“Matonatli Onam” loyihasi haqida

“SHAROIT PLYUS” NJB hozirgi kunda jismoniy imkoniyati cheklangan farzandi bor ayollar (oilalar, onalar) qanchalik ijtimoiy himoyalangani va ularni jamiyatda tutgan roli qay darajada ekanligi bilan qiziqdi.

Imkoniyati cheklangan farzandi bor onalar va ularning farzandlariga faol hayot tarzida yashash uchun yetarli sharoit yaratilganmi? Ularga moddiy, ijtimoiy va psixologik yordam berilyaptimi?

Yuqorida psixologik yordamni bejizga qoʻshmadik. Chunki oilada imkoniyati cheklangan farzand dunyoga kelishi ota va ona uchun juda katta ruhiy zarba beradi. Ayollar farzandiga boʻlgan mehri tufayli bu zarbaga dosh bersalar erkaklarda bu tushkunlik holati juda ogʻir kechishi mumkin. Bunday musibat koʻp hollarda onalarni notoʻgʻri ayblanishi va oilaning buzilishiga sabab boʻlishi ehtimoli juda katta. Buni oldini olish uchun, sharoiti cheklangan farzand dunyoga kelgan oila haqida hokimiyat qoshidagi xotin-qizlar qoʻmitasi birinchilardan xabardor boʻlishlari va ota-onaga tushuntirish ishlari olib borib professional psixologlar yordam koʻrsatishsa muammoni oldini olish orqali hal etilishi ehtimoli juda yuqori boʻladi.

Agar yuqoridagi muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etilmasa onaning yelkasiga qoʻlida doimiy parvarishga muhtoj farzandi bilan birgalikda oilaning moddiy taʼminoti xam yuklanadi. Farzandining bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqasi (513 350 soʻm yaʼni 50 AQSH dollari atrofida) bolaning dori-darmoni va ust-boshidan ortmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 18.03.2019 yildagi 229-son qarori bilan pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor onalarga ijtimoiy nafaqa toʻlash tartibi belgilandi. Bu qarorda nafaqani olish uchun qator bandlar belgilab qoʻyilgan yaʼni (315 030 soʻm yaʼni 30.44 AQSH dollari) miqdoridagi nafaqani olish uchun ayol 55 yoshga kirgan boʻlishi, hech qanday ish stajiga ega boʻlmasligi, va nafaqa olish uchun topshirilayotgan farzand hujjatlarida “Bolalikdan nogiron”lik tashxisi qoʻyilgan boʻlishi zarur.

Hech qayerda ishlamasdan butun umrini farzandiga bagʻishlagan matonatli onaga qariganida 30 dollar miqdoridagi nafaqani ijtimoiy himoya deb atash toʻgʻrimi? Axir ona ham inson, u ham bu dunyoning shodliklaridan bahramand boʻlishga barchamiz kabi haqli emasmi?

Vazirlar Mahkamasining 18.03.2019 yildagi 229-son qaroriga qator oʻzgartirishlar kiritishni yaʼni quyidagilarni

  • Imkoniyati cheklangan farzandni tarbiyalayotgan onaga farzandga “Bolalikdan nogiron” tashxisi kunidan boshlab nafaqa tayinlash;
  • Imkoniyati cheklangan farzandni tarbiyalayotgan onaga farzand 2 yoki 3 yoshga toʻlgunga qadar bola uchun zarur boʻlgan gigiyenik mahsulotlar (taglik, taglik uchun mato, bolalar sovun va shampunlar h.k) bilan bepul taʼminlash;
  • “Bolalikdan nogiron” lik tashxisi qoʻyilgan farzandni tarbiyalayotgan onalarga pansionat va sanatoriylarga navbatsiz yoʻllanma berish;

kabi tuzatishlarni kiritishni taklif qilamiz.

“SHAROIT PLYUS” NJB nodavlat notijorat tashkilotining “Matonatli onam” loyihasini amalga oshirishdan asosiy maqsadi yuqorida keltirib oʻtilgan muammolarga duch kelayotgan onalarning ovozlarini butun Respublikaga eshittirish va qoʻlimizdan kelgan yordamni koʻrsatishdir.

Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz Click yoki Payme orqali loyihani qoʻllab quvvatlashingiz mumkin. Homiylik boʻyicha barcha qoʻshimcha maʼlumotlarni https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/ sahifamizdan olishingiz mumkin.