2023-yil 16-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) yillik uchrashuvida Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi ishtirok etdi. Tadbir davomida tashkilotimiz YeTTB tomonidan O‘zbekistondagi muhim masalalar ustida ishlayotgan uchta mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Bankning Jamoatchilik tashabbusi (Community Initiative) dasturi tomonidan tashkilotimizga maqsadli xayriya yordami ko‘rsatildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini 2021 yilda ratifikasiya qilgan va yangi qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash alohida qayd etilgan. Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilinishini taʼminlash maqsadida davlatimizda qator qonunlar va qonun osti hujjatlar qabul qilinib amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ammo nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z huquqlaridan amalda foydalanishi bo‘yicha ko‘plab muammolar mavjud:

  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning (ayniqsa eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning) o‘z huquqlari haqida o‘zlari uchun qulay formatda tanishish imkoniyati mavjud emas;
  • Aksariyat holatlarda sifatli taʼlim olmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasmiy hujjatlar bilan sodda shaklda tanishishga va o‘z huquqlarini amalda qo‘llashga yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmagan;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarining ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgan vaziyatlarda ularning o‘z huquqlarini himoya qilishlarida qiyinchiliklar mavjud;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z huquqlarini amalga oshirishida ayrim normativ-huquqiy hujjatlarning ishlash mexanizmlari amaliyot bilan nomutanosib kelmoqda;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati samarali yo‘lga qo‘yilmagan;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z huquqlarini taʼminlash uchun qulay shaklda huquqiy maslahatlar berish tizimi mavjud emasligi kabi ko‘plab muammolarni sanab o‘tishimiz mumkin.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi Muhabbat Raximova YeTTB Jamoatchilik Tashabbusi dasturining taqdirlash marosimida nutq so‘zladilar

«Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining maqsadli xayriya yordami tufayli biz endi uzoq vaqtdan beri o‘ylayotgan loyihani amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldik – biz turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatlarda huquqiy maʼlumot beradigan maxsus onlayn platforma www.huquqplus.uz ishlab chiqishni boshladik. Bu veb-portal orqali biz nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish va boshqa to‘siqlarga duch kelgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy maslahatlar taqdim etamiz,» – deydi NJB «SHAROIT PLYUS» raisi Muhabbat Raximova.

Loyiha maqsadi:

www.huquqplus.uz maxsus huquqiy axborot veb-portalini yaratish va ushbu veb-portal vositasida asosiy auditoriya hisoblangan turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, turli shakldagi nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari, nogironlar jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillar hamda aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini himoya qilishdir.

Loyiha vazifalari:

  • www.huquqplus.uz maxsus huquqiy axborot veb-portalida turli mavzularda huquqiy qo‘llanmalarni chop etish orqali benefisiarlarining huquqiy savodxonligini oshirish;
  • Huquqiy qo‘llanmalarni amaliy, sodda va barcha shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda taqdim etish;
  • Foydalanuvchilar bilan qayta aloqa o‘rnatish maqsadida qiyin yuridik maʼlumotlar sodda tilda tushuntirib berilgan yo‘riqnomalar, asosida savol-javoblar, Huquq+ audio-podkastlarini tashkil etish;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarining ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgan vaziyatlarda ularning o‘z huquqlarini himoya qilishlari uchun huquqiy konsultatsiyalar berish;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini taʼminlash jarayonida o‘z huquqiy yechimini kutayotgan muammolarni aniqlash va ular yuzasidan takliflar ishlab chiqish va mutasaddi tashkilotlarga hisobotlar taqdim qilish;
  • Loyihani amalga oshirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlanishi bilan bog‘liq muammolar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish;
  • Loyihani amalga oshirish orqali jamoatchilik nazoratini tashkil etish.

 

Loyiha donori: Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB)

Loyihaning umumiy byudjeti: 32 143 (o‘ttiz ikki ming bir yuz qiriq uch) AQSh dollari

Loyiha muddati: 2023-yil 4-sentyabrdan 2024-yil 4-sentyabrgacha (loyiha muddati 12 oy)

Loyiha hamkorlari: Hozirgi kunda loyihaga milliy hamkor sifatida Toshkent davlat yuridik universitetini jalb etish sifatida muzokaralar olib borilmoqda

Loyiha ijrochilari:

Loyiha asoschisi va rahbari: Dilmurod Yusupov (E-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)

Loyihar koordinatori: Aziz Abdullayev (E-mail: a.abdullayev@sharoitplus.uz)

Nogironlik va inklyuziya masalalari bo‘yicha loyiha maslahatchisi: Muhabbat Raximova

Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva

Veb-dastruchi: Aleksandr Sherbakov, veb-dizayner: Ashot Ayrapetyan

Grafik dizayner: Alina Olimova

Bundan tashqari loyihaga huquqiy materiallarni tayyorlovchi yuristlar, eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga huquqiy materiallarni imo-ishora tilida taqdim etuvchi tarjimon, SMM menejer va video operator jalb etiladi.

 

Loyiha bo‘yicha savol va takliflaringizni huquqplus.uz@gmail.com elektron manziliga yuboring.

Agar siz ushbu loyihani amalga oshirishga hissa qo‘shmoqchi bo‘lsangiz Click, Payme yoki Payze onlayn to‘lov tizimlari yoki ko‘ngilli (volontyor) bo‘lish orqali bizni qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/