Joriy yilning 4-may kuni Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi mutaxassislari “HuquqPlus“ loyihasi doirasida “Nogironlik tushunchasi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari” mavzusida loyihada volontyor sifatida faoliyat yuritayotgan Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) talabalari bilan trening o‘tkazdi.

HuquqPlus loyihasi TDYU bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani haqida avval xabar bergan edik.

Treningni TDYU Yuridik klinikasining uslubchisi Javoxir Eshonqulov va Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasi rasi Muxabbat Raximova ochib berishdi

Trening onlayn va oflayn shaklda, inklyuziv muhitda tashkil etildi. Treningda, volontyor-talabalarga nogironlik tushunchasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari haqida tushuncha berildi.

Treningi NJB «SHAROIT PLYUS» raisi Muxabbat Raximova, HuquqPlus loyiha rahbari Dilmurod Yusupov va HuquqPlus loyihasi huquqshunosi Aziz Abdullayev olib borishdi

Trening mavzusi atroflicha ko‘rib chiqilib, talabalar bilan muhokama qilindi. Trening jamoaviy ishlash, o‘yin, video va atama tahliliga qaratilgan bahs-munozara ko‘rinishida tashkil etildi. Tajribalar almashinib, mavzuga aloqador masala va muammolar atroflicha tahlil qilindi.

Trening ishtirokchilar TDYU Yuridik klinika volontyorlari va talabalari

Hozirda yuridik universitet talabalari, ko‘ngilli volontyorlari orasida o‘z bilim-salohiyati va mehnati bilan bizning ishonchimizga sazovor bo‘lgan talabalarning ayrimlari loyihamizda ishga joylashishga ham muvaffaq bo‘lishdi.

Guruh muhokamalari jarayonida

«Shaxsan o‘zingiz uchun bu trening qanday natijalar berdi?» degan savolga ishtirokchilar quyidagi javoblarni berishdi:

Nogironlik tushunchasi, nogironlik huquqlari to‘g‘risidagi qonun va ularning huquqlarini bilib oldik.

Atamalarni va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday to‘g‘ri murojaat qilishni o‘rgandim, huquqiy tarafdan savodxonligim oshdi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar hayotimizning ajralmas qismi ekanini tushundim.

Men nogironlarni tushunishni boshladim Nogironlarga nisbatan to‘g‘ri fikrlashni o‘rgatdi.

Guruh muhokamasi

Trening ishtirokchilari kelajakda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini amaliyotda qo‘llash tartibi va ularning hozirgi kundagi ijrosi haqida chuqurroq ma’lumot olishga istak bildirishdi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim, mehnat, siyosiy va boshqa huquqlari va imtiyozlari haqidagi savodxonlikni oshirish maqsadida ko‘proq treninglarni tashkil etishni taklif qilishdi.

Guruh muhokamasi

Biz jamoamiz nomidan Toshkent davlat yuridik universitetiga, yuridik klinikaga, loyihamizda ko‘ngilli-volontyor sifatida faoliyat olib borayotgan talabalarga minnatdorchiligimizni bildiramiz va hamkorligimiz yanada uzoq va samarali davom etishiga ishonamiz.

Foto: Adolat Abdulaminova