O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida Toshkent shahrida turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash va ularni munosib ishga joylashtirishni davom ettiryapmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra 162,2 ming nafar davlat ro‘yxatiga olingan nogironligi bor shaxslar mehnat faoliyatining muayyan turlarini bajarish uchun layoqatga ega. Ammo, Davlat soliq qo‘mitasining jismoniy shaxslar daromad soliqlari bo‘yicha olingan ma’lumotlarga ko‘ra nogironligi bo‘lgan 162,2 ming fuqaroning STIR (INN) bilan solishtirilganda, ulardan atigi 21,1 ming nafarining (13%) ish bilan band ekanligi aytib o‘tildi.
2019 yilda BMTning O‘zbekistondagi vaziyatli tahlili shuni ko‘rsatdiki, mehnatga layoqatli yoshdagi (Mehnatga layoqatli yosh erkaklar uchun 16-59 yosh va ayollar uchun 16-54 yosh deb belgilangan) nogironligi bor shaxslar soni 346084 qishini tashkil qilib, ularning atigi 7,1% rasmiy ravishda ish bilan ta’minlangan. Nogironligi bor shaxslarning ish topish ehtimoli nogironligi bo‘lmagan shaxslarga qaraganda qariyb 4 baravar kamroq. Shu bilan birga, qishloq joylarda nogironlarning atigi 5,8% ish bilan ta’minlangan bo‘lib, nogironligi bor ayollarning ahvoli erkaklarnikiga qaraganda ancha yomonroq: ayollarning atigi 4,4% va erkaklarning 8,9% ish bilan ta’minlangan.
Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning atigi 2% ish bilan ta’minlangan. Ya’ni, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy himoya qilishning eng dolzarb va o‘z yechimini kutayotgan muammolardan biri bu ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va ochiq mehnat bozorida ishga joylashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Ushbu loyihani ishlab chiqish zarurati mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar ochiq mehnat bozorida turli xil to‘siqlarga uchrayotganligi tufayli paydo bo‘ldi. Afsuski, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash borasida qabul qilingan qonun va normativ hujjatlar amalda samarasiz bajarilyapti. Masalan, «xodimlarining soni yigirma kishidan ortiq bo‘lgan korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironlarni ishga joylashtirish uchun xodimlar sonining kamida uch foizi miqdorida ish joylarining eng kam sonini belgilaydi va zaxirada saqlaydi» . Ammo, amalda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3% kvota ishlamayapti va ko‘p korxonalar bundan bexabar.
Bundan tashqari, aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari amalda samarasiz amalga oshirilib, Soliq kodeksida aks ettirilgan nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida keng jamoatchilik bexabarligicha qolmoqda. Yana bir muhim sabablardan biri, nogironlar jamoat birlashmalari qoshidagi maxsus o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning barchasini munosib ish joylari bilan ta’minlayolmayapti. Bu loyihani amalga oshirgandan keyin bir tomondan nogironligi bo‘lgan shaxslar ochiq mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarini topishga ko‘maklashib, ikkinchi tomondan jamoatchilik e’tiborini bu muammoga qaratib uni yechish ko‘zda tutilgan.
Loyiha haqida qisqa ma’lumot
Loyiha nomi: «Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali inklyuziv bandligini ta’minlash»
Loyiha donori: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Loyiha umumiy budjeti: 478 800 000 (To‘rt yuz yetmish sakkiz million sakkiz yuz ming) so‘m
Loyiha davomiyligi: 12 oy (2024-yil 1-maydan 2025-yil 1maygacha)
Loyiha hamkorlari: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari
Loyihaning maqsadi
- ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali va uning mobil ilovasi orqali Toshkent shahrining ochiq mehnat bozorida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish.
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish joyida moslashib ketishiga ko‘maklashish.
- Ishga joylashgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatda mustaqil hayot kechirishlarini qo‘llab-quvvatlash.
Loyihaning asosiy vazifalari
- Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud boʻsh ish oʻrinlarini faol izlash va ularni oʻzbek va rus tillarida ishplus.uz veb-portaliga joylashtirish.
- Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar rezyumelarini sifatli tayyorlash va ular haqida ma’lumotlar bazasini shakillantirib borish. Veb-portalda, shuningdek, boshqa rekruting resurslarida ularga mos bo‘sh ish o‘rinlarini topish, xususiy va davlat sektorlaridagi potensial ish beruvchilar bilan aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish.
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish joyida moslashib ketishiga ko‘maklashish maqsadida ularning mehnat kuzatuvini samarali tashkil etish, monitoring qilish va baholash.
Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar:
- www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalida joylashtirilishi rejalashtirilgan mavjud vakansiyalar haqida ma’lumotar va shu yo‘nalishga qaratilgan tadbirlar ochiq mehnat bozorida ishga joylashish imkoniyatlari haqida tezkor maʼlumotlarni olishga xizmat qiladi. Xususiy va davlat sektoridagi ish beruvchilar bilan muntazam muloqotda bo‘lish ularning munosabatini o‘zgartirishga, ish izlovchi yoshlarning nogironligi bo‘yicha ish o‘rinlarini moslashtirishga xizmat qiladi. Buning natijasida ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan xodimlar mehnat huquqlaridan xabardor bo‘lishi, o‘zaro mehnat munosabatlari mustahkamlanishi va uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzilishi kutilmoqda.12 oy davomida erishilgan samaranning miqdori va sifat ko‘rsatkichlari hamda ta’siri quyidagicha:
- Toshkent shahrida kamida 1000 ta nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ochiq mehnat bozoridagi mavjud vakansiyalarni veb-portalga joylash;
- Toshkent shahrida kamida 1000 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga ochiq mehnat bozorida turli xil rekruting (ishga joylashish) xizmatlarini taqdim qilish;
- Toshkent shahrida kamida 300 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish;
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov (e-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva (e-mail: i.narziyeva@sharoitplus.uz)
Loyiha koordinatorlari:
Mirzo Ulug‘bek Ish Plus ofisi xodimlari Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Mirobod va Bektemir tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishadi:
- Shahodat Yo‘ldosheva — Ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Matluba Abdurahimova — Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Shaxnoza Abduvaliyeva — O‘zbek imo-ishora tili tarjimoni.
Olmazor Ish Plus ofisi xodimlari Olmazor, Shayxontohur, Yunusobod va Uchtepa tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishadi:
- Sarvar Hasanov — Ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Yulduz Nig‘monova — Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Go‘zal Raxmatullayeva — O‘zbek imo-ishora tili tarjimoni.
Yakkasaroy Ish Plus ofisi xodimlari Yakkasaroy, Chilonzor, Sergeli va Yangi Hayot tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga xizmat ko‘rsatishadi:
- Madina Po‘latova — Ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Abdurahmon Akramov — Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator;
- Jahongir Tillayev — O‘zbek imo-ishora tili tarjimoni.
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: sharoitplus@gmail.com
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizni homiylik yoki volontyor bo‘lish orqali qo‘llab-quvvatlang.
