2024-yil 13-sentyabr kuni AQSh Prezidentining xalqaro nogironlik siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara O‘zbekistonga qilgan safari davomida davlat idoralari rasmiylari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvlardan birida tashkilotimiz raisi Muxabbat Raximova va «PRAXIS PLUS» MChJ ijtimoiy korxonasi direktor vazifasini vaqtinchalik bajaruvchisi Aziz Abdullayev ishtirok etishdi.
AQSh Prezidentining xalqaro nogironlik siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara Oʻzbekistonda inklyuziv taʼlim va raqamli iqtisodiyot bilan bogʻliq boʻlgan nogironlik inklyuziyasini kengaytirish boʻyicha hukumat vakillari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muxabbat Raximova tashkilotimiz umumiy faoliyati va amalga oshirayotgan ijtimoiy loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuvda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik janoblari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi vakolatxonasi inklyuziv ta’lim bo‘yicha mutaxassisi Dr. Joel Runnels, bloger Aqida xonim, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.
Shuningdek, Sara Minkara O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bilan uchrashib, jamiyatning nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan munosabatni o‘zgartirish muhimligi haqida gapirdi.
Surat: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi
Matn: U.S. Bureau of Democracy, Human Rights, and Labor
