2025-yil 28-may kuni tashkilotimiz tomonidan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan bepul kompyuter kursining ilk darsi muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazildi.

Kurs ishtirokchilari ilk darsda kompyuter qurilmalari, operatsion tizimlar va gapiruvchi dasturlar bilan tanishdilar. Dastlabki mashg‘ulotlar tinglovchilarning texnologik savodxonligini oshirish, ularni mustaqil ishlashga tayyorlashga qaratildi. Darslar gibrid shaklda (offlayn va onlayn tarzda) to‘qqiz nafar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilarga o‘tilmoqda.

Kompyuter kursi ko‘ngilli o‘qituvchisi Farrux Jumanazarov avval Toshkent shahar «Ishga Marhamat» monomarkazi bilan biz yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida  “Kompyuter operatorlik” kursida dars bergan.

Darslar Yunusobod tumanidagi zamonaviy texnika bilan jihozlangan kovorking markazimiz ichidagi kompyuter xonamizda o‘tkazilmoqda. Ushbu xonamiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan nogironligi bo‘lgan yoshlarni kreativ sohalarda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha doirasida texnik jihozlangan edi.

Dars jarayonidan lavha

Kurs 3 oy davom etadi va ishtirokchilar kompyuter ichki va tashqi qurilmalari, operatsion tizimlar, kompyuter grafikasi, gapiruvchi dasturni (NVDA) kompyuterga o‘rnatish va sozlash, MS office dasturlar paketi bilan ishlash, Adobe Reader, Abby fine reader, Bookworm hamda Openbook dasturlaridan foydalanish, shuningdek, my.gov.uz Yagona davlat xizmatlari portalida foydalanishni o‘rganishadi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: +998 (99) 559-23-70 (Farrux Jumanazarov, o‘qituvchi), +998 (97) 132-88-33 (Kamola Davlatova, o‘qituvchi assistenti)
Manzil: Yunusobod tumani, Xiyobon ko‘chasi, 22-uy.
Lokatsiya: Yandex xaritada ochish

Matn: Dilmurod Yusupov

Suratlar: Sofiya Akramova