“ISHONCH VA HAYOT” respublika nodavlat notijorat tashkiloti (RNNT) mutaxassislari tashkilotimiz bilan hamkorlikda xodimlarimiz uchun bir qator o‘quv sessiyalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Treninglar xodimlarning, ayniqsa, “ISH PLUS” loyihasida ishlayotgan va Toshkent shahridagi OIV bilan yashayotgan shaxslar bilan bevosita muloqotda bo‘layotgan xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan edi.
“ISHONCH VA HAYOT” RNNT missiyasi – bu OIV bilan yashovchi shaxslar (OBYaSh), xavfli guruhlarga mansub shaxslar (XGMSh) va ularning yakinlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, birlashtirish, xayot sifatini va qadr-qimmatini yaxshilash, stigma va diskriminasiyaga qarshi kurash olib borish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida OIV/OITS epidemiyasi rivojlanishini oldini olish.
Tashkilotning asosiy maqsadi OIV/OITS kasalliklari bilan yashovchi shaxslarga har tomonlama yordam berish va ularni qullab-quvvatlash, bunday kasalliklar bilan yashovchi shaxslarda ruhiy-emotsional keskinlikni kamaytirish, ushbu kasallik bilan yashovchi shaxslarning kamsitilish va stigmatizatsiya qilinishiga qarshi kurash, ularga nisbatan bagʼrikenglikni shakllantirish.
2024-yil 1-fevral holatiga ko‘ra O‘zbekistonda rasman OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslar 49 326 kishini tashkil qilgan – ulardan 45% ayollar va 55% erkaklarni va 7 298 18 yoshgacha bo’lgan bolalar tashkil etadi.
2024-yil 23, 27 va 30 avgust kunlari “ISHONCH VA HAYOT” RNNT Toshkent shahar bo‘limi boshlig‘i va o‘quv dasturi koordinatori Davron Tashmatov tashkilotning boshqa xodimlari bilan birgalikda bosh ofisimizda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Trening mavzulari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
- OIV/OITS haqida umumiy va batafsil ma’lumot;
- OIV bilan yashovchi shaxslar hayotida stigma va kamsitishlarga qarshi kurash;
- OIV bilan yashovchi shaxslar ehtiyojlari, ularga xizmatlar ko‘rsatish standartlari va maxfiylik qonunlari.

Davron Tashmatov tashkilotimiz xodimlari uchun treninglar olib bordilar
Ushbu mashg‘ulotlar ko‘rsatilayotgan xizmatlarimiz sifatini va OIV bilan yashovchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlashni yaxshilashga yordam beradi, xodimlarning xabardorligini va ularning OIV bilan yashayotgan mijozlar huquqlarini himoya qilish qobiliyatini oshiradi. Treninglar, ayniqsa, OIV bilan yashaydigan odamlar bilan bevosita muloqot qilishni va ularga inklyuziv bandlik xizmatlarini ko‘rsatishni boshlagan ISH PLUS loyihasi koordinatorlari uchun foydali bo‘ldi. Joriy yildan boshlab OIV bilan yashovchi shaxslar ISH PLUS loyihasining xizmat ko‘rsatuvchi foydalanuvchilar toifasiga kiritildi. Shu munosabat bilan bizning koordinatorlarimizni ushbu toifadagi odamlar uchun kamsitishsiz va stigmasiz sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘rgatish zarurati mavjud.
Natijada xodimlarimiz O‘zbekistonda OIV bilan yashayotgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish standartlari bilan atroflicha tanishdilar, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli, milliy qonunchilik va yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari bilan tanishdilar. Oxirgi o‘quv sessiyada “ISHONCH VA HAYOT” RNNT raisi va ta’sischisi Sergey Uchaev bilan O‘zbekistonda ijobiy tashxis bilan yashash qanday ekani, OIV bilan yashayotgan shaxslar kundalik hayotida qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida suhbatlashdik. O‘tkazilgan treninglar natijalariga ko‘ra, tashkilotlarimiz hamkorlik memorandumini tuzishga va OIV bilan yashayotgan shaxslarga birgalikda bir qator xizmatlar ko‘rsatish algoritmini ishlab chiqishga kelishib oldik.
“ISHONCH VA HAYOT” RNNT haqida batafsil ma’lumotni ularning rasmiy veb-sayti: https://plwh.uz/ va ishonch telefoni: (55) 503-06-00 orqali olishingiz mumkin.
