Sen 29, 2023 | Yangiliklar
Joriy yilning 28-sentyabr kuni Universe Group («STUDY GUIDE» MChJ) Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi bilan ixtiyoriy xayriya yordamini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ushbu hamkorlikning maqsadi www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni Toshkent shahrida ochiq mehnat bozorida munosib ish o‘rinlari bilan taʼminlash.
2023-yil 1-maydan oyidan boshlab “SHAROIT PLYUS” NJB amalga oshirayotgan www.ishplus.uz loyihasi orqali Universe Group bilan yaqindan hamkorlik qilib kelgan edi. Ushbu foydali va maqsadli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2023-yil 28-sentyabr kuni ikki tomon o‘rtasida ixtiyoriy xayriya yordamini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi imzolandi. Universe Group www.ishplus.uz xodimlarining oylik maoshlarini to‘lashda va loyihani samarali davom ettirish uchun ja’mi 130 992 000 so‘m miqdorida moliyaviy xayriya yordamini ko‘rsatib kelyapti.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi M. Raximova va Universe Group direktori J. Sharafidinov imzolash marosimida
«Biz Universe Group, jamiyatga yordam berish va foyda keltirish har bir insonning burchi, deb hisoblaymiz. Universe Group nogironligi bo‘lgan shaxslar mos ish o‘rinlari, amaliyotlar va kasb-hunarga o‘rgatadigan kurslarni topishga yordam beruvchi www.ishplus.uz inklyuziv bandlik veb portali faol qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya umumiy daromadining 1% ini Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasining “IshPlus” loyihasini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan,» – deydi Universe Group rahbari J. Sharafidinov
Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati va xodimlari nomidan maqsadli hamkorlik uchun Universe Group rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildiramiz.

Universe Group kompaniyasi Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya va Gollandiyadagi nufuzli davlat universitetlarining rasmiy vakili hisoblanadi. Bizning yuqori malakali mutaxassislarimiz talabalarga Kanada, Yangi Zelandiya, BAA, Germaniya, Singapur va Shveytsariyaning reytingdagi universitetlariga kirishda yordam beradi. Yuqori professionallik va zamonaviy yondashuv tufayli 8 yillik faoliyatimiz davomida 3000 dan ortiq talabalar universitetlarga kirishdi! Universe Group mijozlari dunyodagi eng elita universitetlarining talabalar bo’lish baxtiga erishdilar.

«SHAROIT PLYUS» va Universe Group vakillari bilan jamoaviy surat
«www.ishplus.uz rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish loyihasi 2021-yildan beri amalga oshirilib kelinyapti. Hozirgi kunga qadar veb-portalda turli xil nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar uchun 1200 dan ortiq vakansiyalar, 1200 dan oshiq rezyumelar va 100 dan ko‘p kasb-hunarga yo‘lantiruvchi kurslar eʼlon qilingan. Loyiha davomida 200 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziv bandligi taʼminlangan. Veb-portalning Ish Plus mobil ilovalari Android va iOS platformalari uchun AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida ishlab chiqildi.
Ma’lumot xizmati: +998 (90) 818-07-08 (ish kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha ishlaydi)
Manzil: O‘zbekiston, 100000, Toshkent, Mirzo-Ulug’bek tumani, Yahyo G’ulomov ko‘chasi, 38-uy (Mirzo-Ulug’bek tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi binosi ichida). Mo‘ljal: «Bibigon» kafesi, Buyuk Britaniya elchixonasi
Telegram kanal: @ishplus_uz
Veb-portal manzili: https://ishplus.uz/
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: info@sharoitplus.uz
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizga homiylik qiling: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/#donate-form
Fotograf: Faxriddin Xonboyev
Matn: Madina Po‘latova
Sen 26, 2023 | Yangiliklar
2023-yil 24-sentyabr kuni “Qizlar” jamoasi nogironligi bo‘lgan va nogironligi bo‘lmagan shaxslar uchun “Advokatsiya” mavzusida Groundzero “Kitob olami” kovorking markazi binosida seminar-trening o‘tkazdi. Asosiy trener sifatida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashma raisi Muhabbat Rahimova taklif qilindi.
Trening o‘tkazilishidan asosiy maqsad advokatsiya qilish, yaʼni nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lmagan shaxslarni huquqlarini keng va muhimligini anglatish. Trening avvalida nogironlikni anglash, nogironlikni tibbiy va ijtimoiy modellari haqida tushunchalar berib o‘tildi. Ishtirokchilar mavzuni yaxshi qabul qilib, tezda kirishib ijtimoiy modelga rioya qilgan holda nafaqat qonuniy jihatdan balki, insoniy fuqaroviy huquqlaridan foydalanib interaktiv tarzda suhbat bo‘lib o‘tdi.

Trening ishtirokchilari
Trening interaktiv tarzda savol-javoblarga boy bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan do‘stlaringiz bormi? Nima uchun har bir inson nogironligi bor insonlarning huquqlari himoyachisi bo‘lishi muhim? deya savol berilganda ishtirokchilarni javoblari qiziqarli baʼzi ishtirokchilarni umuman nogironligi bo‘lgan do‘sti yo‘q. Baʼzi ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan do‘stlari haqida quvonib so‘zlab berishdi va nogironligi bo‘lgan do‘stlaridan doim motivatsiya olishlarini hamda ulardan ko‘plab bilim-ko‘nikmalar olishlarini aytib o‘tishdi.
Nogironlarni huquqlarini himoya qilishimiz kerak ularga sharoitlar yaratilsa, hech kimga muhtojlik sezishmaydi deya ajoyib fikrlar bildirib o‘tishdi. Trening davomida 2021-yil Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya ratifikatsiya qilinganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Trening yakunida “Interaktiv qayiq” deb nomlangan kichik o‘yin tashkil qilinib, qayiqdagi barcha ishtirokchilar o‘zlarini huquqlarini himoya qilish vazifasi berildi va ishtirokchilar treningdan olgan bilimlarini albatta amalda qo‘llashdi.

“Interaktiv qayiq” o‘yinidan
Ishtirokchilarni trening haqidagi fikrlari ajoyib va ko‘tarinki ruhda shu va shunga o‘xshash treninglar ko‘proq va davomli o‘tkazilsa albatta foydali va manfaatli bo‘lishini aytib o‘tishdi. Trener uchun ham ular o‘zlaridan ajoyib fikr qoldirishdi va ishtirokchilar ijtimoiy sohani oz bo‘lsa-da tushunishgani yanada trening qiziqarli bo‘lishiga hissa qo‘shdi.
Trening so’ngida ota-onasi eshitish bo’yicha nogironligi bo’lgan ishtirokchimiz «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmamizga volontyorlik qilishlarini aytdilar.
Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati hamda aʼzolari nomidan GroundZero “Kitob Olami” kovorking markazi rahbariyati va xodimlariga minnatdorchilik bildirib keyingi ishlarida ulkan omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Siz ham birlashmamiz aʼzosi bo‘lishni istasangiz ushbu onlayn anketani havola orqali to‘ldiring: https://sharoitplus.uz/xayriya qilish/#membership-form. Aʼzo bo‘lish haqida savollaringiz bo‘lsa, Jamoatchilik bilan ishlash koordinatori: Sofiya Akramova bilan bog‘laning: +998 (99) 833-83-14
Sen 6, 2023 | Yangiliklar
Joriy yilning 5-sentyabr kuni Toshkent shahridagi GroundZero Kitob olami kovorking markazida nogironligi bo‘lgan yoshlarni mediasavodxonlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan Media Plus loyihasiga start berildi. Media Plus – Toshkent shahar nogironlar jamoat birlashmasi “SHAROIT PLYUS” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi donorligida tashkil etildi.
“2021-yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Bu, o‘z navbatida, infratuzilmani takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiylashuviga xizmat qilishi va umuman, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish kafolati bo‘lishi kerak. Amalga oshirish jarayoni shaffof va masʼuliyatli bo‘lishi uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning huquqlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishi izchil va sifatli bo‘lishi kerak. Jurnalistika va blogerlik O‘zbekiston jamiyati tomonidan nogironlikni tushunishning ijtimoiy modeliga o‘tish uchun ajoyib vositadir.” – deydi “SHAROIT PLYUS” NJB Loyihalar rahbari Dilmurod Yusupov.
Kurslarda ishtirok etish mutlaqo bepul bo‘lib, loyihaga 18 yoshga to‘lgan shaxslar tanlov asosida qabul qilindi. Ushbu o‘quv loyiha 2 oy davomida nogironligi bo‘lgan yosh mutaxassislarni media sohasi va uning turlari haqidagi bilimlarini oshiradi hamda ularni bevosita qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, media sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan nogironligi bo‘lgan yosh mutaxassislar jamiyatini yaratish yo‘lida ishonchli qadam bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbek guruhidagi ishtirokchilar
“Media Plus mediasavodxonlik kursiga kutganimizdan ko‘ra ko‘proq arizalarni qabul qildik, biz bundan xursandmiz. Loyihada rusiyzabon va o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar uchun alohida guruhlar tashkil etilib, har bir guruh uchun 10 nafardan ishtirokchi tanlov asosida qabul qilindi. Saralangan ishtirokchilar ikki oy davomida media sohasida faoliyat yuritayotgan, malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan darslarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishdi.” — deydi loyiha koordinatori Maftuna Usmanova.
Loyihada ishtirokchilar media sohasi va uning turlari, faktcheking, fotojurnalistika, matnlar bilan ishlash, sohadagi zamonaviy trendlar va boshqa sohaga oid mavzular bo‘yicha tahsil oladilar.

Rusiyzabon guruhi ishtirokchilari
“Loyihaning ilk treningida spiker sifatida ishtirok etib, ishtirokchilar bilan tanishib, yaqindan suhbatlashdim. Umid qilamanki, loyiha ishtirokchilarga OAV sohasida faoliyat boshlagan mutaxassislar sifatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi imijini shakllantirish va shu bilan birga nogironlik mavzusini ijtimoiy model nuqtai nazarida yoritishda ommaviy axborot vositalaridagi xayriya yoki achinish xissini uyg‘otadigan ohangini yo‘q qilishda ko‘maklashadi.” — deydi Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova.
Kursdagi faol ishtirokchilarning yo‘l xarajatlari qoplanadi va darslarni o‘tkazib yubormagan ishtirokchilar kurs yakunida sertifikatga ega bo‘ladilar. Loyiha haqida batafsil havola orqali bilib olishingiz mumkin.
OAV uchun aloqa:
Durdona Shavkatova
PR mutaxassis
Telefon: +998 (94) 607-66-20
Sen 3, 2023 | Yangiliklar
2023-yil 26-30-avgust kunlari Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasining ikki nafar xodimlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) tomonidan tashkil etilgan “Deputatlik maktabi: Notiqlik san’ati” treningida faol ishtirok etib muvaffaqiyatli tamomlashdi.
2021-yil 7-iyun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasining 29-moddasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etishni amalga oshirish” ko‘zda tutilgan. Ushbu moddani amalga oshirish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha sheriklik fondi (UNPRPD) doirasida O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda «Deputatlik maktabi»ni tashkil etishdi. Maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarni parlament saylovlarida deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etishga ko‘maklashish.
Treningda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va ko‘plab spikerlar nutqlari va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Tashkilotchilar tomonidan har bir partiyadan deputatlar taklif etilib, ishtirokchilar partiyalar ish olib borayotgan harakatlari bilan chuqur tanishdilar. Ushbu trening 2-bosqichda bo‘lib o‘tdi. 1-bosqichida muzokaralarni professional darajada olib borish va ularni nazariyalariga ahamiyat berish kerakligi haqida bilim-ko‘nikmalar berilgan bo‘lsa, 2-bosqichida esa, maruza qilish omma oldida nutq so‘zlash masalalari nazariy va amaliy bilim-ko‘nikmalar berildi.

Trening ishtirokchilar va spikerlari bilan jamoaviy surat
Treningda siyosiy partiyalar bilan ishlash strategiyasi va taktikasi masalalari, shuningdek, taniqli deputatlar, blogerlar (Rasul Kusherboyev, Nikita Makarenko, Dilorom Fayziyeva) va elektron OAV vakillari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Rasul Kusherboyevdan mahorat darsi: Mening blogerlik faoliyatim, O‘zbekiston davlat hokimiyati tizimi, deputat va uning faoliyati mavzularida nutq so‘zlab, ishtirokchilarni bor eʼtiborlarini torta olgan maruzalardan biri bo‘ldi.
«Ushbu maktab menga yangi do‘stlar orttirishga yordam berdi. Mahalliy va xalqaro tajribaga ega bo‘lgan spikerlardan saboq oldik. Muzokaralarni professional darajada olib borishni o‘rgandik. Notiqlik mahoratimizni oshirib blogerlar bilan yaqindan suhbatlashdik. Meni fikrimcha yosh nogironligi bo‘lgan shaxslar jalb qilingani manfaatli bo‘ldi. Ular bilan guruh-guruh bo‘lib, ishlash yoqdi», – deydi Birlashmamiz Kengashi aʼzosi “Toshkent shahrida innovatsion media – loyihalarni amalga oshirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi podkast boshlovchisi Ulug‘bek Mamatxanov.

Ulug’bek Mamatxanov sertifikat bilan taqdirlash marosimida
Ishtirokchilarga notiqlik mahorati darslaridan omma oldida o‘zlarini qanday tutishlari va hayajonlarni yengib o‘tish haqida ko‘plab bilim-ko‘nikmalar berildi. Taniqli jurnalist, bloger, teleboshlovchi, “Makarenko effekti” blogi muallifi Nikita Makarenko. Kun.uz jurnalisti, bloger va publitsist, kun.uz homiyligida yaratilgan ijtimoiy multfilm loyihasi muallifi Shokir Sharipovlar “Ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni yoritish va hal etish” mavzusidagi maruzalaridan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob va o‘zlarini shaxsiy yuritishayotgan bloglari haqida maslahatlar ham olishdi.

Nikita Makarenko mahorat darsini o‘tish jarayonida
Gazeta.uz kolumnisti, Buyuk Britaniyadagi Sasseks universiteti qoshidagi Taraqqiyot tadqiqotlari instituti falsafa doktori (PhD) Dilmurod Yusupov «Nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarini ommaviy axborot vositalari orqali hal qilish. NNTlarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi» borasidagi maruzalari barcha NNT rahbarlari va vakillari uchun foydali bo‘ldi.
«Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasida amalda ish faoliyatini olib borayotgan deputatlar bilan tanishdik va har bir partiyani dasturlari bilan tanishdik. Deputatlikka nomzodligimizni qo‘yganimizda qaysi tashkilotlar bilan suhbatlashish samarali bo‘lishi, qaysi mexanizmlardan foydalanish va qanday muzokaralar olib borilganda yutib chiqish yo‘llarini o‘rgandik. Notiqlik darslari hayotimda eng kerakli darslardan biri bo‘ldi va men eng o‘ziga ishongan ishtirokchilardan biri bo‘lib moderatorlik ham qildim», – deydi tashkilotimiz SMM kontent menejeri Madina Po‘latova.

Madina Po‘latova taqdirlash marosimida
“Milliy Tiklanish” partiyasi ekspertlar guruhi aʼzosi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ekspert guruhi aʼzosi Bahodir Qurbonov hamda O‘zbekiston Karlar jamiyati blogi muallifi, “Milliy Tiklanish” partiyasi ekspertlar guruhi aʼzosi Maʼmur Axliddinovlar barcha ishtirokchilar uchun muhim bo‘lgan maʼlumotlar berib, o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun keng sharoit va to‘siqsiz muhitni yaratib bergan “Panarams Tashkent Hotel” ga alohida minnatdorchilik bildiramiz.
Avg 29, 2023 | Yangiliklar
Toshkent shahar “Ishga Marhamat” monomarkazida tashkil etilgan “Imkoniyatlar markazi”da ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda “Kompyuter operatori” kursi muvaffaqiyatli tashkil etilyapti. Bu haqida ko‘proq ma’lumot olish maqsadida kurs o‘qituvchisi Farrux Jumanazarov bilan intervyu qildik.
Xabaringiz bo‘lsa, joriy yilning 13-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv memorandumi imzolagan edi. Monomarkazda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktyabrdagi PQ-390-sonli Qarori asosida “Imkoniyatlar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qisqa muddatli kurslarda kasb-hunar o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan.
Monomarkaz bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida “Imkoniyatlar markazi”da tashkilotimiz tomonidan 8ta kompyuterlar to‘plamlari bilan jihozlandi va O‘zbekistonda birinchi bor ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Kompyuter operatorlik” kursi tashkil qilindi. Ushbu kompyuterlar tashkilotimizga O‘zbekiston-Yapon Markazi tomonidan beg‘araz taqdim etilgan edi.

«Kompyuter operatorlik» kursi jarayonida
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirib kelinayotgan www.ishplus.uz loyihasi orqali tashkilotimiz kompyuter savodxonligi o‘quv kursini olib borish uchun o‘qituvchi vakansiyasini e’lon qilib “Ishga marhamat” monomarkaziga mutaxassis topishda amaliy yordam berdik. Natijada ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan yosh o‘qituvchi Farrux Jumanazarovni monomarkazga ishga yo‘naltiridik. Kurs haqida batafsilroq ma’lumot olish uchun u bilan intervyu qilishga qaror qildik. Quyida videoni YouTube kanalimizda tomosha qiling.
10-avgust kuni ushbu kursni muvaffaqiyatli tamomlagan birinchi guruh tinglovchilarga Toshkent shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazi direktori Sattarova Oygul Yusupbayevna tomonidan sertifikatlar topshirildi.

«Ishga marhamat» monomarkazi diretori kurs bitiruvchilarini sertifikat bilan taqdirlash marosimidan lavhalar


Toshkent shahar “Ishga marhamat” monomarkazi “Imkoniyatlar markazi” «Kompyuter operatori» yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘quv kursimizga taklif etamiz. Shoshiling, yosh chegaralanmagan! Murojaat uchun: 71 207-69-00 (114, 115). telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz. Manzil: Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasi 331-uy.
Kurs haqida batafsil www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalimizning “Kurslar” bo‘limidan quyidagi havola orqali batafsil maʼlumot o‘lishingiz mumkin. Kursda o‘qish BEPUL va bitiruvchilarga sertifikatlar beriladi. Kursga nogironligi bo‘lgan ishsiz shaxslar Aholi bandlikka ko‘maklashish markazlari taqdim etgan yo‘llanma asosida qabul qilinadi. Kurs yakunlangandan so‘ng, bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan o‘qilgan davr uchun stipendiya beriladi.
Kursga yo‘llanma olishda amaliy yordam olish uchun www.ishplus.uz veb-portali ma’lumot xizmatiga murojaat qiling: +998 (90) 818-07-08 (dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 17:00 gacha).
Loyihalarimizni Click, Payme yoki Payze orqali xayriya qilib, volontyor yoki birlashmamiz aʼzosi sifatida qo‘llab-quvvatlash uchun: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/
Asosiy surat muallifi: Arlan Bayxodjayev
Maqolada ishlatilgan suratlar muallifi: Azizjon Qosimov
Video operator va montajyor: Azizjon Qosimov
Avg 18, 2023 | Yangiliklar
2023-yil 14-avgust kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi aʼzolari uchun “TENGLIK” mavzusida trening o‘tkazdi. Treningni jamoat birlashmasi jamoatchilik bilan ishlovchi xodimasi Sofiya Akramova olib bordilar.
Trening o‘tkazilishidan asosiy maqsad tashkilotimizning barcha aʼzolari nogironlik va inklyuziya masalalari hamda nogironlikning tibbiy va ijtimoiy modeli haqida bilim-ko‘nikmalarini oshirish. Trening ishtirokchilari “Nogironlik” haqida tushunchalarini bilish uchun ularga “Nogironlik bu…” jumlasini davom ettirish vazifasi topshirildi.
Trening interaktiv tarzda savol-javoblarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar bilan nogironlik masalalari, nogironlik tushunchasini anglash nogironlikning tibbiy va ijtimoiy modelini farqlari, nogironlikning tibbiy va ijtimoiy modellarning yanada chuqurroq tushunishlari uchun bir necha mashqlardan iborat sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Trening davomida 2021-yil Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilinganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tibbiy model…
- Muammo sizda,
- Sizning nogironligingizni davolash kerak,
- Siz hayotingiz haqida qaror chiqara olmaysiz,
- Sizga qarab turish uchun mutaxassislar kerak,
- Siz hech qachon nogironligi bo‘lmagan insonlar singari teng bo‘la olmaysiz kabi bir qancha so‘zlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Ijtimoiy model esa…
- Nogironlik bu individual muammo emas,
- Biz teng shartlar asosida bellasha olmaymiz, chunki to‘siqlar juda ko‘p,
- Biz “JAMIYAT” (Davlat boshqaruvi va uning agentliklari orqali) bu to‘siqlarni yo‘qotish bo‘yicha masʼul ekanligini tan olishimiz kerak,
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha boshqa fuqarolar kabi to‘laqonli tenglik uchun bir xil huquqiga egalar.
Trening davomida nogironlikning tibbiy model bo‘yicha qarash tushunchalar va nogironlikning ijtimoiy modelni tibbiy modeldan ajralib turishi bo‘yicha tushunchalar berildi va tushunchalari yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.

Trening so‘ngida trening ishtirokchilaridan fikr-mulohazalar so‘ralganida mana shunday treninglar ko‘proq va davomli o‘tkazilsa albatta foydali va manfaatli bo‘ladi deya o‘z fikrlarini bayon etishdi.
Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati hamda aʼzolari nomidan GroundZero «Kitob Olami» kovorking markazi rahbariyati va xodimlariga minnatdorchilik bildirib keyingi ishlarida ulkan omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Siz ham birlashmamiz aʼzosi bo‘lishni istasangiz ushbu onlayn anketani havola orqali to‘ldiring: https://sharoitplus.uz/xayriya qilish/#membership-form. Aʼzo bo‘lish haqida savollaringiz bo‘lsa, Jamoatchilik bilan ishlash koordinatori: Sofiya Akramova bilan bog‘laning: +998 (99) 833-83-14