2023-yilning 30-noyabr kuni Yoshlar ishlari agentligining press-klubida Oʻzbekistonda birinchi koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay va bepul audiokitoblarning birinchi onlayn kutubxonasi “Kitob Plus” loyihasining gibrid formatdagi taqdimoti boʻlib oʻtadi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 70 mingdan ortiq koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar boʻlib, ular har kuni axborotdan foydalanish va maxsus texnologiyalarning yetishmasligi bilan bog’liq muammolarga duch kelmoqda. “Gapiruvchi” kitoblar koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi insonlar hayotida alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda audiokitoblar bozori bosqichma-bosqich rivojlana boshlaganiga va audiokitoblarni tinglash uchun turli mobil ilovalar ishlab chiqilayotganiga qaramay, mavjud audiokitob platformalari qimmatligi va koʻzi ojizlar ehtiyojlariga moslashtirilmaganligi sababli koʻrish boʻyicha nogironligi bor koʻplab odamlar uchun ulardan foydalanishga turli xil toʻsiqlar bor. Shu paytgacha koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar uchun audiokitoblarni ochiq va qulay formatlarda birlashtirgan yagona onlayn platforma mavjud emas edi.

Ushbu muammolarning innovatsion va inklyuziv yechimi sifatida Toshkent Shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi  Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining moliyaviy koʻmagida koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun audiokitoblar onlayn kutubxonasini ishlab chiqish boʻyicha “Kitob Plus” loyihasini tashkil etdi. Loyihadan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekistondagi koʻrish boʻyicha nogironligi bor shaxslar uchun barcha audiokitoblar, radio spektakllar va boshqa audio materiallarni bir joyda jamlaydigan, qulay va bepul veb-sayt va uning Kitob Plus mobil ilovasini yaratishdan iborat. Loyihaning dastlabki bosqichlarida bugungi kunda koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kamida 500 ta audio kitob va 300 ta radio spektakl taqdim etiladi.

Taqdimot 2023-yil 30-noyabr soat 14:00 dan 16:00 gacha Yoshlar ishlari agentligining press-klub zalida (Manzil: Toshkent sh., Alisher Navoiy koʻchasi, 11A) gibrid formatda (YouTubeʼda jonli efirda) boʻlib oʻtadi). Tadbirning asosiy tillari: oʻzbek va rus. Loyiha taqdimotida ishtirok etish uchun quyidagilar taklif etiladi:

  • mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, shuningdek, blogerlar;
  • koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar, ularning oila aʼzolari va ularning huquq va manfaatlarini ifodalovchi jamoat tashkilotlari;
  • taʼlim, axborot texnologiyalari va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi davlat organlari vakillari;
  • hamkorlar va “Kitob Plus” loyihasini qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor biznes vakillari.

Oflayn rejimda qatnashish uchun quyidagi telefonlar orqali oldindan roʻyxatdan oʻtish kerak: +998 (97) 708-73-31, +998 (99) 831-69-83.

Loyiha va taqdimot haqida

Shuningdek, loyiha Oʻzbekiston tomonidan 2022-yil 13-yanvarda imzolangan Marrakesh shartnomasi doirasida koʻzi ojiz yoki boshqa nogironligi boʻlgan shaxslar uchun audiokitoblardan foydalanish imkoniyatini oshirishni rejalashtirmoqda. Mazkur xalqaro shartnoma qoidalari audiokitoblarni muallifning roziligisiz va unga hech qanday haq toʻlamasdan “Kitob Plus”ga joylashtirish hamda ularni koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi foydalanuvchilarga taqdim etish imkonini beradi.

Tadbir davomida loyiha rahbari Mirali Gʻiyosov va loyiha koordinatori Abdulaziz Salimov “Kitob Plus” platformasining dastlabki kontenti – ushbu loyiha uchun maxsus yozib olingan oʻzbek tilidagi 105 ta ilmiy, badiiy, hujjatli, ommabop va boshqa audiokitoblarni namoyish etadi. Loyihani amalga oshirishga 1997-yildan buyon koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish sohasida IT-tizimlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shugʻullanib kelayotgan “LOGOS” birinchi xalqaro onlayn kutubxonasining texnik mutaxassislari jalb etildi. Loyiha taqdimotida LOGOS bosh direktori Mixail Korneyev Kitob Plus yangi kompleks kutubxona ekotizimining texnik imkoniyatlarini namoyish etadi.

Tadbirda Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Respublika markaziy koʻzi ojizlar kutubxonasi kabi loyihaning dastlabki hamkorlari, Oʻzbekistonda rivojlanayotgan audiokitoblar bozori tadbirkorlari va tegishli davlat organlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.