Ochiq muloqot: Imkoniyati cheklangan yoshlarning muammolari va ularning yechimlari

2021-yil 13-yanvar kuni Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi tasarrufidagi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon kutubxonasida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan “Imkoniyati cheklangan yoshlar: muammo va yechimlar” mavzusida Toshkent shahar Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari bilan ochiq muloqotda NJB Sharoit+ raisi Muxabbat Raximova ishtirok etdilar.

Mazkur ochiq muloqotda Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari: F.X. Karimova, B.N. Sagatov, A.R. Shermurodov va Sh.T. Siddiqova ishtirok etdilar. Shuningdek Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raxbari M. Rahimova hamda Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati murabbiy va o‘quvchilari faol ishtirok etib o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ochiq muloqot jarayonida. Foto: https://bilim.natlib.uz/bbs/content/1_226593

Imkoniyati cheklangan bolalar ta’limida yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Ko‘pchilikka sezilmaydigan, ammo minglab vatandoshlarimiz uchun dolzarbligicha qolayotgan mavzu yuzasidan qator deputatlar fikrlari bilan qiziqdik. Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputati F.X. Karimova o‘z ma’ruzasida Monomarkaz “Ishga marhamat” band bo‘lmagan aholini jumladan imkoniyati cheklangan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tashkilot haqida batafsil ma’lumot berdi.

F.X. Karimova ta’kidlashicha Monomarkaz faoliyatining asosiy vazifasi respublikaning barcha hududlarida ishsiz aholining, shuningdek imkoniyati cheklangan fuqarolarni bandligini ta’minlashdir. Turli yo‘nalishlarda kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil etish, ishsiz aholini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uyushgan mehnat migratsiyasi va chet elga vaqtincha ishlashga ketayotgan fuqarolarning dastlabki moslashuvida yordam berishdir.

Monomarkazning afzalligi – ta’limning yuqori sifati, kasb o‘zlashtirish uchun yaxshi sharoitlar bilan birga mavzu va mutaxassisliklarni mukammal o‘zlashtirishga yordam beradi.

Muloqot davomida 102-sonli maktab-internati o‘quvchilari bir qator savollar berib kelajakda qanday kasb egalari bo‘lishidan qat’iy nazar tashkilotning ijtimoiy ko‘magidan foydalanish yo‘llarini o‘zlashtirib oldilar. Uchrashuv davomida Olmazor tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari B.N. Sagatov, A.R. Shermurodov o‘quvchilar bilan faol suhbat olib borib kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarida istalgan vaqtda murojaat qilishlarini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Ochiq muloqot jarayonida. Foto: https://bilim.natlib.uz/bbs/content/1_226593

Sh.T Siddiqova imkoniyati cheklangan yoshlarda ruhiy kechinmalarini o‘rganib, hayotga bo‘lgan zavqini oshirish maqsadida Olmazor tumanida joylashgan barcha internatlarda psixologik treninglar o‘tkazish rejalashtirganliklarini aytib o‘tdi. Tadbir so‘nggida Olmazor tumani AKM fondidagi ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan “Qalbim bilan ko‘ra olaman” deb nomlangan Brayl’ yozuvida kitoblar (Relef xarfli) ko‘rgazmasi tashkil etildi.