Dek 3, 2021 | Yangiliklar
“SHAROIT PLYUS” NJB 2021-yil 1-dekabr amalga oshirayotgan loyihalari bo‘yicha yillik hisobot yig’lishini o‘tkazdi. «Grand Mir» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda birlashmamizning 2021 yil davomida olib borilgan faoliyati va loyihalari haqida to‘liq ma’lumot va hisobot berildi hamda kelgusi rejalar haqida fikrlar almashinildi va takliflar bildirildi.
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi 2016-yil 29-dekabrda davlat ro‘yxatiga olingan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar va jamiyat uchun turli xil tadbirlar, loyihalar va treninglar o‘tkazib kelmoqda. Tashkilotimizning joriy yillik hisobot yig’ilishida O‘zbekistonda BMTning ijtimoiy himoyani kuchaytirish qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishplus loyihasi alohida ta’kidlandi.

www.ishplus.uz portali maslahatchisi Yodgor Radjametov loyiha taqdimoti jarayonida
www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish bilan ta’minlash va ish topishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, ish izlovchiga ko‘nikmalari, ish qobiliyati, ish tajribasidan kelib chiqqan holda ayni vaqtda mavjud vakant ish o‘rinlarini taklif etadi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, UNICEF, Xalqaro mehnat tashkiloti va BMT Taraqqiyot Dasturi amalga oshirayotgan BMTning O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani yaxshilash bo‘yicha Qo‘shma Dasturi kichik granti va O‘zbekistonda YXHTning loyihalari koordinatori ko‘magi asosida amalga oshirilyapti. 2021-yil 23-noyabrda ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda ilk bor “Inklyuziv biznes forum» tashkil etilgani ham ta’kidlab o‘tildi.

2021-yil 23-sentyabr tashkil etilgan Birinchi Inklyuziv biznes forumdan jamoaviy surat
Shuningdek, tashkilotimiz uch oy davomida “Toshkent shahrida nogironligi bolgan farzandlari bor ota-onalarning jamoaviy videodan foydalangan holda huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” bo‘yicha tadbirlar olib borgan. Jumladan, “O‘zimizni anglash”, “Qo‘rquvni yengish va ruhni poklash” kabi psixologik treninglar va “Farzandlarni qobiliyatlarini qanday to‘g’ri yo‘naltirish”, “O‘z muammolarini ommaning oldida erkin gapirish” kabi ijtimoiy treninglar tashkil etilgan. Tadbirda “Innovatsion media loyihalarni amalga oshirish orqali Toshkent shahrida nogironligi bo’lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish” doirasida olib borilgan «Sharoit+» audio podkast loyihasi va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan maxsus intervyular va ochiq suhbatlar haqida gapirildi.

Joriy yilning 16-18 sentyabr tashkil etilgan «Media+» kursidan lavha
Tadbirda joriy yilning sentyabr oyida tajribali spikerlar jamoasi bilan birgalikda jurnalistika va blogging boʻyicha nogironligi bor insonlar uchun «Media+» kursini tashkil etganligi va kursining asosiy maqsadi ishtirokchilarga axborot bilan qanday ishlash va OAV da faoliyat olib borish boʻyicha asosiy bilimlarni qulay tilda taqdim etish ekanligi takidlandi. Tadbirda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savol bilan murojaat qilib, mutaxassislardan javob oldilar. Yig’ilish soʻngida esa tashrif buyurganlar uchun tashkillarshitilgan maxsus konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Konsert dasturidan lavha
Fursatdan foydalanib 2021-yilda birlashmamiz bilan yaqindan hamkorlik qilgan barcha mahalliy va xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, volontyorlar va O‘zbekistonda barcha uchun to‘siqlardan holi va qulay sharoitlar yaratishga befarq bo‘lmagan «SHAROIT PLYUS» NJB faoliyatini qo‘llab-quvvatlaganlarga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. «Grand Mir» mehmonxonasiga doimiy tadbirlarimizni o‘tkazishga amaliy va beg’araz yordam berib turganlari uchun tashakkur bildiramiz.
Birlashmamiz faoliyatiga o’z xissangizni qo’shmoqchi boʻlsangiz Click/Payme orqali homiylik qilishingiz mumkin: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/
Fev 23, 2021 | Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi tashabbusi va NJB «SHAROIT PLYUS» bilan hamkorlikda Samarqand xayriya yarim marafoni doirasida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash muammolari» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazdi.
23 fevral soat 9:00 dan 13:00gacha nogironligi bo‘lgan insonlarni O‘zbekiston mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash muammolariga qaratilgan xalqaro amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Toshkent shahrining Hilton mehmonxonasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi tomonidan tashkil etildi va konferensiyada Zoom orqali xalqaro ekspertlar va jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar ham ishtirok etishdi.
Konferensiyada YuNISEF, EXHT, BMT, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi, NJB «SHAROIT PLYUS» loyihasi rahbari va koordinatori, boshqa tashkilotlar va Rossiyalik aktrisa, «Reakomp» Butunrossiya ko‘zi ojizlar jamiyatining professional reabilitatsiya va kadrlar tayyorlash instituti bitiruvchisi, yuqori toifadagi tiflosharhlovchi Irina Bezrukova ishtirok etadilar. Irina inklyuziya sohasida loyihalarni amalga oshirish bo’yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

Xalqaro mehnat tashkilotining katta texnik maslahatchisi Yonas Astrup konferensiyada Zoom orqali nutq so’zlayapti
BMTning O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani kuchaytirish qo‘shma loyihasi doirasida NJB Sharoit+ amalga oshirayotgan «Maxsus rekruting veb-portali orqali imkoniyati cheklangan insonlarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash» loyihasi koordinatori Anisa Shamsutdinova ham konferensiyada www.ishplus.uz (ishlab chiqish jarayonida) maxsus portali va nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat qilish huquqlari kiritilgan milliy qonunchilik haqida taqdimot qildi.

NJB «SHAROIT PLYUS» loyiha koordinatori Anisa Shamsutdinova taqdimot jarayonida
Shuningdek, loyiha rahbari Dilmurod Yusupov «Buyuk Britaniyaning nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’lminlash tajribasi» haqida taqdimot qildi.

Taraqqiyot Tadqiqotlari Instituti, Sasseks Universiteti doktoranti Dilmurod Yusupov Buyuk Britaniyaning inklyuziv mehnat tajribasi bilan bo’lishmoqda
Tadbir yakunida 2021 yil o‘tkaziladigan Samarqand xayriya yarim marafoni mavzusi sifatida «O‘zbekistonda inklyuziv mehnatni targ’ibot qilish»ga kelishib olindi. Yaqin orada Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi va NJB «SHAROIT PLYUS» o‘rtasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish o‘rinlarni bilan ta’minlash va bu sohada madaniyat muassasalari rolini oshirish maqsadida o‘zaro kelishuv memorandumini tuzish jarayonida.
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz Click yoki Payme orqali loyihamizga homiylik qiling: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/