2023-yilning 30-noyabr kuni Yoshlar ishlari agentligi press-klubi zalida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ochiq va bepul audiokitoblarning birinchi onlayn kutubxonasi “Kitob Plus” loyihasining gibrid formatdagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun audiokitoblar onlayn kutubxonasini ishlab chiqish bo‘yicha “Kitob Plus” loyihasiga bag‘ishlandi. Tadbir YouTube orqali jonli efirda uzatildi va quyidagi yozib olingan video orqali tomoshqa qilishingiz mumkin.
Taqdimotning ochilish qismida O‘zekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati mutaxassisi pedagogika bo‘yicha falsafa fanlari doktori Nilufar Matkarimova nutq so‘zlab, loyihaga omad va ulkan muvaffaqiyatlar tilab nutqlariga yakun yasadilar. Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muxabbat Raximova ham nutq so‘zlab loyiha taqdimotini ochiq deb e’lon qildilar.

Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muxabbat Raximova
Ochilish marosimidan so‘ng loyiha rahbari Mirali G‘iyosov audiokitoblar tarixi, bugungi kundagi audiokitob eshitish platformalari, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan muammolarga yechimi sifatida “Kitob Plus” loyihasi haqida nutq so‘zladi. “LOGOS” onlayn kutubxonasining bosh direktori va dasturchi Mixail Korneyev loyihaning texnik jihatlari, qaysi platformalar uchun mo‘ljallanganligi, bugungi kunda mavjud bo‘lgan maxsus platformalar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

Kitob Plus loyihasi koordinatori Abdulaziz Salimov nutq so‘zlayapti
Tadbirda loyiha koordinatori Abdulaziz Salimov Android va iOS platformalari uchun ishlab chiqilgan Kitob Plus mobil ilovalari va yaratilgan vebsayt www.kitobplus.uz imkoniyatlarini taqdim qildi. Kitob Plus ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun raqamli sharoitlarni yaratib ularga audiokitoblarni qulay tarzda eshitish imkoniyatini berishi ta‘kidlab o‘tildi.
Taqdimot qatnashchilari tomonidan savol-javoblar o‘tkazildi shu vaqtning o‘zidayoq ishtirokchilar “Kitob Plus” vebsaytidan va mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishni ham boshlab yuborishdi. Ushbu taqdimotning 2-qismida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev nutq so‘zladilar va barcha ishtirokchilar bilan savol-javoblar o‘tkazib, takliflarni o‘rgandilar va kelgusi ishlarimizda hamkorlikni davom ettirishimizni aytib o‘tdilar.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev
“Kitob Plus” loyihasining rahbari Mirali G‘iyosov loyihaning hozirgi kundagi ahamiyati, kelgusidagi rejalar, rivojlanish bosqichlari va istiqbollari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdilar. Taqdimoti yakuni sifatida loyiha bo‘yicha taklif va murojaatlar ko‘rib chiqildi.
