25 aprel, Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti «Ijtimoiy ish» yo‘nalishida tahsil olayotgan 20 dan ortiq 3-bosqich talabalari Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi ofisiga tashrif buyurdi va tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
«SHAROIT PLYUS» NJB rahbari Muhabbat Raximova tashkilot maqsad va vazifalari va amalga oshirayotgan loyihalari haqida taqdimot qildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar va ularning oila a’zolari bilan qanday ishlash kerakligi, ishlash jarayonida nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida talabalar bilan oʻzaro suhbat boʻlib oʻtdi.

Muhabbat Raximova OʻzMU ijtimoiy ish talabalari bilan
«SHAROIT PLYUS» da ilk amaliyot oʻtayotgan «Ijtimoiy ish» yoʻnalishidagi 4-bosqich talabasi Sofiya Akramova nogironligi boʻlgan bolalarning onalari bilan ijtimoiy ishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida oʻz tajribasi bilan boʻlishdi. Hozirda Sofiya «Nogironligi boʻlgan farzandi bor ota-onalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi koordinatori lavozimida faoliyat yuritib kelyapti.

OʻzMU ijtimoiy ish talabalari «SHAROIT PLYUS» ofisida
Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 6-sentyabr Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti bilan tashkilotimiz oʻrtasida 2021-2026 yillarga moʻljallangan oʻzaro hamkorlik toʻg’risida shartnoma imzolangan edi. Ushbu hamkorlikning maqsadlaridan biri «SHAROIT PLYUS» NJB «bazasida talabalar malakaviy amaliyotni oʻtkazishni tashkil etish.
«Ijtimoiy ish» yoʻnalishida tahsil olayotgan va nogironligi boʻlgan shaxslar va ularning oila a’zolari bilan ishlashga qiziqqan talabalarni tashkilotimizda amaliyot oʻtashga taklif etamiz. Iltimos, sharoitplus@gmail.com manzilimizga mavzu satrida “Amaliyot” ni ko‘rsatgan holda yuboring yoki tashkilotimiz rahbari Raximova Muhabbat Axrarovna bilan bog’laning. Tel: +998 (99) 817-24-64.
