O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorligida 2024 yiling 1-2-may kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida “Inson uchun” respublika savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada tashkilotimiz tomonidan 2021-yildan boshlab amalga oshirib kelayotgan Ish Plus loyihasi bilan faol ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning savdo hajmini oshirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, shu bilan bir qatorda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat bozoridagi ulushini oshirishdan iboratdir. “Inson uchun” savdo ko‘rgazmasi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat 200 nafar tadbirkorlar va hunarmandlar mebel va tekstil, poyabzal, sport mahsulotlari, texnika, poligrafiya va boshqa turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Ko‘rgazmalar zalining burchagidan joy olgan ishplus.uz loyihasi barchaga birdek manzur kelib, 10 dan ortiq ish beruvchi va ish izlovchilarning murojaatlari o‘rganib chiqilib, ish beruvchilarning vakansiyalari qabul qilindi va ish izlovchilarga ma’lumotlaridan kelib chiqqan holda ish topishda ko‘makchi bo‘lishdi.

Ish Plus loyihasi koordinatorlari nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishyapti
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, Vazirlik va idoralar hamda tijorat banklari tomonidan 20 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi ta‘minlanishi bo‘yicha faol chora- tadbirlar amalga oshirilmoqda. Agentlik tizimida 300 nafardan ortiq xodimlar ham aynan nogironligi bo‘lgan shaxslardan iboratdir. Aprel oyidan vazirlik va idoralar hamda tijorat banklari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 7 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari e‘lon qilindi.

Ish Plus loyihasi koordinatorlari nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishyapti
Ko‘rgazmaning 2-kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Raximova Muxabbat Axrarovna so‘zga chiqib, tashkilot tashkil etilishi, bugungi kunga qadar faoliyat olib kelayotgan loyihalar va inklyuziv xodimlar jamoasi haqida qisqacha ma‘lumot berdi.

NJB «SHAROIT PLUS» raisi Muxabbat Raximova
«O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi masalasi muammoli sohalardan hisoblanadi. Tan olish kerakki, bu holat faqatgina nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarni turli ko‘rinishda kamsituvchi ish beruvchilar sababli emas, balki mehnat borasidagi o‘z huquqlarini bilmaydigan va ish topishda zarur motivatsiyaga ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga ham bog‘liq muammodir. Yana shuni ta‘kidlashimiz joiz-ki, ish beruvchilar tomonidan zarur sharoitlar yaratilsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar eng munosib ishchi kuchi ekanligini anglatishga erishadilar,» – dedi “SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muxabbat Raximova.

NJB «SHAROIT PLYUS» a’zosi Sevara Mirsidikova ham tadbirda so‘zga chiqdilar
Shuningdek, ko‘rgazma davomida davra suhbatlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiylashuv sessiyalar, qiziqarli yutuqli o‘yinlar va ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib, g‘oliblar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ushbu tadbirni tashkillashtirishda va bizni tashkilotimiz vakillarini taklif qilganliklari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Muallif: Madina Po‘latova
Foto: Farhod Rasulov
