O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturida Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi g‘olib bo‘ldi.
Ushbu dasturda O‘zbekiston Respublikasi 11 viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 37 ta nodavlat notijorat tashkilotlar (NNTlar) murojaat qildi. Tanlov komissiyasi tomonidan arizalar har tomonlama ko‘rib chiqilgach, 2024-yilda loyiha takliflarini amalga oshirish uchun 9 nafar NNTlar tanlab olingan bo‘lib, tashkilotimiz ham g‘oliblar qatoridan joy oldi.
Kichik grantlar saralab olingan fuqarolik jamiyati tashkilotlariga qimmatli moliyaviy resurslarni taklif etib, ularga oʻz loyihalarini amalga oshirish va ijobiy ijtimoiy oʻzgarishlarga hissa qoʻshish imkoniyatini beradi. Ushbu tashkilotlar ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan aholining huquqlari va ehtiyojlarini himoya qilish va jamiyat rivojlanishini ragʻbatlantirishda muhim rol oʻynaydi. Grantlar xabardorlik kampaniyalari, seminarlar, inson huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va jamoalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy yordam ko‘rsatish kabi bir qator tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ushbu grantlarni taqdim etish orqali dastur O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshadi. Saralangan fuqarolik jamiyati tashkilotlari oʻz loyihalarini amalga oshirish, tegishli manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish va oʻzlarining diqqat markazida boʻlgan sohalarga mazmunli ta’sir koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Loyiha haqida qisqacha ma’lumot
Loyihaning nomi: «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ular uchun qulay formatlarda birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish»
Loyiha donori: O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi
Loyihaning umumiy budjeti: 122 008 000 soʻm
Loyihaning davomiyligi: 01.03.2024 dan 31.08.2024 gacha
Loyihaning milliy hamkorlari: Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) Yuridik klinikasi
Loyiha quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga (shu jumladan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshlarga) birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish;
- huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish (shu jumladan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshlar uchun);
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi to‘g‘risidagi axborotlarni keng tarqatishga qaratilgan bosma va elektron materiallar/nashrlarni tayyorlash va e’lon qilish.
Loyiha maqsad va vazifalarining qisqa tasnifi:
- Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi bilan ijtimoiy hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga maxsus www.huquqplus.uz huquqiy axborot veb-portalining Telegram-boti orqali yuridik yordam ko‘rsatish;
- aqliy va ruhiy nogironligi bo‘lgan, yetarli darajada savodxonlikka ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun elektron huquqiy materiallarni oson o‘qiladigan formatlarda (oson matn) tayyorlash va nashr etishga e’tibor qaratgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish;
- Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi bilan ijtimoiy hamkorlikda turli nogironligi bo‘lgan shaxslarning, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar birlashmalarining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan konferensiyalar o‘tkazish.
Loyiha arizasida ko‘zda tutilgan tadbirlar doirasida qamrab olinadigan maqsadli aholi guruhlari:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’tibor qaratgan holda turli shakldagi nogironligi mavjud bo‘lgan, jumladan, aqliy va ruhiy nogironlikka ega shaxslar;
- turli shakldagi nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari, aqliy va ruhiy nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- nogironlar jamoat birlashmalari vakillari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) hamda aholining o‘z huquqlarini himoya qilishga muhtoj bo‘lgan boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari
Loyiha ijrochilari:
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov (e-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)
Loyiha koordinatori: Zafarbek Ergashov (e-mail: z.ergashov@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva
