Iyul 16, 2024 | Yangiliklar
Markaziy Osiyoning beshta davlatidan nogironligi boʻlgan shaxslar tashkilotlari faollari, jumladan, “Markaziy Osiyodagi nogironligi boʻlgan shaxslarga iqlim oʻzgarishining taʼsirini bartaraf etish” (ADCA) dasturining grant oluvchilari Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan C5+1 uchrashuvida oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi.
Ishtirokchi-davlatlar va fuqarolik jamiyati vakillari hamda ijtimoiy inklyuzivlik targ‘ib qiluvchi faollar dunyo miqyosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni huquqlarini ta’minlash masalalarini muhokama qildilar. Bu yilgi anjuman xalqaro hamkorlik, nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlandi.

Tashkilotimiz Kengashi a’zosi Ulug‘bek Mamatxonov Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magi asosida AQShga safar qildi va C5+1 (beshta Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh hamkorlik platformasi) uchrashuvida ishtirok etdi. Ushbu yig‘ilishda nogironlarning xalqaro huquqlari bo‘yicha AQSh maxsus maslahatchisi Sara Minkara va AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi missiyasi Markaziy Osiyoning barcha 5 ta davlatidan hukumat vakillari va nogironlar jamoat birlashmalari a’zolarini qabul qilishdi. Ishtirokchilar butun mintaqada va undan tashqarida nogironlik inklyuziyasini rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildilar.

Shuningdek, Markaziy Osiyo delegatsiyasi a’zolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga a’zo davlatlar konferensiyasida (COSP17) ham ishtirok etishdi. Tashkilotimiz vakili Ulug‘bek Mamatxonov O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziyasini rivojlantirish bo‘yicha katta bilimi va uzoq tajriba ega. Hozirda u kelajakka e’tibor qaratib, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining nogironligi bo‘lgan shaxslarga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha tashkilotimiz loyihasini rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda.
Ulug‘bek nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqlimga tayyor bo‘lish istiqbollarini kengaytirmoqda. «Biz uchun nima yaxshi ekanini o‘zimiz hammadan yaxshiroq bilamiz, nafaqat iqlim o‘zgarishi jarayonlarida, balki har sohada», deydi Ulug‘bek.
Yevroosiyo Jamg‘armasining “Nogironlik inklyuziyasini iqlim bo‘yicha harakatlarda targ‘ibot qilish” dasturi ko‘magida tashkilotimiz hukumatning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha rasmiylari bilan tajriba almashish loyihasini boshladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha salohiyatini oshirish» loyihasini amalga oshirib kelmoqdamiz.
Quyidagi videoni tomosha qilib Ulug‘bekni o‘zidan ko‘proq ma’lumot oling.
Yevroosiyo Jamg‘armasiga butun jamoamiz nomidan samimiy minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz. Suratlar: Eurasia Foundation.
Iyul 12, 2024 | Yangiliklar
«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ular uchun qulay formatlarda birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish» loyihasi doirasida tender e’lon qilamiz. Ushbu loyihamiz O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan “Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar” dasturi doirasida amalga oshirilyapti.
Buyurtmachi: Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi (nodavlat notijorat tashkiloti)
Vazifalar:
- www.huquqplus.uz Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun huquqiy ma’lumotlar veb-portali doirasida turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z vaqtida birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish uchun ixtisoslashtirilgan Telegram botini ishlab chiqish.
- To’liq texnik shartlari bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.
Tenderda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi IT-kompaniyalar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirok etishlari mumkin. Ijrochilar taqdim etishi kerak bo’lgan barcha kerakli materiallar va hujjatlar ro’yxati quyida keltirilgan. Barcha hujjatlar mavzu satrida “Telegram botini ishlab chiqish boʻyicha tenderda ishtirok etish uchun ariza” koʻrsatilgan holda sharoitplus@gmail.com elektron manziliga yuborilishi kerak.
Hujjatlar to’plami quyidagilarni o’z ichiga olishi kerak:
- Kompaniyani ro’yxatdan o’tkazish to’g’risidagi guvohnoma / yakka tartibdagi tadbirkor maqomi va tafsilotlari;
- Mutaxassislarning malaka sertifikati (rezyume), shuningdek, Telegram botlarini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilgan oldingi loyihalar haqida ma’lumot;
- Xizmatlarni ko’rsatish narxini ko’rsatadigan tijorat taklifi.
Ariza topshirishning oxirgi muddati: 2024-yil 19-iyul
Elektron pochta manzili: sharoitplus@gmail.com
Iyun 18, 2024 | Yangiliklar
Kurs kuratori Husniddin Ato – hujjatli fotograf, trener; Oʻzbekiston Rassomlar uyushmasi aʼzosi Madaniyat va sanʼat sohasidagi loyiha rahbari, shuningdek “OXUS Culture” madaniyat tashkiloti direktori. Yozuvchi ijodida O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning madaniy hayoti, an’analari, marosimlari va etnografiyasiga bag‘ishlangan asarlar alohida o‘rin tutadi.

Kurs amaliyoti davomida
Bundan tashqari, Husniddin Ato www.pressphoto.uz fotojurnalistikaga bag‘ishlangan birinchi nodavlat fotoagentlik asoschisi hisoblanadi. Fotoagentlik asosan O‘zbekistonning yetakchi internet nashrlarida chop etilayotgan mahalliy va xalqaro tadbirlar, respublika va xalqaro sport musobaqalari, shuningdek, fotoreportajlarga alohida e’tibor qaratadi.

Husniddin Ato kurs ishtirokchilari bilan
6-may kungi birinchi darsda mashhur britaniyalik fotograf va yozuvchi Stiven Iliffe tomonidan o‘tkazilgan noyob fotografiya mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Mehmon o‘zining san’at va fotografiya sohasidagi faoliyati, shuningdek, kar va zaif eshituvchi insonlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan mashhur. U dunyo bo‘ylab turli xil kasb-hunarga ega bo‘lgan kar va zaif eshituvchi insonlarning hayotiy hikoyalarini namoyish etuvchi DEAF MOSAIC loyihasining yaratuvchisidir.

Stiven Iliffe master-klass davomida
Loyiha shiori: «To‘g’ri yordam bilan, karlar hamma narsani qila oladilar».
Fotograf bo‘lishi bilan bir qatorda Stiven karlar uchun targ‘ibot va tadqiqot sohasida uzoq vaqt ishlagan – karlar uchun Qirollik milliy instituti (the Royal National Insitute for Deaf People), shuningdek, kar bolalar milliy jamiyatida (the National Deaf Children’s Society) faoliyat ko‘rsatgan. Steven karlarning huquqlarini yaxshilash uchun mamlakatlar o‘rtasida axborot va bilim almashinuviga qat’iy ishonadi.
«Men turli mamlakatlar va madaniyatlardagi kar odamlar bilan uchrashishni va karlar bilan tajriba bo‘lishishni yaxshi ko‘raman. Biz hammamiz bir quyosh ostida tug’ilganmiz. Bir-birimizdan o’rganishimiz kerak bo‘lgan narsa juda ko‘p,» deydi Stiven Iliffe.

O‘quv jarayonidagi kurs ishtirokchilari
Kurs ishtirokchilari ham nazariy jihatlar, ham amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan mahorat darsida katta ishtiyoq bilan qatnashdilar. Stiven o‘z tajribasi va bilimi bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, ishtirokchilarga o‘zlarining individual uslublarini topishga va fotografiya orqali o‘zlarini ifoda etishga yordam berdi. Tadbir tashkilotchilari bu kabi tashabbuslar inklyuziv jamiyatni rivojlantirish, har bir insonning ijodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Ishtirokchilar master-klassda qatnashish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusida ham shunday tadbirlarni o‘tkazishdan umidvor ekanliklarini bildirdilar.
Loyiha haqida batafsil havola orqali.
Suratlar: Vasilya Vaxabova
Matn: Diyora Dadajanova
Matn tahriri: Dilmurod Yusupov
May 6, 2024 | Yangiliklar
Joriy yilning 4-may kuni Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi mutaxassislari “HuquqPlus“ loyihasi doirasida “Nogironlik tushunchasi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari” mavzusida loyihada volontyor sifatida faoliyat yuritayotgan Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) talabalari bilan trening o‘tkazdi.
HuquqPlus loyihasi TDYU bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani haqida avval xabar bergan edik.

Treningni TDYU Yuridik klinikasining uslubchisi Javoxir Eshonqulov va Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi rasi Muxabbat Raximova ochib berishdi
Trening onlayn va oflayn shaklda, inklyuziv muhitda tashkil etildi. Treningda, volontyor-talabalarga nogironlik tushunchasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari haqida tushuncha berildi.

Treningi NJB «SHAROIT PLYUS» raisi Muxabbat Raximova, HuquqPlus loyiha rahbari Dilmurod Yusupov va HuquqPlus loyihasi huquqshunosi Aziz Abdullayev olib borishdi
Trening mavzusi atroflicha ko‘rib chiqilib, talabalar bilan muhokama qilindi. Trening jamoaviy ishlash, o‘yin, video va atama tahliliga qaratilgan bahs-munozara ko‘rinishida tashkil etildi. Tajribalar almashinib, mavzuga aloqador masala va muammolar atroflicha tahlil qilindi.

Trening ishtirokchilar TDYU Yuridik klinika volontyorlari va talabalari
Hozirda yuridik universitet talabalari, ko‘ngilli volontyorlari orasida o‘z bilim-salohiyati va mehnati bilan bizning ishonchimizga sazovor bo‘lgan talabalarning ayrimlari loyihamizda ishga joylashishga ham muvaffaq bo‘lishdi.

Guruh muhokamalari jarayonida
«Shaxsan o‘zingiz uchun bu trening qanday natijalar berdi?» degan savolga ishtirokchilar quyidagi javoblarni berishdi:
Nogironlik tushunchasi, nogironlik huquqlari to‘g‘risidagi qonun va ularning huquqlarini bilib oldik.
Atamalarni va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday to‘g‘ri murojaat qilishni o‘rgandim, huquqiy tarafdan savodxonligim oshdi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar hayotimizning ajralmas qismi ekanini tushundim.
Men nogironlarni tushunishni boshladim Nogironlarga nisbatan to‘g‘ri fikrlashni o‘rgatdi.

Guruh muhokamasi
Trening ishtirokchilari kelajakda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini amaliyotda qo‘llash tartibi va ularning hozirgi kundagi ijrosi haqida chuqurroq ma’lumot olishga istak bildirishdi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim, mehnat, siyosiy va boshqa huquqlari va imtiyozlari haqidagi savodxonlikni oshirish maqsadida ko‘proq treninglarni tashkil etishni taklif qilishdi.

Guruh muhokamasi
Biz jamoamiz nomidan Toshkent davlat yuridik universitetiga, yuridik klinikaga, loyihamizda ko‘ngilli-volontyor sifatida faoliyat olib borayotgan talabalarga minnatdorchiligimizni bildiramiz va hamkorligimiz yanada uzoq va samarali davom etishiga ishonamiz.
Foto: Adolat Abdulaminova
May 5, 2024 | Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorligida 2024 yiling 1-2-may kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida “Inson uchun” respublika savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada tashkilotimiz tomonidan 2021-yildan boshlab amalga oshirib kelayotgan Ish Plus loyihasi bilan faol ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning savdo hajmini oshirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, shu bilan bir qatorda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat bozoridagi ulushini oshirishdan iboratdir. “Inson uchun” savdo ko‘rgazmasi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat 200 nafar tadbirkorlar va hunarmandlar mebel va tekstil, poyabzal, sport mahsulotlari, texnika, poligrafiya va boshqa turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Ko‘rgazmalar zalining burchagidan joy olgan ishplus.uz loyihasi barchaga birdek manzur kelib, 10 dan ortiq ish beruvchi va ish izlovchilarning murojaatlari o‘rganib chiqilib, ish beruvchilarning vakansiyalari qabul qilindi va ish izlovchilarga ma’lumotlaridan kelib chiqqan holda ish topishda ko‘makchi bo‘lishdi.

Ish Plus loyihasi koordinatorlari nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishyapti
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, Vazirlik va idoralar hamda tijorat banklari tomonidan 20 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi ta‘minlanishi bo‘yicha faol chora- tadbirlar amalga oshirilmoqda. Agentlik tizimida 300 nafardan ortiq xodimlar ham aynan nogironligi bo‘lgan shaxslardan iboratdir. Aprel oyidan vazirlik va idoralar hamda tijorat banklari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 7 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari e‘lon qilindi.

Ish Plus loyihasi koordinatorlari nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishyapti
Ko‘rgazmaning 2-kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Raximova Muxabbat Axrarovna so‘zga chiqib, tashkilot tashkil etilishi, bugungi kunga qadar faoliyat olib kelayotgan loyihalar va inklyuziv xodimlar jamoasi haqida qisqacha ma‘lumot berdi.

NJB «SHAROIT PLUS» raisi Muxabbat Raximova
«O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi masalasi muammoli sohalardan hisoblanadi. Tan olish kerakki, bu holat faqatgina nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarni turli ko‘rinishda kamsituvchi ish beruvchilar sababli emas, balki mehnat borasidagi o‘z huquqlarini bilmaydigan va ish topishda zarur motivatsiyaga ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga ham bog‘liq muammodir. Yana shuni ta‘kidlashimiz joiz-ki, ish beruvchilar tomonidan zarur sharoitlar yaratilsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar eng munosib ishchi kuchi ekanligini anglatishga erishadilar,» – dedi “SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muxabbat Raximova.

NJB «SHAROIT PLYUS» a’zosi Sevara Mirsidikova ham tadbirda so‘zga chiqdilar
Shuningdek, ko‘rgazma davomida davra suhbatlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiylashuv sessiyalar, qiziqarli yutuqli o‘yinlar va ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib, g‘oliblar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ushbu tadbirni tashkillashtirishda va bizni tashkilotimiz vakillarini taklif qilganliklari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Muallif: Madina Po‘latova
Foto: Farhod Rasulov
May 1, 2024 | Yangiliklar
2024-yil 26-aprel Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va boshqa nogironlar jamoat birlashmalari faollari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
2024-yil 15-apreldan boshlab «SHAROIT PLYUS» NJB AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilgan va Yevroosiyo jamg’armasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyoda nogironligi bo‘lgan shaxslarga iqlim o‘zgarishining ta’sirini yumshatish» (ADCA) dasturi doirasida «O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha salohiyatini oshirish» loyihasini amalga oshirishni boshladi. Loyihani tashkiliy-uslubiy jihatdan ta’minlab borish uchun milliy hamkor sifatida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti biriktirilgan edi.

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Isakov Oybek Yusufbekovich
26-aprel bo‘lib o’tgan davra suhbatini O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Isakov Oybek Yusufbekovich va Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova ochib berishdi. Davra suhbatida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti nogironligi bo‘lgan shaxslarni tayyorgarligini tashkil etish sikli rahbari Abdulla Nurmatov va shu institut katta o‘qituvchisi Gulruh Abdullayeva institut faoliyati bilan davra suhbati ishtirokchilarini yaqindan tanishtirdilar.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti nogironligi bo‘lgan shaxslarni tayyorgarligini tashkil etish sikli rahbari Abdulla Nurmatov va shu institut katta o‘qituvchisi Gulruh Abdullayeva
Suhbat davomida “O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha salohiyatini oshirish” loyihasining maqsad va vazifalari bayon qilinib, iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilarining faoliyatlari jarayonidagi xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishda nimalarga ahamiyat berilishi haqida faollar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Loyiha rahbari Ulug’bek Mamatxanov va loyiha koordinatori Sevara Axmedova
Xususan, har qanday toifadagi nogironligi bor shaxslar uchun maxsus platformalar, fors-major holatlarida har birini mustaqil harakatlanishlari uchun alohida qoida, ko‘rsatma, xaritalarni ishlab chiqarish masalalari jahon standartlari kesimida ko‘rib chiqildi va bir necha chora-tadbirlar muhokamasining loyiha dasturlari hamkorlikda rejalashtirildi.

NJB «SHAROIT PLYUS» raisi Raximova Muhaxabbat Axrarovna va loyiha koordinatori Sevara Axmedova
Davra suhbati doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi inklyuziv loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis Mirsaid Muxtorov “Iqlim o‘zgarishi jarayonlari va uning oqibatlari” mavzusiga bag‘ishlangan taqdimot qildi.

Mirsaid Muxtorov taqdimot jarayonida
Ushbu tadbirni tashkillashtirishda amaliy yordam bergan O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.