6 va 9-iyun Istanbulda bo‘lib o‘tgan ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konferensiyada «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muxabbat Raximova o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Anjumanda tashkilotimiz raisi Muxabbat Raximova ishtirok etib, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar va nogironligi bo‘lgan farzandi bor ayollarga nisbatan zo‘ravonlik muammolari haqida gapirdilar. Xususan, alohida ehtiyojga ega bo‘lgan bolalar ko‘pincha oilaning buzilishiga sabab bo‘lishi va erkaklar sodir bo‘lgan voqeada ayollarni ayblab, oilani tark etishi bilan bog’liq zo‘ravonlik holatlari haqida ma’ruza qildilar. Shuningdek, ushbu muammolarni hal etish borasida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi jamg’armasi (UNFPA) ma’lumotlariga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan qizlar va ayollar nogironligi bo‘lmagan ayollar va qizlarga qaraganda 10 barobar ko‘proq zo‘ravonlikka duchor bo‘lishadi. Nogironligi bo‘lgan ayollar ko‘proq himoyasiz bo‘lishadi, chunki ularga kerakli shart-sharoitlar yaratilmagan muhitda ularning harakatchanligi cheklangan va boshqalar bilan muloqot qilish qiyin. Zo‘ravonlikka duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng zaif ayollar qatoriga eshitish, ko‘rish, ruhiy-ijtimoiy va aqliy nuqsonlari bo‘lgan ayollar kiradi.

Tadbirda zo‘ravonlikga qarshi fuqarolik tarbiyasining gender jihatlari, gender tengligiga erishishda ijtimoiy innovatsiyalar va o‘zaro hamkorlik, zo‘ravonlikning turli shakllari tahlil qilindi. Ishtirokchilar xavfsizlikni ta’minlashga kompleks yondashuvni ham muhokama qildilar: jismoniy, iqtisodiy, ruhiy, raqamli darajalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashning eng yaxshi amaliyotlari, Istanbul konventsiyasining ahamiyati haqida keng muhokama qildilar.

Konferensiyada 12 davlatdan: Tojikiston, Moldova, O‘zbekiston, AQSH, Ukraina, Xorvatiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Serbiya, Norvegiya kabi davlatlardan 30 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.