Tashkilotimiz tomonidan amalga oshirilayotgan www.ishplus.uz loyihasi doirasida 2021-yildan boshlab mahsus rekruting veb-portalimiz orqali ish topgan nogironligi bo‘lgan fuqarolarning mehnat sharoitlari monitoring qilib borilmoqda. Biroq ish bilan ta’minlanganlar taklif qilingan ishdan bosh tortib, turli sabablarga ko‘ra ishni tark etish holatlari uchrab turishi qayd etildi. Ushbu yangi loyiha shunday muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Tahlillarimizga ko‘ra, 01.01.2023 yildan 25.12.2023 yil oxirigacha loyiha doirasida 160 nafar turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar ish bilan ta’minlandi. Shundan 49 nafar ish izlovchi bilan rasmiy mehnat shartnomasi tuzilgan. 91 nafar ish izlovchi turli sabablarga ko‘ra o‘z ishini tashlab ketgan. Bunday muammolarning aksariyati nogironlarning o‘z mehnat huquqlarini bilmasligi, shuningdek, ushbu shaxslarning mehnatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan mentorlik dasturining yo‘qligi tufayli yuzaga keladi. Shu munosabat bilan, tashkilot ishga joylashayotganlarning kelajakdagi taqdiri va ish beruvchi tomonidan yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot to‘plash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishi kerak. Ish beruvchilar bilan turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularni mehnat huquqlari to‘g‘risida xabardor qilish masalalari bo‘yicha ish beruvchilar bilan ishlash zarur.
Loyiha haqida qisqa ma’lumot
Loyiha nomi: Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ixtisoslashtirilgan mentorlik dasturi orqali ochiq mehnat bozorida inklyuziv bandligini ta’minlash
Loyiha donori: AQSH Davlat Departamentining Demokratiya, Inson Huquqlari va Mehnat Byurosi (DRL) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Aholining ijtimoiy zaif qatlamalarining mehnat huquqlarini mustahkamlash va ish bilan ta’minlash hamda transformative iqtisodiy islohotlarni rag’batlantirish uchun fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirish” loyihasi
Loyiha umumiy budjeti: 142 650 795 so‘m
Loyiha davomiyligi: 7 oy (2024-yil 3-iyuldan 2025-yil 3-fevralgacha)
Loyihani tashkiliy-uslubiy jihatdan ta’minlab borish uchun milliy hamkor: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Loyihaning maqsadi
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga bandlik masalalari bo‘yicha huquqiy maslahatlar berish, bandlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yordam berish.
Loyihaning vazifalari
- Nogironlarning mehnat huquqlari bo‘yicha huquqiy maslahatlar berish mexanizmini ishlab chiqish;
- Ularning inklyuziv bandligini ta’minlashga qaratilgan ixtisoslashtirilgan mentorlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Ochiq mehnat bozorida nogironligi bo‘lgan shaxslar duch keladigan huquqiy va boshqa to‘siqlarni o‘rganish uchun yakuniy hisobot sifatida konstruktiv tadqiqot (tadqiqot hisoboti) orqali amalga oshirilayotgan loyihani monitoring qilish va baholash.
Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar:
- turli xil shakldagi nogironligi bo‘lgan kamida 125 nafar shaxsga mehnat masalalari bo‘yicha ikkilamchi chuqur huquqiy maslahatlar berish;
- inklyuziv mentorlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish, uning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va mehnatga tayyorligini oshirish, eshitishda nuqsoni bo‘lgan ish izlovchilarga ko‘proq e’tibor qaratish;
- turli xil shakldagi nogironligi bo‘lgan kamida 35 nafar shaxsni ishga joylashtirish bo‘yicha maslahatlar berish, eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarga e’tiborni kuchaytirish;
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov (e-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva (e-mail: i.narziyeva@sharoitplus.uz)
Loyihaga quyidagi mutaxassislar jalb qilinadi:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari bo‘yicha huquqshunos-maslahatchi
- Inklyuziv mentorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha kadrlar bo‘yicha (HR) maslahatchisi
- O‘zbek imo ishora tili tarjimoni
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: sharoitplus@gmail.com
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizni homiylik yoki volontyor bo‘lish orqali qo‘llab-quvvatlang.
Surat: Alina Olimova
Matn: Dilmurod Yusupov
