2024-yil 20-sentyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida, inklyuziya masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir gibrid formatda tashkil etilib, unda 100 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar IT sohasidagi yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Tadbirni ochib berish uchun Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Sobirova Kamola Shavkatovna o‘z nutqida nogironligi bo‘lgan shaxslarni hayotida raqamli texnologiyalarni o‘rni beqiyosligi va raqamli texnologiyalar vazirligida ham nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashishlarida infratuzilmalar bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar o‘rganilib hal qilinayotganligini aytib o‘tdilar.

Raqamli texnologiyalar vazir maslahatchisi Sobirova Kamola Shavkatovna
Tadbirning asosiy maqsadi: Nogironligi bo‘lgan shaxslarni IT sohasidagi imkoniyatlari, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirish hamda ularning ijtimoiy integratsiyasini yaxshilashdan iborat.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori maslahatchisi Dilfuzabegim Ro‘zmetova inklyuzivlik yaratish uchun tomonlarning hamkorlikdagi tadbirlarini hududlarda ham amalga oshirish zarurligini ta‘kidladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori maslahatchisi Dilfuzabegim Ro‘zmetova
Tashkilotimizning xodimi Mirali G’iyosov “Kitob Plus” loyihasi haqida so‘z yuritar ekan, u avval inklyuziya nima ekanligini tushuntirib berdi va kitobplus.uz loyihasining imkoniyatlari hamda platformadan foydalanish haqida tushuncha berdi. Eslatib o‘tamiz, “Kitob Plus” – bu koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun audiokitoblar onlayn kutubxonasi.

“Ish Plus” loyihasi ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator Abdurahmon Akramov nutqida ishplus.uz loyihasi haqida batafsil ma‘lumot berib, www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portal vazifalari va ko‘rsatkichlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, ishplus.uz rekruting veb-portali raqamli texnologiyalar vazirligidagi munosib ish o‘rinlariga malakali kadrlarni yetkazib berishda hamkorlikka tayyor ekanligini ma‘lum qildi va tadbirga tashrif buyurgan ish izlovchilarning savollariga ochiqlik bilan javob berdi.

Tadbir so‘nggida tashkil etilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun IT sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinatorlar www.ishplus.uz veb-portalida ish beruvchilardan olingan munosib vakansiyalarni joylab, nogironligi bo‘lgan kadrlarni yo‘naltirishga kelishib olishdi.
Matn: Madina Po‘latova
