Ayni paytda O‘zbekiston milliy oliy o‘quv yurtlarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabalar uchun Brayl alifbosidagi o‘quv materiallari keskin tanqisligi kuzatilmoqda. Koʻzi ojiz shaxslar uchun sharoitlar yaratishga befarq boʻlmagan va xayriya qilgan yaxshi insonlar, jamoatchilik faoli Aziza Umarova tashabbusi va “Ezgu Amal” xayriya jamg‘armasi ko‘magida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasiga Braille Index Everest-D V5 Brayl yozuvida chop etish uchun ikkita printer bepul topshirildi.
Mazkur loyiha doirasida 2022-yil 26-dekabr kuni O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati “San’at gulshani” Madaniyat saroyi binosida “SHAROIT PLYUS” NNT qoshida “PRAXIS PLUS” MChJ ijtimoiy korxonasi tashkil etildi. Mazkur korxonaning ko‘zi ojiz mutaxassislari tomonidan ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun o‘quv jarayonini samarali tashkil etish maqsadida zarur bo‘lgan brayl alifbosidagi materiallarini bepul chop etish xizmatlari ko‘rsatila boshlandi.

Brayl shriftida chop etish uchun «Index Everest-D V5» printerlar qabul qilindi
Stipendiya va nogironlik nafaqasi ko‘zi ojiz talabalarning kundalik xarajatlarini zo‘rg‘a qoplashini hisobga olsak, ularning Brayl alifbosidagi nashrlar kabi boshqa xarajatlarini qoplash uchun mablag‘lari yetmaydi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda bir nechta brayl bosmaxonalari mavjud bo‘lsa-da, ularning xizmatlari ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan talabalar uchun qimmat hisoblanadi.
O‘zbekiston Milliy universiteti Chet tillar fakulteti magistranti Komil Fayzullaev bugungi kunda Brayl alifbosidagi materiallar, xususan, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabalar uchun ingliz tilidagi materiallar keskin tanqisligini ta’kidlar ekan: “Menga zarur bo‘lgan materialni chop qilmoqchi bo‘lganimda. Brayl alifbosidagi 180 sahifali materialni chop etish taxminan 1 000 000 so’mga tushishini aytishdi. Shu asnoda men Brayl yozuvidagi bu manbani chop etishga imkoniyat topolmadim”.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Toshkent shahar bo‘limi ma’lum qilishicha, poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan talabalar soni 367 nafarni tashkil etadi. Shu sababli, ushbu ijtimoiy loyiha ko‘zi ojiz talabalarga Brayl alifbosida o‘quv materiallarini chop etishga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Loyihaning nomi: Ko‘zi ojiz yoshlar uchun Brayl bosmaxonasini tashkil etish loyihasi
Loyiha donori: Koʻzi ojiz shaxslar uchun sharoitlar yaratishga befarq boʻlmagan va xayriya qilgan yaxshi insonlar va “Ezgu Amal” xayriya jamg‘armasi tominidan logistika yordami
Loyihaning umumiy budjeti: 115 020 740,80 so‘m
Loyihaning davomiyligi: 2022-yil 26-dekabrdan hozirgi kunga qadar
Loyihaning hamkori: O’zbekiston Ko‘zi Ojizlar jamiyati «San’at gulshani» madaniyat saroyi
Loyihaning maqsadlari:
- Toshkent shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlarining ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan talabalariga bepul xizmat ko‘rsatadigan Brayl alifbosidagi bosmaxona tashkil etish;
- Ko‘zi ojiz talabalarni Brayl alifbosida bepul materiallar bilan ta’minlash va taqdim etish;
- Bosmaxona faoliyatiga ko‘zi ojiz mutaxassislarni jalb etish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan uchun yangi ish o‘rinlari yaratish.
- Brayl alifbosidagi bosma ma’lumotlar, shu jumladan akademik, badiiy va boshqa adabiyotlar ro‘yxatini kengaytirish.
Loyihadan kutilgan aniq natijalar:
- Ko‘zi ojiz 20 nafar talabalarga oyiga 200 varaq miqdorida brayl yozuvida bepul chop etish xizmatlarini ko‘rsatish;
- Brayl alifbosidagi bosmaxonada ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan kamida 5 nafar yosh mutaxassisni ishga joylashtirish;
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov
Bosmaxona bosh muharriri: Ulug’bek Mamatxanov (ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bor)
Brayl yozuviga o’girish bo’yicha bosh mutaxassis: Islom Otajonov (ko‘rish bo‘yicha II guruh nogironligi bor)
Brayl printeri operatorlari: Bobur Qurbonov (ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bor), Fazliddin G’ulomxonov (ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bor)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva
❗️Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan talabalarni +998 (90) 113-25-52 telefon raqami yoki Telegram orqali @U_Mamatkhanov ga murojaat qilishni iltimos qilamiz.

O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati “San’at gulshani” Madaniyat saroyi
📍Manzil: Toshkent sh., Chilonzor tumani, Cho‘ponota ko‘chasi, 28A, 20-xona.
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: praxisplusllc@gmail.com
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizga homiylik qiling: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/#donate-form
