Iyul 12, 2021 | Yangiliklar
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan “www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi doirasida ijtimoiy sherikchilik munosabatlarini o‘rnatish maqsadida o‘zaro kelishuv memorandumini imzoladi.
Imzolangan memorandum shartlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
- Qonun hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun uch foizli kvota asosida belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni maxsus rekruting veb-portali www.ishplus.uz orqali hususiy va davlat tashkilotlari tomonidan yoritib borishlarini ta’minlaydi;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida, ular uchun ajratilgan uch foizli kvota shuningdek, mehnat bozorida nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik va ular uchun teng sharoitlar yaratish va ularni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligi haqida ish beruvchilar va nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar uchun o‘quv-amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqish (o‘zbek va rus tillarida) va tarqatish;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini, ular uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan mehnat imtiyozlari va preferensiyalar haqida keng jamoatchilik xabardorligini oshirish va tushuntirish ishlarini Birlashma bilan hamkorlikda amalga oshirish;
- Inklyuziv mehnat masalalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maqsadida Birlashma hamda mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda turli hil seminar, treninglar, konferensiyalar, vakansiyalar yarmarkalari va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
- Hamkorlik jarayoni va uning natijalarini Birlashma bilan hamkorlikda monitoring qiladi va baholaydi.
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi:
- Memorandum maqsadlariga erishish uchun ish topishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlashda Vazirlikka ko‘maklashish va ular to‘g‘risida doimiy axborot bilan almashish;
- Inklyuziv mehnat masalalari bo‘yicha Vazirlik va boshqa davlat organlari bilan tajriba almashish;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ochiq mehnat bozorida munosib ish topish jarayonlarida maxsus rekruting veb-portali www.ishplus.uz orqali bevosita ko‘maklashadi va bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalar), amaliyotlar va o‘quv kurslari haqida to‘liq ma’lumotlar bazasini shakillantiradi;
- O‘zbekiston Respublikasi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni asosida Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarninig mehnat manfaatlari va huquqlarini amalga oshirilishi bo‘yicha Vazirlik va boshqa davlat organlari hamda jamoat takshilotlari bilan hamkorlikda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
- Hamkorlik jarayoni va uning natijalarini Vazirlik bilan hamkorlikda monitoring qiladi va baholaydi.
Mazkur memorandum Tomonlar tomonidan imzolangan muddatdan boshlab kuchga kiradi va 2021-yil 31-dekabrgacha o‘z kuchini saqlaydi.
Imzolangan memorandumni yuklab olish uchun havolaga bosing.
Mar 24, 2021 | Yangiliklar
«SHAROIT PLUS» nogironlar jamoat birlashmasining inklyuziv mehnat bo’yicha loyihasi rahbari Dilmurod Yusupov O’zbekiston ish beruvchilar Konfederatsiyasi bilan hamkorlikda mahalliy tadbirkorlar uchun vebinar o’tkazdi.
2021 yil 23 martda «Biznes Klinika» loyihasi doirasida O’zbekiston Ish beruvchilar Konfederatsiyasi Ijrochi direktori Eliko Margishvili ko’magida «Nogironlarni inklyuziv ish bilan ta’minlash – biznes uchun imkoniyatlar» mavzusida vebinar o’tkazildi. Nogironligi bo’lgan ishchilarning afzalliklari, shuningdek soliq imtiyozlari to’g’risida o’zbekistonlik tadbirkorlar o’rtasida xabardorlik oshirildi.

BMTning O’zbekistondagi ijtimoiy himoyani yaxshilash bo’yicha qo’shma dasturining grant ko’magi bilan amalga oshirilayotgan “Maxsus rekruting veb-portali orqali imkoniyati cheklangan insonlarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi rahbari jamiyatimizda shakillangan nogironlarning mehnat qobiliyatlari to’g’risida salbiy stereotiplar haqida batafsil gapirib berdi. Salbiy stereotiplarni yo’q qilib, u inklyuziv ish bilan ta’minlashning asosiy afzalliklari haqida gapirib berdi va bir nechta aniq muvaffaqiyatlar misollarini keltirdi.

Taqdimoti yakunida Dilmurod Yusupov O’zbekistonda nogironlarni ish bilan ta’minlash bo’yicha inklyuziv amaliyotni targ’ib qilish bo’yicha amaliy takliflar, shu jumladan nogironlik masalalari bo’yicha ishbilarmonlar kengashi / forumini yaratish, har yili o’tkaziladigan «Biznes teng imkoniyatlar uchun» forumini tashkil etish, bo’sh ish o’rinlari yarmarkasi, stajirovkalar, nogironlar uchun kasbiy tayyorgarlik kurslari, shuningdek inklyuziv ish beruvchilar uchun davlat attestatsiyasi va motivatsiya tizimini joriy etishni taklif qildi.

Agar siz vebinarni o’tkazib yuborgan bo’lsangiz, quyidagi yozib olingan videoni tomosha qilishingiz mumkin:
Agar siz ish beruvchi bo‘lsangiz va inklyuziv mehnatga befarq bo‘lmasangiz, bizning loyihamizga hamkor bo‘ling va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bo‘sh ish o’rinlari, amaliyot yoki kasbiy tayyorgarlik kurslarini taklif etsangiz xursand bo‘lamiz. Hozircha loyihaning https://t.me/ishplus_uz Telegram-kanalida joylashtiramiz. Shuningdek, biz tashkilotingiz xodimlari uchun o‘xshash treningni tashkil qilishimiz mumkin. Savol va takliflaringizni bizning elektron pochta manzilimizga yuboring: sharoitplus@gmail.com.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziv ish bilan ta’minlash bo‘yicha bizning loyihamizga Click yoki Payme to‘lov tizimlari orqali onlayn homiylik qilishingiz mumkin. Barcha ko‘rsatmalar shu yerda: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/
Fev 7, 2021 | Yangiliklar
Assalomu alaykum Hurmatli Onajonlar,
“SHAROIT PLYUS” Nogironlar Jamoat Birlashmasi nogironligi boʻlgan farzandi bor onajonlarimiz uchun 2021 yil 1-fevral oyidan yangi loyiha “Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ota-onalarni jamoaviy video orqali qo’llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi nogironligi boʻlgan farzandlari bor ota-onalarni va nogironligi bor kishilarni huquqiy imkoniyatlarini kengaytirish. Toshkent shahridagi nogironligi bor bolalarning onalarini va nogironligi boʻlgan shaxslarni jamoaviy video uslubidan foydalangan holda oʻz huquqlarini himoya qilish uchun oʻz salohiyatlarini oshirish.
Ushbu loyiha “SHAROIT PLYUS” NJB maqsadidan kelib chiqib, Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan farzandlari bor ota-onalarning hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoaviy videodan foydalangan holda ularni qiynayotgan huquqiy, psixologik va jamoatchilik bilani bogʻliq muammolari oʻrganish, huquqiy savodxonligini kengaytirish va oʻrganilgan muammmolar oʻzlarining roziligi bilan ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borish. Loyiha jamoat birlashmasi raisi Muxabbat Raximova rahbarligi ostida 2021-yil 1-fevraldan 2021-yil 1-iyulgacha olib boriladi.
Loyihamizga nogironligi boʻlgan farzandi bor onajonlarimizni va nogironligi boʻlgan shaxslarni taklif qilamiz. Agar sizda loyihamizda qatnashish istagi bo’lsa quyidagi raqamlarga murojaat qiling:
Loyiha rahbari: Raximova Muxabbat: +998 99 817-24-64;
Loyiha kordinatori: Qosimova Shodiyaxon: +998 99 306-90-33.
Loyiha haqida batafsil ma’lumot: https://sharoitplus.uz/toshkent-shahrida-nogironligi-bo-lgan-farzandlari-bor-ota-onalarni-jamoaviy-video-orqali-qo-llab-quvvatlash/
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz Click yoki Payme orqali loyihamizga homiylik qiling: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/.
Yan 12, 2021 | Yangiliklar
2021-yil 12-yanvar Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan davra suhbatida ishtirok etishdi. Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Muxitdinov Erkin Madorbekovich, O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Abdurahmonov ishtirok etib mamkalatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi keng muhokama qilindi va 2021-yilga reja qilingan ishlar haqida kelishib olindi.

O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Abdurahmonov
Muhokamada Sharoit+ amalga oshirayotgan “Maxsus rekruting veb-portali orqali imkoniyati cheklangan insonlarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi rahbari Dilmurod Yusupov va loyiha koordinatori Anisa Shamsutdinova faol ishtirok etishdi. Natijada vazirlik bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida, shuningdek, nogironligi bo‘yicha hech qanday kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishdagi teng sharoitlar yaratish va ularni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirishga kelishib olindi.

Muhokama jarayonida
Vazirlikning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra respublikamizda 629,3 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 162,2 ming nafari mehnat faoliyatining muayyan turlarini bajarish uchun layoqatli deb topilgan. Bu ko‘rsatkich jami nogironlarning 25%ni tashkil etadi. Shu jumladan, 7,2 ming nafari 1-guruh, 105,3 ming nafari 2-guruh, 49,7 ming nafari 3-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Mehnatga layoqatli bo‘lgan shaxslarni kasbi bo‘yicha tahlil qilganimizda 5,6 ming nafari o‘qituvchi, 2,7 ming nafari xamshira, 62,1 ming nafari ishchi hamda 60,8 mingdan ortig‘i boshqa kasb egalari bo‘lsa, 31 ming nafarini kasb malakasi yo‘qligi aniqlandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat bozorida turli ko‘rinishdagi to‘siqlar va kamsitishlarga duch kelishmoqda. COVID-19 pandemiyasi va qattiq karantin choralari ularning mehnat huquqlarini boshqalar bilan teng amalga oshirishga qanday ta’sir qildi? Bu haqida batafsil «Inklyuziv mehnat: pandemiya qanday o‘zgartirishlar kiritdi?» maqolasida o‘qishingiz mumkin.
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz Click yoki Payme orqali loyihamizga homiylik qiling: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/
Dek 21, 2020 | Yangiliklar
Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi 2016-yil 29-dekabrida davlat ro’yxatidan o’tgan nodavlat notijorat tashkilot (NNT). Bizning tashkilotimiz faqatgina nogironligi bor insonlarni emas, balki O’zbekistonda hamma uchun to’siqlardan holi va inklyuziv jamiyatni yaratishda ularga yordam berishni istagan barchani birlashtiramiz. Jamoamiz bilan hamkorlika 12 oylik loyihani amalga oshirish uchun Loyiha koordinatorini izlayapmiz.
Vazifalar:
- maxsus rekruting veb-portalida nogironligi bo’lgan ariza beruvchilarning rezyumesi ma’lumotlar bazasi asosida nogironligi bo’lgan malakali xodimni tanlash uchun O’zbekistonda potentsial ish beruvchilar (yirik xususiy kompaniyalar va davlat idoralari) bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatish va hamkorlikni muvofiqlashtirish.
- xususiy va davlat sektori vakillarini nogironlarni ularning potentsial fazilatlaridan kelib chiqqan holda va O’zbekistondagi nogironlarni ish bilan ta’minlashning muvaffaqiyatli namunalari asosida ishga yollashga ishontirish va rag’batlantirish (o’rnak modellarini targ’ib qilish).
- maxsus rekruting veb-portalida nogironlar uchun ochiq bo’sh ish o’rinlari to’g’risidagi ma’lumotlarni yuklash va potentsial ish beruvchilarning talabi va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda nogironligi bo’lgan ish izlovchilarni saralash.
- potentsial ish beruvchilarga nogironlarni ish bilan ta’minlashning afzalliklari to’g’risida O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq (ish beruvchilarning nogironlarni ish bilan ta’minlashning afzalliklari va preferensiyalari to’g’risida xabardorligini oshirish, nogironlar uchun 3% mehnat kvotasi, kompaniyaning imidjini oshirish va uning korporativ ijtimoiy ma’suliyatini oshirish) va va boshqalar.
- potentsial ish beruvchilar va nogironligi bo’lgan ish izlovchilar uchun nogironlik va nogironligi bo’lgan insonlarni ish bilan ta’minlashni tartibga soluvchi qonunchilik va huquqiy-normativ hujjatlar bo’yicha seminarlar / treninglar o’tkazish
- turli xil nogironligi bo’lgan ish izlovchilarga onlayn va telefon orqali amaliy yordam ko’rsatish (portalda rezyumeni to’g’ri to’ldirishda ko’maklashish)
Ish tartibi: moslashuvchan ish jadvali
Ish joyi: online va offlayn
Ish davomiyligi: 12 oy (2021-yil yanvardan 2022-yil yanvargacha)
Talablar:
- minimal ta’lim talablari: to’liq o’rta ma’lumot yoki kollej darajasida kasb-hunar ta’limi yoki tugallangan oliy ma’lumot
- O’zbekistonda nogironlarning mehnat huquqlarini himoya qilish bo’yicha mehnat qonunchiligini qo’llash sohasida minimal ish tajribasi
- tilni bilish talablari: o’zbek va rus tillarini mukammal bilish, ingliz tilini majburiy emas ammo kerakli darajada bilish katta plyus hisoblanadi
- Ushbu vakansiyaga nogironligi bo’lgan shaxsni qabul qilish tavsiya etiladi, u allaqachon O’zbekistonda mehnat qilish bilan bog’liq muammolarga duch kelgan va yo’lidagi barcha to’siqlardan muvaffaqiyatli o’tish tajribasiga ega nogironligi bo’lgan shaxs ushbu lavozimga kuchli nomzod bo’ladi. Shuningdek, biz ushbu vakansiyaga nogironligi bo’lmagan shaxslardan ham arizalarni qabul qilishga ochiqmiz.
To’lov shartlari: Oyiga 2 500 000 so’m to’lov shartnoma yoki shtat jadvaliga binoan 100% naqd pulsiz to’lov shaklida loyiha koordinatorning shaxsiy hisob raqamiga o’tkaziladi. To’lov har oy oxirida NJB Sharoit+ raisi tomonidan tasdiqlangan bir oy davomida bajarilgan ishlar to’g’risidagi hisobotga muvofiq bajarilgan ishlarning dalillari bo’yicha amalga oshiriladi.
To’liq rezyume va motivatsiya xatlaringizni elektron manzilimizga: sharoitplus@gmail.com 2021-yil 4-yanvarga qadar yuboring. Motivatsiya xatida uchta savolga javob bering:
- Nega aynan siz ushbu vakansiyaga loyiq nomzodsiz?
- Nogironligi bo’lgan insonlarni mehnat qilish sohasida qanday tajribaga egasiz?
- Nogironligi bo’lgan insonlarni munosib ish o’rinlari bilan ta’minlash uchun nima qilish kerak?