25-oktyabr Jahon banki guruhining nogironlik masalalari bo‘yicha global maslahatchisi Sharlotta Makkleyn Nhlapo «SHAROIT PLYUS» NJB amalga oshirayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida ishplus.uz ofisiga tashrif buyurdi va tashkilot xodimlari bilan muzokaralar olib bordi.

Sharlotta Makkleyn Nhlapo xonimning tashrifidan maqsad Jahon bankining Oʻzbekiston hukumatiga BMTning «Nogironlar huquqlari toʻg’risida»gi Konvensiyani amalga oshirishda texnik koʻmagini amalga oshirishda ishtirok etishdan iborat boʻlib, u nogironlar jamoat birlashmalari vakillari bilan muntazam maslahatlashuvlarni oʻz ichiga oladi.

O‘ng tarafdan Jahon bankining nogironlik masalalari bo‘yicha global maslahatchisi Sharlotta Makkleyn Nhlapo

Sharlotta xonim Jahon banki guruhining nogironlar boʻyicha global maslahatchisi sifatida Jahon bankining siyosati, dasturlari va loyihalari nogironligi boʻlgan shaxslarni hisobga olishini ta’minlash uchun tashkilot boʻylab operativ guruhlar bilan ishlashga va ularni qoʻllab-quvvatlashga e’tibor qaratadi.

Oʻzbekistondagi Jahon banki vakolatxonasining Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha mutaxassisi Gulrano Tlepova

Oʻzbekistondagi Jahon banki vakolatxonasining vakili Gulrano Tlepova delegatsiyaning quyidagi maqsadlari haqida batafsil tushuncha berdi:

  • Oʻzbekiston Respublikasining nogironlik masalalariga tegishli milliy qonunchiligini oʻrganib «Nogironlar huquqlari toʻg’risida»gi Konvensiya qoidalariga muvofiqligini aniqlash;
  • Iqlim oʻzgarishining nogironligi boʻlgan shaxslarga ta’sirini oʻrganish maqsadida tadqiqotlar olib borish;
  • Toshkent shahri nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirilganligini aniqlash maqsadida sharoitlar monitoringini oʻtkazish;
  • «Nogironlar huquqlari toʻg’risida»gi Konvensiyaga a’zo davlatlarining BMT Komissiyasiga ma’lumotlarni toʻplash va muntazam mamlakat hisobotlarini tayyorlashda tajribalarini oʻrganish orqali Oʻzbekistonda Konventsiya monitoringi tizimini ishlab chiqish.

Jahon banki guruhining Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha mutaxassisi Deepti Samant Raja

Jahon bankining delegatsiyasining a’zosi Deepti Samant Raja hozirda tayyorlanayotgan O‘zbekistonning raqamli inklyuziyasi loyihasi haqida ma’lumot batafsil ma’lumot berib  nogironligi bo‘lgan shaxslarni O‘zbekistonning rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyotiga qo‘shishga ko‘maklashish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirishi kerakligi haqida «SHAROIT PLYUS» xodimlaridan tavsiyalar oldi.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi Muxabbat Raximova

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova tashkilotning faoliyati va amalga oshirayotgan loyihalar haqida batafsil so‘zlab berdi va O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan muammolar va to‘siqlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Asosiy muammolardan shaharning jamoat infratuzilmasi va umuman atrof-muhit nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hisob olmaganligi va ular uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmaganligi, jamiyatimizda shakllangan turli stereotiplar va nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga nisbatan munosabat misollari keltirildi.

«SHAROIT PLYUS» faoliyati xayriya yondashuvidan yiroq bo‘lib biz asosan ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishida ishlaymiz. Kundalik faoliyatimiz va loyihalarimizda nogironlikning tibbiy yoki xayriya modeli emas balki ijtimoiy modelga asoslanib ish yuritamiz», dedi tashkilot rahbari Muhabbat Raximova.

«SHAROIT PLYUS» NJB Kengashi a’zosi Ulug’bek Mamatxanov

Yig’ilish davomida «www.ishplus.uz rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish» loyihasi haqida loyiha rahbari Dilmurod Yusupov hozirgi kunga qadar erishilgan yutuqlar va muammolar haqida batafsil gapirib berdi. O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sifatli ta’lim va munosib bandligini ta’minlash dolzarb muammo ekanligi ta’kidlandi va mehmonlar bilan oʻzaro savol javoblar orqali fikr-mulohazalar almashildi.

Jahon banki delegatsiya a’zolari «SHAROIT PLYUS» NJB jamoasi bilan