Joriy yilning 5-sentyabr kuni Toshkent shahridagi GroundZero Kitob olami kovorking markazida nogironligi bo‘lgan yoshlarni mediasavodxonlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan Media Plus loyihasiga start berildi. Media Plus – Toshkent shahar nogironlar jamoat birlashmasi “SHAROIT PLYUS” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi donorligida tashkil etildi.

“2021-yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Bu, o‘z navbatida, infratuzilmani takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiylashuviga xizmat qilishi va umuman, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish kafolati bo‘lishi kerak. Amalga oshirish jarayoni shaffof va masʼuliyatli bo‘lishi uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning huquqlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishi izchil va sifatli bo‘lishi kerak. Jurnalistika va blogerlik O‘zbekiston jamiyati tomonidan nogironlikni tushunishning ijtimoiy modeliga o‘tish uchun ajoyib vositadir.” – deydi “SHAROIT PLYUS” NJB Loyihalar rahbari Dilmurod Yusupov.

Kurslarda ishtirok etish mutlaqo bepul bo‘lib, loyihaga 18 yoshga to‘lgan shaxslar tanlov asosida qabul qilindi. Ushbu o‘quv loyiha 2 oy davomida nogironligi bo‘lgan yosh mutaxassislarni media sohasi va uning turlari haqidagi bilimlarini oshiradi hamda ularni bevosita qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, media sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan nogironligi bo‘lgan yosh mutaxassislar jamiyatini yaratish yo‘lida ishonchli qadam bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbek guruhidagi ishtirokchilar

“Media Plus mediasavodxonlik kursiga kutganimizdan ko‘ra ko‘proq arizalarni qabul qildik, biz bundan xursandmiz. Loyihada rusiyzabon va o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar uchun alohida guruhlar tashkil etilib, har bir guruh uchun 10 nafardan ishtirokchi tanlov asosida qabul qilindi. Saralangan ishtirokchilar ikki oy davomida media sohasida faoliyat yuritayotgan, malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan darslarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishdi.” — deydi loyiha koordinatori Maftuna Usmanova.

Loyihada ishtirokchilar media sohasi va uning turlari, faktcheking, fotojurnalistika, matnlar bilan ishlash, sohadagi zamonaviy trendlar va boshqa sohaga oid mavzular bo‘yicha tahsil oladilar.

Rusiyzabon guruhi ishtirokchilari

“Loyihaning ilk treningida spiker sifatida ishtirok etib, ishtirokchilar bilan tanishib, yaqindan suhbatlashdim. Umid qilamanki, loyiha ishtirokchilarga OAV sohasida faoliyat boshlagan mutaxassislar sifatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi imijini shakllantirish va shu bilan birga nogironlik mavzusini ijtimoiy model nuqtai nazarida yoritishda ommaviy axborot vositalaridagi xayriya yoki achinish xissini uyg‘otadigan ohangini yo‘q qilishda ko‘maklashadi.” — deydi Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova.

Kursdagi faol ishtirokchilarning yo‘l xarajatlari qoplanadi va darslarni o‘tkazib yubormagan ishtirokchilar kurs yakunida sertifikatga ega bo‘ladilar. Loyiha haqida batafsil havola orqali bilib olishingiz mumkin.

OAV uchun aloqa:
Durdona Shavkatova
PR mutaxassis
Telefon: +998 (94) 607-66-20