2023-yil 26-30-avgust kunlari Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasining ikki nafar xodimlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) tomonidan tashkil etilgan “Deputatlik maktabi: Notiqlik san’ati” treningida faol ishtirok etib muvaffaqiyatli tamomlashdi.

2021-yil 7-iyun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasining 29-moddasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etishni amalga oshirish” ko‘zda tutilgan. Ushbu moddani amalga oshirish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha sheriklik fondi (UNPRPD) doirasida O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda «Deputatlik maktabi»ni tashkil etishdi. Maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarni parlament saylovlarida deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etishga ko‘maklashish.

Treningda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va ko‘plab spikerlar nutqlari va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Tashkilotchilar tomonidan har bir partiyadan deputatlar taklif etilib, ishtirokchilar partiyalar ish olib borayotgan harakatlari bilan chuqur tanishdilar. Ushbu trening 2-bosqichda bo‘lib o‘tdi. 1-bosqichida muzokaralarni professional darajada olib borish va ularni nazariyalariga ahamiyat berish kerakligi haqida bilim-ko‘nikmalar berilgan bo‘lsa, 2-bosqichida esa, maruza qilish omma oldida nutq so‘zlash masalalari nazariy va amaliy bilim-ko‘nikmalar berildi.

Trening ishtirokchilar va spikerlari bilan jamoaviy surat

Treningda siyosiy partiyalar bilan ishlash strategiyasi va taktikasi masalalari, shuningdek, taniqli deputatlar, blogerlar (Rasul Kusherboyev, Nikita Makarenko, Dilorom Fayziyeva) va elektron OAV vakillari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Rasul Kusherboyevdan mahorat darsi: Mening blogerlik faoliyatim, O‘zbekiston davlat hokimiyati tizimi, deputat va uning faoliyati mavzularida nutq so‘zlab, ishtirokchilarni bor eʼtiborlarini torta olgan maruzalardan biri bo‘ldi.

«Ushbu maktab menga yangi do‘stlar orttirishga yordam berdi. Mahalliy va xalqaro tajribaga ega bo‘lgan spikerlardan saboq oldik. Muzokaralarni professional darajada olib borishni o‘rgandik. Notiqlik mahoratimizni oshirib blogerlar bilan yaqindan suhbatlashdik. Meni fikrimcha yosh nogironligi bo‘lgan shaxslar jalb qilingani manfaatli bo‘ldi. Ular bilan guruh-guruh bo‘lib, ishlash yoqdi», – deydi Birlashmamiz Kengashi aʼzosi “Toshkent shahrida innovatsion media – loyihalarni amalga oshirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi podkast boshlovchisi Ulug‘bek Mamatxanov.

Ulug’bek Mamatxanov sertifikat bilan taqdirlash marosimida

Ishtirokchilarga notiqlik mahorati darslaridan omma oldida o‘zlarini qanday tutishlari va hayajonlarni yengib o‘tish haqida ko‘plab bilim-ko‘nikmalar berildi. Taniqli jurnalist, bloger, teleboshlovchi, “Makarenko effekti” blogi muallifi Nikita Makarenko. Kun.uz jurnalisti, bloger va publitsist, kun.uz homiyligida yaratilgan ijtimoiy multfilm loyihasi muallifi Shokir Sharipovlar “Ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni yoritish va hal etish” mavzusidagi maruzalaridan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob va o‘zlarini shaxsiy yuritishayotgan bloglari haqida maslahatlar ham olishdi.

Jurnalist, bloger Nikita Makarenko

Nikita Makarenko mahorat darsini o‘tish jarayonida

Gazeta.uz kolumnisti, Buyuk Britaniyadagi Sasseks universiteti qoshidagi Taraqqiyot tadqiqotlari instituti falsafa doktori (PhD) Dilmurod Yusupov «Nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarini ommaviy axborot vositalari orqali hal qilish. NNTlarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi» borasidagi maruzalari barcha NNT rahbarlari va vakillari uchun foydali bo‘ldi.

«Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasida amalda ish faoliyatini olib borayotgan deputatlar bilan tanishdik va har bir partiyani dasturlari bilan tanishdik. Deputatlikka nomzodligimizni qo‘yganimizda qaysi tashkilotlar bilan suhbatlashish samarali bo‘lishi, qaysi mexanizmlardan foydalanish va qanday muzokaralar olib borilganda yutib chiqish yo‘llarini o‘rgandik. Notiqlik darslari hayotimda eng kerakli darslardan biri bo‘ldi va men eng o‘ziga ishongan ishtirokchilardan biri bo‘lib moderatorlik ham qildim», – deydi tashkilotimiz SMM kontent menejeri Madina Po‘latova.

Madina Po‘latova taqdirlash marosimida

“Milliy Tiklanish” partiyasi ekspertlar guruhi aʼzosi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ekspert guruhi aʼzosi Bahodir Qurbonov hamda O‘zbekiston Karlar jamiyati blogi muallifi, “Milliy Tiklanish” partiyasi ekspertlar guruhi aʼzosi Maʼmur Axliddinovlar barcha ishtirokchilar uchun muhim bo‘lgan maʼlumotlar berib, o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun keng sharoit va to‘siqsiz muhitni yaratib bergan “Panarams Tashkent Hotel” ga alohida minnatdorchilik bildiramiz.