishdilar. Oxirgi o‘quv sessiyada “ISHONCH VA HAYOT” RNNT raisi va ta’sischisi Sergey Uchaev bilan O‘zbekistonda ijobiy tashxis bilan yashash qanday ekani, OIV bilan yashayotgan shaxslar kundalik hayotida qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida suhbatlashdik. O‘tkazilgan treninglar natijalariga ko‘ra, tashkilotlarimiz hamkorlik memorandumini tuzishga va OIV bilan yashayotgan shaxslarga birgalikda bir qator xizmatlar ko‘rsatish algoritmini ishlab chiqishga kelishib oldik.
“ISHONCH VA HAYOT” RNNT haqida batafsil ma’lumotni ularning rasmiy veb-sayti: https://plwh.uz/ va ishonch telefoni: (55) 503-06-00 orqali olishingiz mumkin.
Avg 31, 2024 | Yangiliklar
2024-yil 28-avgust kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida ilk marotaba inklyuziya masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir gibrid formatda tashkil etilib, unda 60 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar IT sohasidagi yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda yanada faolligini oshirish masalalarida ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shunday amaliy ishlardan biri joriy yilning 28-avgust kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida tashkil etildi. Dastur doirasida ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari mavjudligini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar va strategiyalar bilan tanishdilar.

Tadbir ishtirokchilari
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, o‘zi boshchilik qilayotgan vazirlikdagi munosib ish o‘rinlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni jalb etish orqali raqamli texnologiyalarni keng qo‘llab, mazkur toifadagi insonlarning hayotini yanada qulaylashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib olganini ta’kidlab, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan birma-bir tanishtirdi.

Shermatov Sherzod Xotamovich – O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagiIjtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya rahbari Kutpiddinov Xusniddin Muxiddinovich ham so’zga kirib tadbir dolzarbligi va inspeksiya tomondan amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va yangi qarorlar sharhi bilan batafsil tanishtirdilar.

Ijtimoiy inspeksiya rahbari Kutpiddinov Xusniddin Muxiddinovich
Jaxongir Baxromov – Katta yoshdagilar uchun ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va monitoring qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida taqdimot qildilar.
Tashkilotimiz a’zosi Abdulaziz Salimov – ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs «O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi» davlat muassasasiga 1-toifali mutaxassis lavozimiga ishga kirganligi haqida o‘z muvaffaqiyat hikoyasi haqida so‘zlab berdi.

MyGov.uz da raqamli sharoitlar yaratish bo‘yicha mutaxassis Abdulaziz Salimov
Ushbu tadbirda “Ish Plus” loyihasi ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator Abdurahmon Akramov “Ish Plus.uz maxsus rekruting veb-portalining nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziv bandligini ta’minlashdagi imkoniyatlari” mavzusida taqdimot qildi. Ushbu nutqida ishplus.uz loyihasi haqida batafsil ma’lumot berib, www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portal vazifalari va ko‘rsatkichlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, ishplus.uz rekruting veb-portali raqamli texnologiyalar vazirligidagi munosib ish o‘rinlariga malakali kadrlarni yetkazib berishda hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Abdurahmon Akramov – Ish Plus loyihasida ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator
Tadbir so‘nggida tashkil etilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun IT sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinatorlar www.ishplus.uz veb-portalida ish beruvchilardan olingan munosib vakansiyalarni joylab, nogironligi bo‘lgan kadrlarni yo‘naltirishga kelishib olishdi.

Matn: Madina Po‘latova
Tahrir: Dilmurod Yusupov
Suratlar: Raqamli texnologiyalar vazirligi
Avg 18, 2024 | Yangiliklar
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi bosh ofisida joylashgan o‘quv markazida mobilografiya sohasidagi yetuk mutaxassis Said Amirxon Burxon Jamoliddin oʻgʻli videomontaj darsimizga mehmon-spiker sifatida tashrif buyurdi. Ushbu darslar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida “Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun kreativ industriya yoʻnalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish” loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Videomontaj kursi kuratori – Urinov Ulug‘bek Esonboyevich hozirgi kunda Toshkent davlat yuridik universitetining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqdalar. 1991-yildan boshlab “Uzteleleradiokompaniya” rejissyori, Toshkent davlat madaniyat instituti talabasi, “Turon” teatr-studiyasi rejissyori, Toshkent madaniyat kolleji o‘qituvchisi, Toshkent davlat san’at va madaniyat instituti video studiya rahbari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, Toshkent davlat yuridik universitetining matbuot kotibi, Toshkent davlat yuridik universitetining Media-markaz direktori kabi lavozimlarda katta tajriba va ko‘nikmalarni orttirgan mutaxassis hisoblanadilar.

Burxonbek mobilografiya bo‘yicha master klass darsi davomida
Burxonbek O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy axborot vositalari universitetini jurnalistika sohasi bo‘yicha bakalavr bosqichida tahsil olyapti. Mobilografiya va video operatorlik sohasida 2 yillik tajribaga ega. Hozirgi kunda Ma’naviyat bo‘limiga qarashli Yoshlar ittifoqi mobiligrafi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan avval Xalq demokratik partiyasi Yoshlar qanoti a’zosi sifatida yoshlar bilan ishlash bo‘limi mobilograf-montajyor sifatida ishlab kelgan.

Burxonbek mobilografiya bo‘yicha master klass darsi davomida
Ma’lumot uchun, tashkilotimiz tomonidan hozirgi kunda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida “Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun kreativ industriya yoʻnalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish” loyihasi doirasida fotografiya, SMM hamda videomontaj bo‘yicha kurslar davom etmoqda. Loyiha haqida batafsil havola orqali.
Iyul 22, 2024 | Yangiliklar
17-iyul kuni Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi bosh ofisida joylashgan o‘quv markazida PR sohasidagi yetuk mutaxassis Nilufar Kamalova SMM darslarimizga mehmon-spiker sifatida tashrif buyurdi. Ushbu darslar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida “Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun kreativ industriya yoʻnalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish” loyihasi doirasida tashkil etilgan.
SMM kursi kuratori – Inara Asanova digital marketing va menejment sohasida katta tajribaga ega mutaxassis. Inara Asanova 1998-yili Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug‘ilgan. U Guliston tumanidagi 14-umumta’lim maktabida tahsil olgan. O‘rta ma’lumotni Guliston tibbiyot kollejida olgan. Keyin Guliston davlat universitetida tahsil olgan. Inara marketing sohasida, jumladan, SMM va targeting yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Hozirda u reklama agentligida loyiha menejeri lavozimida ish olib bormoqda.

Kurs mehnon-spikeri Nilufar Kamalova SMM va marketing sohasida 3 yillik tajribaga ega mutaxassis. Crafers brendining ex PR menejeri hozirda Premium Line brendida marketolog lavozimida ishlab kelmoqda. Master klass davomida tinglovchilar o‘zlarining sohaga doir barcha savollariga javob olish bilan birga, kelajakda mehnat faoliyatlarida nimalarga ahamiyat berishlari haqidagi ko‘rsatmalarga ham ega bo‘ldilar. Ushbu kurslarimiz doirasida, shu tarzdagi master klass hamda ochiq suhbatlarimiz davom etadi.

Ma’lumot uchun, tashkilotimiz tomonidan hozirgi kunda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida “Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun kreativ industriya yoʻnalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish” loyihasi doirasida fotografiya, SMM hamda videomontaj bo‘yicha kurslar davom etmoqda. Loyiha haqida batafsil havola orqali.