2023-yil 26-iyul kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari uchun “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi inklyuziyasi” mavzusida trening o‘tkazdi.

Trening o‘tkazilishidan asosiy maqsad Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlarini nogironlik va inklyuziya masalalari haqida bilim-ko‘nikmalarini oshirish bo‘ldi. Ushbu trening 20 dan ortiq xodimlarni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, mavzu doirasida «Nogironlik nima?» «Nogironlik qayerda?» va nogironlikning tibbiy modelidan chiqib, ijtimoiy modelni qo‘llash bo‘yicha interaktiv mashqlar o‘tkazildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jamiyatdagi bor muammo va to‘siqlar, munosabatlar va doimiy duch keladigan stereotiplar haqida so‘z yuritilib, savol-javoblar ham bo‘lib o‘tdi.

Muhabbat Rahimova trening olib borish jarayonida

Trening so‘ngida, “Biz jamiyatimizni inklyuziv qilishimiz uchun qanday ishlarni amalga oshirishimiz mumkin?” mavzusida harakatlar rejasi yaʼni Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini olib borish davomida qanday mavzularga eʼtibor qaratishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatda barcha qatori teng va to‘laqonli ishtirok etishlari uchun rejalar tuzildi.

Trening ishtirokchilari

Trening ishtirokchilari mana shunday treninglar ko‘proq tashkil etilsa albatta foydali bo‘lishini takidlashdi. Nogironlik va inklyuziya masalalari bo‘yicha olgan bilim-ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llashlari haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi. Eslatib o‘tamiz Prezident huzuridagi O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2023-yil 1-iyun tashkil qilingan edi.

Agentlikning asosiy maqsadlaridan biri fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirish, shu bilan birga, aholiga kompleks yondashuvga asoslangan professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy etishdan iborat. Agentlik faoliyati haqida batafsil uning ijtimoiy tarmoqlari orqali bilib olishingiz mumkin.

Diqqat! Agar siz ham oʻz tashkilotingizni inklyuziv qilishni istasangiz, sharoitplus@gmail.com elektron manzilimizga yozing va xat mavzusida «Trening uchun ariza» deb ko‘rsating.