Joriy yilning 17-yanvar kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) Yuridik klinikasi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasida uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ekspertlarni, TDYU dan iqtidorli talabalarni va malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashga oid qoshma loyihalarni amalga oshirish.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, mavzuga aloqador tadbirlarni tashkil etish hamda soha boyicha hamkorlikda ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini o‘tkazishga qaratilgan sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va tomonlar faoliyatiga har taraflama ko‘mak berishdan iborat.
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi nodavlat notijorat tashkiloti va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Merorandumni yuklab olish uchun havolaga bosing.

Tadbir ishtirokchilari
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri tashkilotimiznig Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan moliyalashtirilayotgan «HuquqPlus.uz – maxsus huquqiy axborot veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish» loyihasini amalga oshirish. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa loyihalarimizga TDYU ning iqtidorli talabalarini va boshqa xodimlarni ishtirokini ta’minlash.

TDYU Yuridik klinikasi rahbari Narziyev Otabek Sa’diyevich
Hamkorlik memorandumini imzolash marosimida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Raximova tashkilotimizning asosiy maqsadi barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlari uchun to‘siqlarsiz inklyuziv jamiyat yaratish ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi raisi Raximova Muhabbat Axrarovna
«2023-yil noyabr oyidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq loyihalarda universitet bilan yaqindan hamkorlik qilishni boshladik. Biz turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatlarda huquqiy maʼlumot beradigan maxsus onlayn platforma www.huquqplus.uz ishlab chiqdik. Hozirgi kunda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish va boshqa to‘siqlarga duch kelgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy maslahatlar taqdim etmoqdamiz», deydi Muhabbat Raximova.

TDYU Yuridik klinikasi hamkorlari bilan jamoaviy surat
Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi volontyorlar assotsiatsiyasi va “Mehr Kо’zda” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ham ishtirok etib TDYU bilan hamkorlik memorandumlarini imzolashdi.

TDYU Yuridik klinikasi hamkorlari bilan jamoaviy surat
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi TDYU rahbariyatiga taklif etilgan hamkorligimizni qo’llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelgusida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish borasida boshlagan hamkorligimiz katta amaliy natijalar beradi degan umiddamiz.
