Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi 2016-yil 29-dekabrda davlat ro‘yxatiga olingan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar va jamiyat uchun turli xil tadbirlar, loyihalar va treninglar o‘tkazib kelmoqda. Tashkilotimizning joriy yillik hisobot yig’ilishida O‘zbekistonda BMTning ijtimoiy himoyani kuchaytirish qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishplus loyihasi alohida ta’kidlandi.

www.ishplus.uz portali maslahatchisi Yodgor Radjametov loyiha taqdimoti jarayonida
www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish bilan ta’minlash va ish topishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, ish izlovchiga ko‘nikmalari, ish qobiliyati, ish tajribasidan kelib chiqqan holda ayni vaqtda mavjud vakant ish o‘rinlarini taklif etadi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, UNICEF, Xalqaro mehnat tashkiloti va BMT Taraqqiyot Dasturi amalga oshirayotgan BMTning O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani yaxshilash bo‘yicha Qo‘shma Dasturi kichik granti va O‘zbekistonda YXHTning loyihalari koordinatori ko‘magi asosida amalga oshirilyapti. 2021-yil 23-noyabrda ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda ilk bor “Inklyuziv biznes forum» tashkil etilgani ham ta’kidlab o‘tildi.

2021-yil 23-sentyabr tashkil etilgan Birinchi Inklyuziv biznes forumdan jamoaviy surat
Shuningdek, tashkilotimiz uch oy davomida “Toshkent shahrida nogironligi bolgan farzandlari bor ota-onalarning jamoaviy videodan foydalangan holda huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” bo‘yicha tadbirlar olib borgan. Jumladan, “O‘zimizni anglash”, “Qo‘rquvni yengish va ruhni poklash” kabi psixologik treninglar va “Farzandlarni qobiliyatlarini qanday to‘g’ri yo‘naltirish”, “O‘z muammolarini ommaning oldida erkin gapirish” kabi ijtimoiy treninglar tashkil etilgan. Tadbirda “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo’lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” doirasida olib borilgan «Sharoit+» audio podkast loyihasi va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan maxsus intervyular va ochiq suhbatlar haqida gapirildi.

Joriy yilning 16-18 sentyabr tashkil etilgan «Media+» kursidan lavha
Tadbirda joriy yilning sentyabr oyida tajribali spikerlar jamoasi bilan birgalikda jurnalistika va blogging boʻyicha nogironligi bor insonlar uchun «Media+» kursini tashkil etganligi va kursining asosiy maqsadi ishtirokchilarga axborot bilan qanday ishlash va OAV da faoliyat olib borish boʻyicha asosiy bilimlarni qulay tilda taqdim etish ekanligi takidlandi. Tadbirda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savol bilan murojaat qilib, mutaxassislardan javob oldilar. Yig’ilish soʻngida esa tashrif buyurganlar uchun tashkillarshitilgan maxsus konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Konsert dasturidan lavha