Tashkilotimiz xodimlari 12-13 aprel kunlari boʻlib oʻtgan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va BMTning Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha muqobil hisobot yozish mavzusidagi treningda ishtirok etishdi.
Maqolani tinglang (01:59)
Ikki kunlik trening BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi (IHBOKB), Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz va Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Treningda Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasining inklyuziv mehnatni targ’ib qiluvchi www.ishplus.uz loyihasi xodimlari Ulug’bek Mamatxanov, Aziz Abdullayev va Muzaffar Poʻlatovlar ishtirok etishdi.

“www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi xodimlari
Trening davomida BMTning Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyasining umumiy tushunchalari, prinsiplari va konsepsiyalari haqida Qirg’izistonda joylashgan Markaziy Osiyo boʻyicha BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi (IHBOKB) mutaxassislari Erkin Isakulov va Yuliya Votslava batafsil ma’lumot berishdi.

Markaziy Osiyo boʻyicha BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi (IHBOKB) mutaxassisi Erkin Isakulov
2023-yil Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi konvensiyaning shartlari va vazifalarini bajarishi yuzasidan BMTning nogironlar huquqlari qoʻmitasiga hisobot kiritishi lozim. Bu hisobotni nafaqat Oʻzbekiston hukumati balki fuqarolik jamiyati institutlari shu jumladan nogironlar jamoat birlashmalari ham oʻz muqobil hisobotlarini yuborishlari mumkin.

Ulug’bek Mamatxanov Brayl yozuvidagi trening dasturi bilan tanishmoqda
Treningni tashkil qilishda Oʻzbekistonda nogironlik masalalari bilan shug’ullanuvchi yetakchi tashkilotlar vakillarining BMT Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi Konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha muqobil hisobotni tayyorlash koʻnikmalariga ega boʻlishi asosiy maqsad sifatida koʻrildi.
Keyingi yil Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi ham BMT Nogironlar huquqlari toʻg’risidagi Konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha muqobil hisobotni yozishga oʻz hissasini qoʻshadi deb umid qilamiz.
