2024-yil 22-oktyabr Yoshlar ijodi saroyi «Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun kreativ industriya yo‘nalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish loyihasi» sarhisob uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda kurslarni muvaffaqiyatli bitirgan nogironligi bo’lgan yoshlarga sertifikatlar topshirildi. Loyiha doirasida tashkil etilgan fotografiya kursida tahsil olgan o‘quvchilarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Aksariyat nodavlat ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun sharoitlar mavjud emasligi va u yerda taklif qilinayotgan zamonaviy kasb-hunar kurslari xarajatlarini qoplashga mablag‘ yetishmayotganligi sababli ko‘plab nogironligi bo‘lgan yoshlar turli xil to‘siqlarga duch kelayotgani barchamizga ma’lum.

Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar taraqqiyoti bilan birgalikda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan o‘ziga xos, yangidan yangi loyihalar Nogironligi bo‘lgan yoshlarni mehnat bozorida o‘z o‘rinlariga mustahkam ega bo‘lishlari, nafaqat hunarmandchilik yo‘nalishlarida, balki zamonaviy, kreativ industriya yo‘nalishlaridagi kasb-hunarlarni ham o‘zlashtirishlari uchun xizmat qilib kelmoqda.

«SHAROIT PLYUS» NJB raisi Muhabbat Raximova kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berdilar

Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun kreativ industriya sohalarida kasb-hunar kurslarni tashkil etish loyihasi Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirildi. Loyihaning maqsadi — nogironligi bo‘lgan yoshlarning kreativ qobiliyatlarini rivojlantiradigan zamon bilan hamnafas kasblarga o‘qitish.

Loyiha koordinatori Mohistara Muhammadyunusova

Uch oy davom etadigan ijtimoiy media marketingi (SMM), fotografiya va videomontajni o‘rgatishga qaratilgan kurslarni ishlab chiqish va tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Kurs kuratorlari sifatida kreativ industriya sohalarida professional va mahoratli ustozlar jalb qilindi:

  • SMM kursi kuratori – Inara Asanova digital marketing va menejment sohasida katta tajribaga ega mutaxassis. Inara Asanova 1998-yili Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug‘ilgan. U Guliston tumanidagi 14-umumta’lim maktabida tahsil olgan. O‘rta ma’lumotni Guliston tibbiyot kollejida olgan. Keyin Guliston davlat universitetida tahsil olgan. Inara marketing sohasida, jumladan, SMM va targeting yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Hozirda u reklama agentligida loyiha menejeri lavozimida ish olib bormoqda.
  • Fotografiya kursi kuratori Husniddin Ato – hujjatli fotograf, trener; Oʻzbekiston Rassomlar uyushmasi aʼzosi Madaniyat va sanʼat sohasidagi loyiha rahbari, shuningdek “OXUS Culture” madaniyat tashkiloti direktori. Yozuvchi ijodida O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning madaniy hayoti, an’analari, marosimlari va etnografiyasiga bag‘ishlangan asarlar alohida o‘rin tutadi.
  • Videomontaj kursi kuratori – Ulug‘bek Urinov hozirgi kunda Toshkent davlat yuridik universitetining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqdalar. 1991-yildan boshlab “Uzteleleradiokompaniya” rejissyori, Toshkent davlat madaniyat instituti talabasi, “Turon” teatr-studiyasi rejissyori, Toshkent madaniyat kolleji o‘qituvchisi, Toshkent davlat san’at va madaniyat instituti video studiya rahbari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, Toshkent davlat yuridik universitetining matbuot kotibi, Toshkent davlat yuridik universitetining media-markaz direktori kabi lavozimlarda katta tajriba va ko‘nikmalarni orttirgan mutaxassis hisoblanadilar.

Tadbir ishtirokchilari

Jamoaviy rivojlanishga yo‘naltirilgan ushbu jihat uch oylik dasturdan tashqari doimiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, doimiy o‘sish uchun kuchli aloqalarni o‘rnatish va resurslarni yaratishga qaratilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanatni rivojlantirish jamg‘armasida inklyuziv bo‘yicha maslahatchi Mirsaid Muxtorov sertifikatlarni topshirdi

SMM kursi bitiruvchisi Nargiza Arziyeva sertifikat bilan taqdirlandi

Ushbu loyiha maqsadi ko‘p qirrali bo‘lib, belgilangan uch oylik muddatda ko‘nikmalarni rivojlantirish, ishga joylashish, raqamli inklyuzivlikni rag‘batlantirish va inklyuziv kreativ jamiyatni shakllantirishni o‘z ichiga oldi. Tashkil etilgan 3 xil yo‘nalishdagi kurslarning har birida 10 kishidan ishtirokchi qatnashdi va hali amaliyot muddati tugamagan bo‘lsa-da, loyiha bitiruvchilari mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishga kirishdilar.

Fotografiya kursi bitiruvchisi Mariya Malinovskaya o‘z minnatdorchiligini bildirdi

Loyihaning amaliy natijalaridan biri, fotografiya kursida Husniddin Ato ustozning eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘quvchisi Mariya Malinovskaya Gazeta.uz o‘zbek tahririyati uchun ajoyib fotoreportaj qilib beribdilar va bu amaliyotdagi birinchi ishlari ekan. Bundan tashqari videomontaj kursi bitiruvchisi Nargiz Qodirova va SMM kursi bitiruvchisi Murod Egamov  UzNews.uz axborot agentligiga amaliyot o‘tashga ishga kirishdi.

Shuningdek, SMM kursini muvaffaqiyatli bitirgan Nargiza Arziyeva, Sevara Mirxo‘jayeva va Zahro Alimqulova «SHAROIT PLYUS» NJB va uning loyihalari kommunikatsiya bo‘limlariga amaliyot o‘tashga ishga kirishdi.

Loyiha haqida batafsil havola orqali.

Suratlar muallifi: Gulnoza Shermatova

Matn: Mohistara Muhammadyunusova

Matn tahriri: Dilmurod Yusupov