2025-yil 26–27-may kunlari Yunusobod tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi ekspertlari tomonidan Yunusobod tumanining ijtimoiy xodimlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar-treningning maqsadi – ijtimoiy xodimlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlarining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, shuningdek, ushbu toifadagi fuqarolar bilan samarali hamkorlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.

“SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muhabbat Raximova treningning asosiy fasilitatori bo‘ldi

Trening davomida quyidagi asosiy jihatlar ko‘rib chiqildi:

  • Nogironlik tushunchasi: inson huquqlari va ijtimoiy inklyuziya nuqtai nazaridan nogironlikning zamonaviy talqini.
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning asosiy ehtiyojlari guruhi: jismoniy, emotsional, ijtimoiy, ta’lim va kasbiy ehtiyojlar.
  • Nogironligi bo‘lgan odamlar duch keladigan to‘siqlar: arxitektura, axborot, psixologik va institutsional to‘siqlar.
  • Etik muloqot va o‘zaro ta’sir tamoyillari: hurmatli munosabat, maxfiylikka rioya qilish, xavfsiz va qulay muhit yaratish.
  • Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar: ehtiyojlarni aniqlash, individual yondashuv, ijtimoiy hamkorlik va sheriklik va boshqalar.

Nogironligi bo‘lgan insonlarning inklyuziyasi bo‘yicha “SHAROIT PLYUS” eksperti Zarina Uzakova trening o‘tkazmoqda

Seminar-trening yakunida “SHAROIT PLYUS” trenerlari ishtirokchilar bilan nogironligi bo‘lgan bolalar bilan ishlovchi maxsus markazlar va faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) ro‘yxatini bo‘lishdi, shuningdek, bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

 

Agar siz ham o‘z tashkilotingizni inklyuziv qilishni istasangiz, bizning ijtimoiy korxonamiz MChJ “PRAXIS PLUS”ga info@praxis.uz elektron pochta manziliga yozing va xat mavzusida “Treningga ariza” deb ko‘rsating. Sizning ehtiyojlaringizga qarab, mutaxassislarimiz sizning inklyuziv rivojlanishingiz uchun maxsus o‘quv dasturini ishlab chiqishadi hamda xodimlaringizning ushbu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishda yordam berishadi.

Matn muallifi: Zarina Uzakova

Muharrir: Dilmurod Yusupov