2023-yilning 23-dekabr kuni Yoshlar ishlari agentligining press-klubida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkilot a‘zolari bilan hamkorlikda suratga olingan “KO‘ZGU” qisqa metrajli ijtimoiy film premyerasi va ijtimoiy roliklar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lib ularning inson qadri, huquqlari va manfaatlarini ta‘minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan deb ta‘kidlagan edilar. 2017-yildan boshlab milliy qonunchiligimizda va hukumatimiz tomonidan 2021-yil 7-iyunda ratifikatsiya qilingan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari mustahkamlandi.
Afsuski, nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarning sifatli ta‘lim olishi, munosib ish joylari bilan ta‘minlanishi, jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etish huquqlari haqida jamoatchilik xabardorligi pastligicha qolmoqda. Ushbu muammoni yechishga o‘z hissamizni qo‘shish va jamiyatimizning turli sohalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan to‘siqlar va kamsitilishlar holatlari haqida keng aholining xabardorligini oshirish maqsadida “KO‘ZGU” qisqa metrajli ijtimoiy filmi va dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ijtimoiy roliklar suratga olindi.
Tadbir boshida tashkilotimiz rahbari Muhabbat Raximova so‘zga chiqib, tashrif buyurgan tomoshabinlarga minnatdorchilik bildirib, “KO‘ZGU” qisqa metrajli ijtimoiy film sur‘atga olinishidagi mashaqqatlar haqida aytib o‘tdilar.
Tashkilotimiz kengash a‘zosi Ulug‘bek Mamatxanov – Fuqarolik huquqlari himoyachilari (Civil Rights Defenders) tomonidan moliyalashtirilgan va milliy hamkorimiz Yoshlar ishlari agentligi bilan amalga oshirilgan “Innovatsion media-loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi haqida so‘z yuritdilar.
“KO‘ZGU” film premyerasidan so‘ng filmda ishtirok etgan aktyor va aktrisalar birin-ketin tanishtirilib, o‘tilgandan so‘ng tamoshabinlar o‘rtasida savol-javob va takliflar bildirildi.
“KO‘ZGU” filmi menga juda ham yoqti va juda ta‘sirli hamda ibratli. Mana shunday filmlar ustida ko‘proq ishlashingiz va maktablarda ham ko‘rsatilishini iltimos qilaman chunki, odamlar nogironlik tushunchasi va nogironligi bo‘lgan shaxslarni hayotidagi muammolarni bilishimiz kerak va zarur deb hisoblayman», deydi Yashnobod tumani umumiy o‘rta ta‘lim maktabi sardori.
«Film ajoyib, menga juda yoqdi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishsizligi bu o‘zlari nogironliklari uchun ishlashmaydi deb o‘ylab yurardim. Filmni ko’rganimdan so‘ng juda ham ijobiy fikrlay boshladim. Bu film meni yeg‘lata olgan, ta‘sirlantira olgan filmlar qatoriga qo‘shildi», deydi Shayxontohur tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi.
Filmdan olingan taassurotlardan so‘ng loyiha doirasida sur‘atga olingan ijtimoiy roliklar premyerasi namoyish qilinib tomoshabinlarni fikr mulohazalariga limmo-lim bo‘ldi.
«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandi ham nogiron bo‘lib tug‘iladimi? mavzusidagi rolik haqiqattan ham eng zo‘r mavzuni tanlagansizlar. Meni qarindoshim ham nogironligi bo‘lgan inson bilan oila qurganlar, ularga ham shifokorlar ko‘p marotaba farzandingiz nogiron bo‘lib tug‘iladi deb aytishgan. Ularni hozirda 3 yoshli farzandlari bor lekin, farzandlari nogiron emas, sog‘lom», deydi tomoshabinlardan biri.
Taqimot so‘nggida tomoshabinlar tashkilotimizga taklif bilan murojaat qilishdi mana shunday ijtimoiy film va ijtimoiy roliklar chiqarishdan to‘xtamanglar bunda insonlarni dunyo qarashi ham o‘zgaradi. Biz ham sur‘atga olish jarayonlarida hamkorlik sifatida sizlar bilan ishlaymiz deya takliflarini aytib o‘tishdi.
Taqdimot o‘tkazilishida tashkilotimizga yaqindan yordam bergan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati va “OLTIN QANOAT” volontyorlar assosiatsiyasi rahbariyatiga Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi rahbariyati va jamoasi nomidan chuqur minnatdorchilik bildirib kelgusi ishlarida omad va ulkan zafarlar tilab qolamiz.
