“SHAROIT PLYUS” NJB eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxatida 42-chi o‘rinni egalladi

“SHAROIT PLYUS” NJB eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxatida 42-chi o‘rinni egalladi

“SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi 2021-yil bo‘yicha «Eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari top – 50» ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) 2022-yil 31-yanvar e’lon qilgan bayonotidan ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil nodavlat notijorat tashkilotlari (NNTlar) faoliyatining «Ochiqlik indeksi»ni shakllantirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan NNTlar faoliyatining shaffoflik darajasini baholash metodikasi ishlab chiqilgan edi.  Mazkur metodika asosida 100 dan ortiq respublika NNTlari tomonidan 2021 yildagi faoliyati yuzasidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zNNTMA tomonidan baholash ishlari amalga oshirildi.

Ochiqlik (shaffoflik) standarti nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘z vazifa va maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonda oshkoralikni taʼminlashga xizmat qilib, faoliyatning ochiqligi, qonuniyligi, korrupsiyadan holiligi, hisobdorligi, shuningdek, ish uslubi va boshqaruvning ishonchliligi hamda samaradorligini taʼminlashga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.

Ilk bor amalga oshirilgan baholash natijalariga ko‘ra 2021 yil yakuni bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida eʼlon qilingan «Ochiqlik indeksi»da ishtirok etgan NNTlar ro‘yxatida «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi 42-chi o‘rinni egalladi. Ushbu natijaga ko‘ra tashkilotimiz nogironlar jamoat birlashmalari orasida O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatidan keyin 2-chi o‘rinni egalladi. Tashabbuskor nogironlar jamoat birlashmalari orasida eng yaxshi natijani qo‘lga kiritdik desa ham mubolag’a bo‘lmaydi.

Ochiqlik va shaffoflik bo‘yicha erishgan yutug’imiz bilan barcha birlashmamiz a’zolarini tabriklaymiz va 2022-yil erishilgan ko‘rsatkichni yanada yaxshilashga harakat qilamiz!