Joriy yilning 27-aprel kuni Toshkent shahridagi “Panarams” mehmonxonasida gibrid formatdagi Ikkinchi “Inklyuziv biznes-forum” bo‘lib o‘tdi. Forum Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan taʼminlash” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.

Forumda davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, ularning yuridik va kadrlar bo‘limi (HR) mutaxassislari hamda o‘rta va kichik biznes vakillari nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan taʼminlash muammolari bilan bog‘liq masalalarni tahlil qilib, yechim va takliflar bilan bo‘lishishdi.

Forum yurtimizda inklyuziv ish bilan taʼminlashning muvaffaqiyatli holatlarini taqdim etish orqali ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan arizachilarga nisbatan qarashlarini o‘zgartirish, inklyuziv ish beruvchilar uchun davlat tomonidan taqdim etilayotgan subsidiyalar va imtiyozlar haqida xususiy sektorlar xabardorligini oshirish va mahalliy media platformalari orqali aholining inklyuziv bandlik haqidagi xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi. Shuningdek, o‘tkazilgan muhokamalar asosida ishlab chiqilgan tahliliy eslatma O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining maslahatchisi Baxodir Umurzakov

Ikkinchi “Inklyuziv biznes-forum”ining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining maslahatchisi Baxodir Umurzakov hamda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash maxsus veb-portali ishplus.uz» loyihasi rahbari Dilmurod Yusupov nutq so‘zladilar.

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash maxsus veb-portali ishplus.uz» loyihasi rahbari Dilmurod Yusupov

“Yandeks Go” ijtimoiy loyihalari rahbari Svetlana Voronina SHAROIT PLYUS bilan hamkorlikda amalga oshirilgan turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Yandex Taxi ilovasini moslashtirish haqida gapirdi. Joriy oyda usbu xizmat Oʻzbekistonning barcha shaharlarida sinov rejimida nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun imkoniyatlar ekrani paydo boʻldi. Yandex Go ham tadbirni qo‘llab-quvvatlab, asosiy homiylardan biriga aylandi.

“Yandeks Go” ijtimoiy loyihalari rahbari Svetlana Voronina taqdimot jarayonida

Forum ochilishidan so‘ng “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishlab chiqarish sohasida ishga joylashtirishning amaliy tajribasi” mavzusidagi 1-sessiya muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiyada bugungi mehnat bozoridagi malakali kadrlarga qanchalik katta ehtiyoj sezilayotgani, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ham maʼlum sohalarda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish dolzarb ahamiyatga ega ekanligi, ish joyida maxsus sharoitlar yaratish va, shu orqali, nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad olish imkonini taqdim etish haqida suhbat olib borildi.

«OTABEK WELL TEKSTIL» MChJ Bosh rahbari Otabek Matxalikov

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qanday subsidiya va imtiyozlar mavjud? Ularga o‘z sohasini va daromad topishlari uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? kabi savollarni davlat muassasalari, xalqaro tashkilotlar va boshqa tegishli idora vakillari muhokama qilib o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Mirsaid Muxtorov savol berish jarayonida

Forumning ikkinchi sessiyasi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni xizmat ko‘rsatish sohasiga ishga kiritishning amaliy tajribasi” ga bag‘ishlandi. Ushbu sessiyada inklyuziv ish bilan taʼminlash borasidagi muvaffaqiyatli holatlar muhokama qilindi va shu o‘rinda nogironlarni ish bilan taʼminlashdagi muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan taʼminlashdan manfaatdor bo‘lgan yirik, o‘rta va kichik biznes vakillari hamda ularning yuridik bo‘lim va kadrlar bo‘limi xodimlari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.

2-sessiyada taqdimot qilgan xizmat ko‘rsatish sohasidagi ish beruvchilar

Sessiya yakunida loyiha ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan tegishli tashkilot xodimlariga yuzlanib, barcha savollariga javob oldilar. Ko‘plab ish beruvchilar ishplus.uz veb portalidan minnatdor ekanliklarini va yana nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun vakansiyalar berishlarini taʼkidlashdi. Har bir ish beruvchilar nutq so‘zlashganida nogironligi bo‘lgan xodimlari haqida alohida so‘z yuritishdi va bu nutqlar boshqa ish beruvchilarga katta motivatsiya bo‘ladi degan umiddamiz.

Savol-javob paytida

Ushbu forumning 3-sessiyasi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni xalqaro tashkilotlarga ishga joylashtirishning amaliy tajribasi” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Ushbu mavzu yuzasidan Britaniya Kengashi, Jahon Banki va, shuningdek, UNICEF ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari o‘z fikrlarini bildirishdi va nogironligi bo‘lgan shaxslarni xalqaro tashkilotlarga ishga joylashtirishdagi muhim omillar haqida nutq so‘zlashdi.

BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi – Sirena Islamova, Kadrlar boʻlimi boshlig’i

Forumning so‘nggi yaʼni to‘rtinchi sessiyasi “Inklyuziv biznes uchun imkoniyatlar” mavzusida bo‘lib, spikerlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud imtiyozlar va preferensiyalar haqida nutq so‘zladi: O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishda ish beruvchilar oldida qanday majburiyatlar bor?

BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Xudoyqul Hafizov, Nogironlik va inklyuziya masalalari boʻyicha mutaxassis

Mavjud imtiyozlar va preferensiyalar haqida xususiy sektorlar xabardorligini oshirishda qanday chora tadbirlar olib borilmoqda? kabi savollarga javob berish bilan birga, spikerlar ushbu sohada mavjud muammolarga yechim topish yo‘llariga to‘xtalib o‘tishdi.

«O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishda ish beruvchilar oldidagi majburiyatlar, imtiyozlar va preferensiyalar” Baxrimurod Juraqulov, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Aholi bandligi boshqarmasi Inklyuziv banlik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini bandligiga ko‘maklashish bo‘limi bosh mutaxassisi Bahrimurod Jo‘raqulov

 

Inklyuziv ish beruvchilarni taqdirlash marosimi

 

Ish beruvchilar OAVlarga intervyu berishdi. Suratda: “IMKON BOTTLES” MChJ – Olimjon Ravshanov, Menejer

 

“Le Grande Plaza Hotel” mehmonxonasi – Iya Ergasheva, Kadrlar bo‘limi boshlig’i o‘rinbosari

Suratlar muallifi: Jamshid Boyturayev