2024-yilning 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi binosida, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan shaxslarni bandligini taʼminlash uchun eʼlon qilingan umumiy qiymati 480 mln. soʻmlik davlat ijtimoiy buyurtmasiga topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilib Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi topshirgan loyihasi g‘olibi deb topildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshidagi tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining yig‘ilish boshida Agentlik qachon va nima maqsadda tashkil etilganligi, oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalar ustida ish olib borilayotganligi va boshqalar haqida batafsil ma‘lumot berildi. Shuningdek, Jamoatchilik Kengashi a’zolari davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida kelib tushgan loyihalarini muhokama qildi. Ushbu tadbir shaffoflikni ta’minlash maqsadida keng jamoatchilikni jalb qilishga qaratildi.

Agentlik tomonidan «Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan shaxslarni bandligini taʼminlash uchun eʼlon qilingan umumiy qiymati 480 mln. soʻmlik davlat ijtimoiy buyurtmasi» uchun ariza taqdim qilgan nomzodlar Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi hamda Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati Chilonzor tumani boʻlinmasi tomonidan oʻz loyihalarini amalga oshirish boʻyicha taqdimot qildilar.

“SHAROIT PLYUS” faol xodimi Aziz Abdullayev so‘z boshida tashkilotimiz haqida qisqacha gapirib, so‘ng www.ishplus.uz loyihasi tarixi haqida aytib berdi. Jumladan, www.ishplus.uz loyihasining xizmatlari va mana shu sohada erishgan yutuqlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishdagi mas‘uliyati va mashaqqati haqida aytib o‘tdilar. 3 yil avval 2 nafar koordinatorlar bilan boshlangan bu loyiha hozirgi kunda bu jamoada 6 nafar xodimlar o‘z faoliyatini yuritib kelishmoqda.

NJB "SHAROIT PLYUS" koordinatori Aziz Abdullayev taqdimot qilish jarayonida.

NJB «SHAROIT PLYUS» koordinatori Aziz Abdullayev taqdimot qilish jarayonida.

Yigʻilish davomida, Jamoatchilik kengashi aʼzolari barcha loyihalar bilan tanishib chiqqach, 80 foiz ovoz bilan “SHAROIT PLYUS” loyihasi gʻolib deb eʼlon qilindi. 8 nafar jamoatchilik kengash a’zolariga www.ishplus.uz ma’qul kelib o‘z ovozlarini berishdi va tashkilotimiz 2021-yildan buyon amalga oshirib kelayotgan Ish Plus loyihasi 480-sonli buyruq bilan Davlat ijtimoiy buyurtmasi g‘olibi bo‘ldi.

Agentlik tomonidan ajratilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida 12 oy davomida tashkilotimiz nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, ish joyiga moslashib ketishiga ko‘maklashish, bu orqali ularni jamiyatda mustaqil hayot kechirishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlagan. Vazifalar quyidagilardan iborat:

  • Ishsiz nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarini onlayn shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini izlab topish.
  • 12 oy davomida Toshkent shahrida 300 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish.
  • Ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan xodimlar mehnati huquqlaridan xabardorligini oshirish. Ishga joylashtirilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat munosabatida davom etayotganligini aniqlash maqsadida ular haqida tizimli monitoring olib borish.

Tadbir yakunida, Jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan keyingi yigʻilishlarda bevosita ijtimoiy loyihalarining mavzularini ishlab chiqish va ishtirokchilarni baholash tizimini takomillashtirish bo’yicha fikr va mulohazalar bildirildi.