Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkilotimiz amalga oshirib kelayotgan “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” tanlovida g‘olib deb topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-57-son qaroriga muvofiq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” Respublika tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda ishtirok etgan loyihalarda quyidagilar ko‘zda tutilishi lozim edi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni uchun inklyuziv hayot tarzini yaratishga qaratilgan innovatsion g‘oya, yechim va tugallanganligi.
“Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” tanloviga kelib tushgan loyihalarni ko‘rib chiqish va baholash komissiyasi tomonidan baholandi. Tanlov natijalariga ko‘ra Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi xodimi Mamatxanov Ulug‘bek Abdujabborovichning “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi g‘olib deb topildi.
Eslatib o‘tamiz, Ulug’bek Mamatxanov amalga oshirilayotgan loyiha doirasida «Sharoit+» audio podkastlari muharriri sifatida tashkilotimiz Telegram kanalida nogironlik masalalariga oid turli xil mavzularda ochiq suhbatlar tashkillashtirib kelyapti. Ushbu podkastlar bilan vebsaytimizda batafsil tanishing va tinglang.

Ulug’bek Mamatxanov so‘zga chiqdi
Joriy yilning 5-dekabr kuni Xalqaro nogironlar kunida tashkillangan tanlov g’oliblarini taqdirlash marosimida Ulug’bek Mamatxanov so‘zga chiqdi:
«Bu yutuq тogironlik masalalari bo‘yicha harakat qilayotgan barcha faollarning yutug’i deb hisoblayman. Barcha faollarni shu natija bilan tabriklayman. Menga bu loyihani amalga oshirishda yordam berayotgan hamkasblarimga samimiy minnatdorchilik bildiraman”.
Uning ta’kidlashicha, bu kabi tanlov O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan emas, aynan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi qoshida tashkil etilgani yurtimizda nogironlikka nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy model sifatida qarashning birinchi qadamlaridan ekanligini bildiradi.

Tanlov g’olibi va boshqa loyiha mualliflari vazirlikning qimmatbaho sovg‘alariga ega bo‘lishdi
Ulug’bek Mamatxanov bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida (30 million so‘m) bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Hamkasbimizni bunday yutuqlari bilan tabriklaymiz va loyihani yanada rivojlantirishini tilab qolamiz.
Yangilik manbasi: “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” rеspublika tanlovi natijalari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi, 2022-yil, 6-dekabr.
Loyihamiz haqida batafsil: “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish”.
