Apr 13, 2024 | Yangiliklar
Toshkent shahar “SHAROIT PLUS” nogironlar jamoat birlashmasi “Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun ijodiy yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy kurslarni tashkil etish” loyihasi doirasida fotografiya kursiga O‘zbek imo ishora tili tarjimonini qidirmoqda.
2016-yilda tashkil etilgan “SHAROIT PLYUS” nodavlat notijorat tashkiloti barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlari uchun to‘siqsiz va inklyuziv jamiyat yaratish harakatida faoliyati yuritib kelmoqda. «SHAROIT PLYUS» inklyuziv jamoasi nogironligi bo‘lgan va nogironligi bo‘lmagan faol shaxslardan iborat.
Ushbu vakansiyaga zaif eshituvchi va nogironligi bo‘lmagan shaxslar ariza topshirishlari mumkin.
Talablar:
imo ishora tili tarjimonligi bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumot;
imo-ishora tili bo‘yicha ilg‘or bilim va ko‘nikmalar;
o‘zbek va rus tillarini bilish;
kompyuterda ishlash qobiliyati, internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qobiliyati;
muloqot qobiliyatlari, stressga chidamlilik, punktuallik, mas’uliyat va jamoada ishlash qobiliyati.
Vazifalar:
kurs ishtirokchilari uchun og‘zaki nutqning imo-ishora tiliga teskari tarjimasini (sinxron, ketma-ket) amalga oshirish;
kar va zaif eshituvchi kurs ishtirokchilari uchun imo-ishora tili orqali ishonchli tarjimani (to‘g‘ridan-to‘g‘ri va teskari) amalga oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro tushunishni ta’minlash;
kurs anonslarini imo-ishora tiliga video tarjima qilish;
Mehnat sharoitlari:
3 oy davomida dushanba va juma kunlari soat 16:00 dan 18:00 gacha (haftasiga 4 soat) ish tartibi;
- oyiga taxminan 3 400 000 so’m;
fuqarolik-huquqiy shartnomaga muvofiq ish haqini o‘z vaqtida to‘lash;
do‘stona jamoa bilan qulay ofisda ishlash;
Qo‘shimcha ma’lumotlar:
Agar ushbu vakansiya sizga mos kelsa, rezyumeni tashkilotning elektron pochta manziliga yuboring: sharoitplus@gmail.com. Elektron pochtangizning mavzu satriga “Fotografiya kursi uchun imo-ishora tili tarjimoni” deb yozishni unutmang.
Apr 11, 2024 | Yangiliklar
2024-yilning 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi binosida, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan shaxslarni bandligini taʼminlash uchun eʼlon qilingan umumiy qiymati 480 mln. soʻmlik davlat ijtimoiy buyurtmasiga topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilib Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi topshirgan loyihasi g‘olibi deb topildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshidagi tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining yig‘ilish boshida Agentlik qachon va nima maqsadda tashkil etilganligi, oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalar ustida ish olib borilayotganligi va boshqalar haqida batafsil ma‘lumot berildi. Shuningdek, Jamoatchilik Kengashi a’zolari davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida kelib tushgan loyihalarini muhokama qildi. Ushbu tadbir shaffoflikni ta’minlash maqsadida keng jamoatchilikni jalb qilishga qaratildi.
Agentlik tomonidan «Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan shaxslarni bandligini taʼminlash uchun eʼlon qilingan umumiy qiymati 480 mln. soʻmlik davlat ijtimoiy buyurtmasi» uchun ariza taqdim qilgan nomzodlar Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi hamda Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati Chilonzor tumani boʻlinmasi tomonidan oʻz loyihalarini amalga oshirish boʻyicha taqdimot qildilar.
“SHAROIT PLYUS” faol xodimi Aziz Abdullayev so‘z boshida tashkilotimiz haqida qisqacha gapirib, so‘ng www.ishplus.uz loyihasi tarixi haqida aytib berdi. Jumladan, www.ishplus.uz loyihasining xizmatlari va mana shu sohada erishgan yutuqlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishdagi mas‘uliyati va mashaqqati haqida aytib o‘tdilar. 3 yil avval 2 nafar koordinatorlar bilan boshlangan bu loyiha hozirgi kunda bu jamoada 6 nafar xodimlar o‘z faoliyatini yuritib kelishmoqda.

NJB «SHAROIT PLYUS» koordinatori Aziz Abdullayev taqdimot qilish jarayonida.
Yigʻilish davomida, Jamoatchilik kengashi aʼzolari barcha loyihalar bilan tanishib chiqqach, 80 foiz ovoz bilan “SHAROIT PLYUS” loyihasi gʻolib deb eʼlon qilindi. 8 nafar jamoatchilik kengash a’zolariga www.ishplus.uz ma’qul kelib o‘z ovozlarini berishdi va tashkilotimiz 2021-yildan buyon amalga oshirib kelayotgan Ish Plus loyihasi 480-sonli buyruq bilan Davlat ijtimoiy buyurtmasi g‘olibi bo‘ldi.
Agentlik tomonidan ajratilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida 12 oy davomida tashkilotimiz nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, ish joyiga moslashib ketishiga ko‘maklashish, bu orqali ularni jamiyatda mustaqil hayot kechirishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlagan. Vazifalar quyidagilardan iborat:
- Ishsiz nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarini onlayn shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini izlab topish.
- 12 oy davomida Toshkent shahrida 300 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish.
- Ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan xodimlar mehnati huquqlaridan xabardorligini oshirish. Ishga joylashtirilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat munosabatida davom etayotganligini aniqlash maqsadida ular haqida tizimli monitoring olib borish.
Tadbir yakunida, Jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan keyingi yigʻilishlarda bevosita ijtimoiy loyihalarining mavzularini ishlab chiqish va ishtirokchilarni baholash tizimini takomillashtirish bo’yicha fikr va mulohazalar bildirildi.
Mar 5, 2024 | Yangiliklar
2024-yil 1-mart kuni Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi.
Ushbu hamkorlikning maqsadi: Uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy integratsiyasini ta‘minlashga yo‘naltirilgan bir qator qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat.
Hamkorlik yo‘nalishlari:
- Oliy Ta‘lim muasssasalarida va butun mamlakat bo‘ylab kengaytirilgan integratsiyasini ta‘minlash bo‘yicha hamkorlik qilish.
- Toshkent Xalqaro Vestminstr Universitetining professor o‘qituvchilari, talabalari, va mazkur soha bo‘yicha faoliyat olib boruvchi xodimlarga, nogironlik tushunchasi, nogironlikning ijtimoiy modeli, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqotga kirishish kabi mavzularda treninglar tashkil etish.
- Tashkilotimiz Toshkent Xalqaro Vestminstr Universitetining nogironligi bo‘lgan talabalarni o‘qitishda nogironlik holatidan kelib chiqib, ularni ehtiyojlarini hisobga olgan holda dars jarayonlarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi.
Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati va xodimlari nomidan maqsadli hamkorlik uchun Toshkent Xalqaro Vestminstr Universiteti rahbari B. Mirkasimovga chuqur minnatdorchilik bildiramiz.
Fev 10, 2024 | Yangiliklar
2024-yil 30-yanvar kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi nogironlik va inklyuziya bo‘yicha ekspertlari “ALPHA” jamoasi xodimlari uchun “Nogironlik tushunchasi va terminologiyasi” mavzusida ALPHA biznes markazi binosida seminar-trening o‘tkazdi.
Xabaringiz bo‘lsa, tashkilotimiz dasturiy faoliyatini, jamoaviy ruhini va xodimlar malakasini oshirishni kuchaytirish maqsadida Yevrosiyo jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar (SICA) Institutsional rivojlanish dasturida ishtirok etish uchun tanlangan edi. Ushbu loyiha doirasida bizning asosiy hamkorlarimizdan biri O‘zbekistonda o‘z korporativ ta’lim dasturlari bilan mashhur ALPHA kompaniyasi hisoblanadi.
ALPHAning malakali trenerlari 3 oy davomida «SHAROIT PLYUS» NJB boshqaruvi a’zolari va xodimlariga strategik rejalashtirish, yumshoq ko‘nikmalar (soft skills) vaqt menejmenti, munozara holatlarini boshqarish, stress menejmenti, samarali muloqot, hissiy intellekt, samarali murabbiylik, loyihalarni boshqarish va rejalashtirish, monitoring, nazorat va loyiha yakuni, risklarni boshqarish, moslashuvchan boshqarish usullari kabi mavzularda malaka oshirish kurslari va treninglardan o‘tadilar;
ALPHA bilan o‘zaro hamkorlikni boshlashdan avval, tashkilotimiz ekspertlari Muxabbat Raximova va Ulug’bek Mamatxanov nogironlik tushunchasi va terminologiyasi bo‘yicha ALPHA kompaniyasi ma’muriyati va trenerlarini bilim-ko‘nikmalarni oshirishdi. Trening boshlanishidan o‘zgacha ruhda boshlandi. Ishtirokchilar tillo-sharhlar bilan o‘zlarini tanishtirishni o‘rganib, o‘zlarini shu tariqa tanishtirib o‘tishdi. Trening ishtirokchilari bilan nogironlik tushunchasi va nogironlikning tibbiy va ijtimoiy modellari haqida muhokama qilindi.

Muxabbat Raximova ALPHA xodimlari trening o‘tish jarayonida
Trening interaktiv tarzda savol-javoblarga boy bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan do‘stlaringiz bormi? deya savol berilganda ishtirokchilarni javoblari qiziqarli baʼzi ishtirokchilarni umuman nogironligi bo‘lgan do‘sti yo‘q. Baʼzi ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan do‘stlari haqida quvonib so‘zlab berishdi va nogironligi bo‘lgan do‘stlaridan doim motivatsiya olishlarini aytib o‘tishdi.
«Menga trening juda yoqdi, trenerlar o‘zaro munosabatlar haqida juda ko‘p ma’lumot berishdi, nogironligi bo‘lgan insonlarga qanday munosabatda bo‘lishni tushunish ham osonlashdi, spikerlar ajoyib hazil tuyg‘usi bilan treningni o‘tishdi. Ushbu treningni o‘tkazganingiz uchun sizga va tashkilotingizga katta rahmat.» – deydi ALPHA xodimi Maksim.

Terminologiya haqida ishtirokchilarning fikrlari anchagina o‘zgardi. Ular aynan nogironlik belgilari bo‘yicha terminologiyalarni befarq bo‘lmagan holda o‘rganib olishdi. Ishtirokchilarga juda yoqimli va manfaatli bo‘lganini aytib o‘tishdi. Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati hamda a’zolari nomidan ALPHA kompaniyasi va biznes markazi rahbariyati, xodimlari va trenerlariga minnatdorchilik bildirib keyingi ishlarida ulkan omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Agar siz ham oʻz tashkilotingizni inklyuziv qilishni istasangiz, «PRAXIS PLUS» MChJ ijtimoiy korxonamizning info@praxis.uz elektron manzilimizga yozing va xat mavzusida «Trening uchun ariza» deb ko‘rsatishni unutmang. Bizning ekspertlarimiz ehtiyojlaringizdan kelib chiqib inklyuziv rivojlanishingiz uchun maxsus trening dasturini ishlab chiqishadi va bu sohada xodimlaringiz bilim-ko‘nikmalarini oshirishadi.
Fev 8, 2024 | Yangiliklar
Yevrosiyo jamg‘armasi ko‘magida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan «MediaPlus.uz – inklyuziv va ijtimoiy rivojlanish haqida xabardorlikni oshirish platformasi» loyihasi doirasida tender e’lon qilamiz.
Buyurtmachi: Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi (nodavlat notijorat tashkiloti)
Talablar:
- Eshitish, ko‘rish va aqliy nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlari uchun eng qulay formatlarda kerakli ma’lumotlarni olishlari mumkin bo‘lgan www.mediaplus.uz qulay axborot platformasini ishlab chiqish;
To’liq texnik talablar bilan ushbu havola orqali rus tilida tanishish mumkin.
Tenderda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan individual veb-ishlab chiquvchilar, o’z-o’zini ish bilan band qilganlar va IT-kompaniyalar qatnashishi mumkin. Ijrochilar taqdim etishi lozim bo‘lgan barcha zaruriy material va hujjatlar ro‘yxati quyida keltirilgan va ular sharoitplus@gmail.com elektron manzili orqali qabul qilinadi. Xat mavzusiga “MediaPlus.uz”ni ishlab chiqish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun ariza” deb yozing.
Hujjatlar to‘plamiga quyidagilar kiradi:
- Tashkilotning ro‘yxatdan o‘tganligi haqida guvohnoma va rekvizitlar, yoki o’zini-o’zi band qilganligi guvohnomasi yoki ishlab chiqaruvchining rezyumesi;
- Ishchilarning malaka toifasi va avval amalga oshirilgan loyihalar haqida ma’lumotnoma;
- Tijoriy taklif.
Hujjatlarni qabul qilishning oxirgi muddati: 2024-yil 29-fevral
Bog‘lanish uchun kontakt: sh.qayumova@sharoitplus.uz
Yan 17, 2024 | Yangiliklar
Joriy yilning 17-yanvar kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) Yuridik klinikasi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasida uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ekspertlarni, TDYU dan iqtidorli talabalarni va malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashga oid qoshma loyihalarni amalga oshirish.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, mavzuga aloqador tadbirlarni tashkil etish hamda soha boyicha hamkorlikda ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini o‘tkazishga qaratilgan sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va tomonlar faoliyatiga har taraflama ko‘mak berishdan iborat.
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi nodavlat notijorat tashkiloti va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Merorandumni yuklab olish uchun havolaga bosing.

Tadbir ishtirokchilari
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri tashkilotimiznig Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan moliyalashtirilayotgan «HuquqPlus.uz – maxsus huquqiy axborot veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish» loyihasini amalga oshirish. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa loyihalarimizga TDYU ning iqtidorli talabalarini va boshqa xodimlarni ishtirokini ta’minlash.

TDYU Yuridik klinikasi rahbari Narziyev Otabek Sa’diyevich
Hamkorlik memorandumini imzolash marosimida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova tashkilotimizning asosiy maqsadi barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlari uchun to‘siqlarsiz inklyuziv jamiyat yaratish ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Raximova Muhabbat Axrarovna
«2023-yil noyabr oyidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq loyihalarda universitet bilan yaqindan hamkorlik qilishni boshladik. Biz turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatlarda huquqiy maʼlumot beradigan maxsus onlayn platforma www.huquqplus.uz ishlab chiqdik. Hozirgi kunda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish va boshqa to‘siqlarga duch kelgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy maslahatlar taqdim etmoqdamiz», deydi Muhabbat Raximova.

TDYU Yuridik klinikasi hamkorlari bilan jamoaviy surat
Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi volontyorlar assotsiatsiyasi va “Mehr Kо’zda” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ham ishtirok etib TDYU bilan hamkorlik memorandumlarini imzolashdi.

TDYU Yuridik klinikasi hamkorlari bilan jamoaviy surat
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi TDYU rahbariyatiga taklif etilgan hamkorligimizni qo’llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelgusida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish borasida boshlagan hamkorligimiz katta amaliy natijalar beradi degan umiddamiz.