2023-yilning 23-dekabr kuni Yoshlar ishlari agentligining press-klubida Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkilot a’zolari bilan hamkorlikda suratga olingan “KO‘ZGU” qisqa metrajli ijtimoiy film premyerasi va ijtimoiy roliklar taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lib ularning inson qadri, huquqlari va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan deb ta’kidlagan edilar. 2017-yildan boshlab milliy qonunchiligimizda va hukumatimiz tomonidan 2021-yil 7-iyunda ratifikatsiya qilingan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari mustahkamlandi.

Afsuski, nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarning sifatli ta’lim olishi, munosib ish joylari bilan ta’minlanishi, jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etish huquqlari haqida jamoatchilik xabardorligi pastligicha qolmoqda. Ushbu muammoni yechishga o‘z hissamizni qo‘shish va jamiyatimizning turli sohalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan to‘siqlar va kamsitilishlar holatlari  haqida keng aholining xabardorligini oshirish maqsadida “KO‘ZGU” qisqa metrajli ijtimoiy filmi va dolzarb mavzularga bag’ishlangan ijtimoiy roliklar suratga olindi.

Taqdimot 2023-yil 23-dekabr soat 14:00 dan 16:00 gacha Yoshlar ishlari agentligining press-klub zalida (Manzil: Toshkent sh., Alisher Navoiy koʻchasi, 11A) boʻlib oʻtadi. Tadbirning asosiy tillari: oʻzbek tili. Loyiha taqdimotida ishtirok etish uchun quyidagilar taklif etiladi:

  • mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, shuningdek, blogerlar;
  • nogironligi boʻlgan shaxslar, ularning oila aʼzolari va ularning huquq va manfaatlarini ifodalovchi jamoat tashkilotlari va nogironlar jamoat birlashmalari;
  • nogironligi boʻlgan shaxslarning ta’lim, mehnat, ijtimoiy himoya qilish va boshqa sohasida faoliyat yurituvchi davlat organlari vakillari;

Tadbirda ishtirok etish uchun quyidagi telefon orqali oldindan roʻyxatdan oʻtishingiz kerak: +998 (93) 564-54-36 yoki sharoitplus@gmail.com elektron manzilimizga yozing.

Filmni 23-dekabr soat 14:30 da YouTube kanalimizda ham tomosha qilishingiz mumkin.

Loyiha haqida

«Fuqarolik huquqlari himoyachilari (Civil Rights Defenders) tomonidan moliyalashtirilgan va milliy hamkorimiz Yoshlar ishlari agentligi bilan amalga oshirilgan «Innovatsion media-loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” davomiy loyihasi doirasida 2021-yildan boshlab O‘zbekistonda nogironlik va inklyuziya mavzusidagi Sharoit+ audio podkastlari, video intervyular, ijtimoiy film va roliklarni tayyorladik.