22-noyabr Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasining umumiy faoliyat va amalga oshirilayotgan loyihalari haqida taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli «SHAROIT PLYUS» NJB va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan Oʻzbekiston tomonidan 2021-yilda ratifikatsiya qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) «Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida»gi konvensiyasini amalga oshirishda hukumatga yordam berish maqsadida hamkorlik qilib kelayotganligini ta’kidladi.
Jahon banki xodimlari bilan uchrashuv jarayonida ikki tomonlama hamkorlik masalalari, mamlakatdagi nogironligi boʻlgan shaxslarning bugungi ahvoli, shuningdek, ularning farovonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan keyingi chora-tadbirlarni muhokama qildik.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi Muhabbat Raximova tashkilot faoliyati haqida taqdimot qilish jarayonida
Birlashma raisi Muhabbat Raximova tashkilotimiz tarixi, bizning missiyamiz, maqsad va vazifalarimiz va shuningdek shu paytgacha amalga oshirilgan loyihalar haqida batafsil so‘zlab berdi. 2016-yildan buyon nogironligi boʻlgan insonlar va ularning oilalarining huquqlarini himoya qilish, ularning har tomonlama rivojlanishi va jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

«SHAROIT PLYUS» NJB missiyasi «Barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlari uchun to‘siqsiz va inklyuziv jamiyat yaratish»
Tashkilot hozirgi kunda nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslarni, balki nogironligi bo‘lmagan shaxslarni ham birlashtiradi. 2022-yil holatiga ko‘ra a’zolarining umumiy soni 101 kishini (ulardan 41 erkaklar va 60 ayollar) tashkil etdi. Umumiy 12 xodim tashkilotimizda faoliyat olib boryapti. Shuningdek, faoliyatimiz davomida 10 nafar volontyorlar muntazam ravishda beminnat xizmatlarini ko‘rsatishdi.
«SHAROIT PLYUS»ning eng dolzarb loyihalaridan biri «www.ishplus.uz rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirish» loyihasi haqida Dilmurod Yusupov batafsil taqdimot qildi.

www.ishplus.uz loyihasi rahbari Dilmurod Yusupov loyiha taqdimot jarayonida
Yana bir boshqa loyihamiz «Media+» nogironligi bo‘lgan shaxslarga jurnalistika va blog yuritish kursi haqida loyiha rahbari Maftuna Usmanova taqdimot qildi. Maftunaning ta’kidlashicha jurnalistika bu O‘zbekistondagi jamiyat ongini nogironlikning ijtimoiy modeliga o‘tishida muhim instrumentlardan biri hisoblanadi. Ammo mahalliy OAVlar nogironlik va inklyuziya masalalarini yoritishda ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda.

Maftuna Usmanova Media+ kursi loyihasi taqdimoti jarayonida
Media+ kursining maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jurnalistika, blogerlik va PR haqidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali o‘zlarining muammolarini yoritish.

Jahon banki va «SHAROIT PLYUS» ramzlari tushirilgan tort
Uchrashuvning eng zo’r yakuni Jahon banki xodimlari tomonidan tayyorlagan tort bilan choy ziyofati bo’ldi!

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli www.ishplus.uz loyihasi koordinatori Aziz Abdullayev bilan tort kesish marosimi jarayonida
