Sharoit+ jamoaviy video loyihasi haqida ilmiy maqola chop etildi

2020 yil 5 may kuni NJB Sharoit+ raisi Muxabbat Raximova va loyihalar koordinatori Dilmurod Yusupov “O’zbekistonda nogironligi bor shaxslarning turmush sifatini oshirishning tibbiy va ijtimoiy jihatlari” mavzusidagi O’zbekiston Milliy Universiteti Ijtimoiy ish kafedrasi, Sotsiologiya kafedrasi, O’zbekiston nogironlar Uyushmasi, Respublika Bolalar Ijtimoiy Moslashuv Markazi bilan hamkorlikda o’tkazilgan onlayn Respublika (xorijiy ishtirokchilar bilan) ilmiy-amaliy konferentsiyasida ishtirok etishdi.

Zoomda o’tkazilgan onlayn konferentsiyada Sharoit+ “Jamoaviy video orqali jismoniy imkoniyati cheklangan ayollarni ijtimoiy faolligini oshirish” mavzusidagi izlanish taqdimotini qildi. Ilmiy-amaliy konferentsiya natijalariga ko’ra “21 asrda sotsiologiya va ijtimoiy ishning dolzarb muammolari” ilmiy ishlar 4-davriy to’plami nashr etildi. Muxabbat Raximova va Dilmurod Yusupov tayyorlagan ilmiy maqolasi ushbu davriy to’plamda nashr etildi (61-68 betlar). Quyida chop etilgan maqolaning qisqa mazmuni bilan tanishtiramiz:

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan hotin-qizlar jamiyatda to‘laqonli ishtirok etishlari uchun oila ichidagi va atrof-muhit bilan bog‘liq to‘siqlar hamda salbiy munosabatlarga duch kelishmoqda. Nogironligi bo‘lgan ayollar ham jins, ham nogironlik belgisi bo‘yicha erkaklarga qaraganda ko‘proq kamsitish holatlariga uchrashlari mumkin. Nogironligi bo‘lgan ayollar boshqalarga nisbatan ta’lim olish va mehnat qilish imkoniyatlariga ega bo‘lmasliklari mumkin. Natijada ular o‘z holatlaridan uyalib ijtimoiy faolligi sust bo‘lib qoladi. Sherik-maslahati va jamoaviy video ularning o‘zlariga bo‘lgani ishonchini orttirish orqali ijtimoiy madaniy moslashuvini yaxshilaydi va ular kundalik hayotlarida duch kelayotgan muammolarga jamoatchilik e’tiborini jalb qiladi.

Kalit so‘zlar: jamoaviy video, sherik-maslahati, nogironligi bo‘lgan ayollar, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, nogironlar huquqlari, nogironlarning ijtimoiy moslashuvi.”

Maqolani to’liq o’qish uchun shu havola orqali yuklab olishingiz mumkin: Jamoaviy video orqali jismoniy imkoniyati cheklangan ayollarni ijtimoiy faolligini oshirish.