Toshkent shahar “Ishga Marhamat” monomarkazida tashkil etilgan “Imkoniyatlar markazi”da ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda “Kompyuter operatori” kursi muvaffaqiyatli tashkil etilyapti. Bu haqida ko‘proq ma’lumot olish maqsadida kurs o‘qituvchisi Farrux Jumanazarov bilan intervyu qildik.
Xabaringiz bo‘lsa, joriy yilning 13-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv memorandumi imzolagan edi. Monomarkazda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktyabrdagi PQ-390-sonli Qarori asosida “Imkoniyatlar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qisqa muddatli kurslarda kasb-hunar o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan.
Monomarkaz bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida “Imkoniyatlar markazi”da tashkilotimiz tomonidan 8ta kompyuterlar to‘plamlari bilan jihozlandi va O‘zbekistonda birinchi bor ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Kompyuter operatorlik” kursi tashkil qilindi. Ushbu kompyuterlar tashkilotimizga O‘zbekiston-Yapon Markazi tomonidan beg‘araz taqdim etilgan edi.

«Kompyuter operatorlik» kursi jarayonida
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirib kelinayotgan www.ishplus.uz loyihasi orqali tashkilotimiz kompyuter savodxonligi o‘quv kursini olib borish uchun o‘qituvchi vakansiyasini e’lon qilib “Ishga marhamat” monomarkaziga mutaxassis topishda amaliy yordam berdik. Natijada ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan yosh o‘qituvchi Farrux Jumanazarovni monomarkazga ishga yo‘naltiridik. Kurs haqida batafsilroq ma’lumot olish uchun u bilan intervyu qilishga qaror qildik. Quyida videoni YouTube kanalimizda tomosha qiling.
10-avgust kuni ushbu kursni muvaffaqiyatli tamomlagan birinchi guruh tinglovchilarga Toshkent shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazi direktori Sattarova Oygul Yusupbayevna tomonidan sertifikatlar topshirildi.

«Ishga marhamat» monomarkazi diretori kurs bitiruvchilarini sertifikat bilan taqdirlash marosimidan lavhalar


Toshkent shahar “Ishga marhamat” monomarkazi “Imkoniyatlar markazi” «Kompyuter operatori» yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘quv kursimizga taklif etamiz. Shoshiling, yosh chegaralanmagan! Murojaat uchun: 71 207-69-00 (114, 115). telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz. Manzil: Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasi 331-uy.
Kurs haqida batafsil www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalimizning “Kurslar” bo‘limidan quyidagi havola orqali batafsil maʼlumot o‘lishingiz mumkin. Kursda o‘qish BEPUL va bitiruvchilarga sertifikatlar beriladi. Kursga nogironligi bo‘lgan ishsiz shaxslar Aholi bandlikka ko‘maklashish markazlari taqdim etgan yo‘llanma asosida qabul qilinadi. Kurs yakunlangandan so‘ng, bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan o‘qilgan davr uchun stipendiya beriladi.
Kursga yo‘llanma olishda amaliy yordam olish uchun www.ishplus.uz veb-portali ma’lumot xizmatiga murojaat qiling: +998 (90) 818-07-08 (dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 17:00 gacha).
Loyihalarimizni Click, Payme yoki Payze orqali xayriya qilib, volontyor yoki birlashmamiz aʼzosi sifatida qo‘llab-quvvatlash uchun: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/
Asosiy surat muallifi: Arlan Bayxodjayev
Maqolada ishlatilgan suratlar muallifi: Azizjon Qosimov
Video operator va montajyor: Azizjon Qosimov
